Yillik inflyatsiya darajasini 2023 yilgacha 5%gachapasaytirish, shuningdek, davlat budjeti taqchilligini kamaytirish, uning hajmini 2023 yildan boshlab YAIMga nisbatan 3 foizdan ko‘p bo‘lmagan darajada ta’minlash rejalashtirilgan. Har bir tuman budjetining kamida 5% «Fuqarolar budjeti» dasturi doirasida aholining takliflari asosida aniqlangan eng dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltiriladi. Tashqi qarz darajasi yiliga 4,5 mlrd dollardan oshmaydi. YAIMda sanoat ulushini oshirib, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun mashinasozlik, kimyo, neft-gaz, energetika, kon-metallurgiya sanoati, transport sohalaridagi 23 ta yirik korxonalar mustaqil ravishda ichki va tashqi moliya bozorlariga chiqishi, xalqaro kredit reytingini qo‘lga kiritish orqali investitsiya loyihalariga mablag‘ jalb etishi kerak.
Bundan tashqari, energetika sohasida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish doirasida elektr energiyasini yetkazib berishda monopoliyani bekor qilish, sohada bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlarini ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda liberallashtirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol standartlarini kiritish rejalashtirilgan. Iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga neft-gaz mahsulotlari uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, mis sanoati klasterini tashkil etish orqali mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravar ko‘paytirish hamda 8 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarish kutilmoqda.