ergologiya – mehnatda eng kam kuch-quvvat sarf qilgan holda eng yuqori natijalarga erishish to’g’risidagi fan;
praksiologiya – eng yuksak natijalarga erishishning maqbul texnologiyalarini ishlab chiqarish bilan shug’ullanadigan fan;
ergonomika – insonning mehnat vositalari bilan o’zaro munosabatlarini o’rganadigan fan;
antropometriya – mehnat faoliyati bilan mashg’ul insonning funksiyali organlarini o’lchashga yo’naltirilgan fan;
biomexanika – mehnat jarayoni davomida inson mushak kuch-quvvatining samarali sarfini o’rganadigan fan va boshqalar
Mehnat iqtisodiyoti fanini o’rganishda mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi fani asosiy metodologik asos hisoblanadi. Chunki, bir tomondan, mehnatning ijtimoiy funksiyalari va ikkinchi tomondan, mehnat munosabatlarini tartibga solishdagi iqtisodiy funksiyalari birga olib borilishi nazarda tutiladi. Bu ikki funksiya mehnat munosabatlari shakllanishining ikki tomonlama mohiyatini aniqlab beradi.
Mehnat iqtisodiyoti iqtisodiy qonunlarning mehnat sohasida amal qilish mexanizmini, ularning mehnatni ijtimoiy tashkil etishda namoyon bo’lish shakllarini o’rganadi. Bunda mehnat iqtisodiyoti uchun mehnat jarayonida mahsulot narxining shakllanishi katta qiziqish uyg’otadi. Ayni paytda mazkur fan uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko’rsatishning turli bosqichlarida mehnat sarfini aniq hisobga olishi bilan ham muhimdir. Mehnat iqtisodiyoti ish bilan bandlikni ta‘minlash, yangi ish o’rinlarini yaratish, ishlab chiqarish va inson kapitaliga investitsiyalarni rag’batlantirish bo’yicha amalga oshadigan iqtisodiy-moliyaviy munosabatlarni hamda mehnat bozori konyunkturasiga mos ishchi kuchi bahosining shakllanish mexanizmlarini, uning tashkiliy-iqtisodiy jihatlarini tadqiq etadi.
Mehnat sotsiologiyasi uchun esa, birinchi navbatda, ishchi kuchi va ish beruvchilar hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishda ishtirok etadigan xodimlar o’rtasidagi mehnat munosabatlari ahamiyatlidir. Ish bilan bandlik xizmati faoliyati va ish bilan bandlikni ta‘minlash holatini tahlil etishda mehnat sotsiologiyasida ham, mehnat iqtisodiyotida ham mazkur fanlar uchun umumiy bo’lgan, ayni paytda bu fanlar har biriga xos kategoriyalar qo’llaniladi.