1.1. SHaxslararo munosabatlarda muloqotning ahamiyati
Muloqot odamlar amalga oshiradigan faoliyatlar ichida yetakchi oʻrinni egallab, u insondagi eng muhim ehtiyojni — jamiyatda yashash va oʻzini shaxs deb hisoblash bilan bogʻliq ehtiyojini qondiradi. SHuning uchun ham uning har bir inson uchun ahamiyati kattadir. Muloqot - odamlarning birgalikdagi faoliyatlari ehtiyojlaridan kelib chiqadigan turli faolliklari mobaynida bir-birlari bilan oʻzaro munosabatlarga kirishish jarayonidir. Yahni, har bir shaxsning jamiyatda bajaradigan faoliyatlari (mehnat, oʻqish, oʻyin, ijod qilish va boshqalar) oʻzaro munosabat va oʻzaro tahsir shakllarini oʻz ichiga oladi. CHunki har qanday ish odamlarning bir-birlari bilan til topishishni, bir-birlariga turli xil mahlumotlarni uzatishni, fikrlar almashinuvi kabi murakkab hamkorlikni talab qiladi. SHuning uchun ham har bir shaxsning jamiyatda tutgan oʻrni, ishlarining muvaffaqiyati, obroʻsi uning muloqotga kirisha olish qobiliyati bilan bevosita bogʻliqdir.
Bir qarashda osongina tuyulgan shaxslararo muloqot aslida juda murakkab jarayon boʻlib, unga odam hayoti mobaynida oʻrganib boradi. Muloqotning psixologik jihatdan murakkab ekanligi haqida B.F.Parigin shunday yozadi: «Muloqot shunchalik koʻp qirrali jarayonki, unga bir vaqtning oʻzida quyidagilar kiradi:
a) individlarning oʻzaro tahsir jarayoni;
b) individlar oʻrtasidagi axborot almashinuvi jarayoni;
v) bir shaxsning boshqa shaxsga munosabati jarayoni;
g) bir kishining boshqalarga tahsir koʻrsatish jarayoni;
d) bir-birlariga hamdardlik bildirish imkoniyati;
e) shaxslarning bir-birlarini tushunishi jarayoni».
Aslida har bir insonning ijtimoiy tajribasi, uning insoniy qiyofasi, fazilatlari, xattoki, nuqsonlari ham muloqot jarayonlarining mahsulidir. Jamiyatdan ajralgan, muloqotda boʻlish imkoniyatidan mahrum boʻlgan odam oʻzida individ sifatlarini saqlab qolishi mumkin, lekin u shaxs boʻlolmaydi. SHuning uchun muloqotning shaxs taraqqiyotidagi ahamiyatini tasavvur qilish uchun uning funkqiyalarini tahlil qilamiz.
Har qanday muloqotning eng elementar funktsiyasi - suhbatdoshlarning oʻzaro bir - birini tushunishlarini tahminlashdir. Bu oʻzbeklarda samimiy salom - alik, ochiq yuz bilan kutib olishdan boshlanadi. Oʻzbek xalqining eng nodir va buyuk hislatlaridan biri ham shuki, uyiga birov kirib kelsa, albatta ochiq yuz bilan kutib oladi, koʻrishadi, soʻrashadi, xol - ahvol soʻraydi. SHunisi xarakterliki, tahziyaga borgan chogʻda ham ana shunday samimiyatli qabulni his qilamiz. Uning ikkinchi muhim funktsiyasi ijtimoiy tajribaga asos solishdir. Odam bolasi faqat odamlar davrasida ijtimoiylashadi, oʻziga zarur insoniy xususiyatlarni shakllantiradi. Odam bolasining yirtqich hayvonlar tomonidan oʻgʻrilanib ketilishi, soʻng mahlum muddatdan keyin yana odamlar orasida paydo boʻlishi faktlari shuni koʻrsatganki, «mauglilar» biologik mavjudot sifatida rivojlanaveradi, lekin ijtimoiylashuvda ortda qolib ketadi. Bundan tashqari, bunday xolat boladagi bilish qobiliyatlarini ham cheklashi koʻplab psixologik eksperimentlarda oʻz isbotini topdi.
Muloqotning yana bir muhim vazifasi - u odamni u yoki bu faoliyatga hozirlaydi, ruhlantiradi. Odamlar guruhidan uzoqlashgan, ular nazaridan qolgan odamning qoʻli ishga ham bormaydi, borsa ham jamiyatga emas, balki faqat oʻzigagina manfaat keltiradigan ishlarni qilishi mumkin. Masalan, koʻplab tadqiqotlarda izolyatsiya, yahni odamni yolgʻizlatib qoʻyishning uning ruhiyatiga tahsiri oʻrganilgan. Masalan, uzoq vaqt termokamerada boʻlgan odamda idrok, tafakkur, xotira, hissiy xolatlarning buzilishi qayd etilgan. Lekin ataylab emas, taqdir taqozosi bilan yolgʻizlikka mahkum etilgan odamlarning maqsadli faoliyatlar bilan oʻzlarini band etishlari u qadar katta salbiy oʻzgarishlarga olib kelmasligini ham olimlar oʻrganishgan. Lekin baribir har qanday yolgʻizlik va muloqotning yetishmasligi odamda muvozanatsizlik, hissiyotga beriluvchanlik, xadiksirash, xavotirlanish, oʻziga ishonchsizlik, qaygʻu, tashvish hislarini keltirib chiqaradi. SHunisi qiziqki, yolgʻizlikka mahkum boʻlganlar mahlum vaqt oʻtgach ovoz chiqarib, gapira boshlasharkan. Bu avval biror koʻrgan yoki his qilayotgan narsasi xususidagi gaplar boʻlsa, keyinchalik nimagadir qarab gapiraverish ehtiyoji paydo boʻlar ekan. Masalan, bir M.Sifr degan olim ilmiy maqsadlarini amalga oshirish uchun 63 kun gʻor ichida yashagan ekan. Uning keyinchalik yozishicha, bir necha kun oʻtgach, u turgan yerda bir oʻrgimchakni ushlab oladi va u bilan dialog boshlanadi. «Biz, deb yozadi u shu hayotsiz gʻor ichidagi tanho tirik mavjudotlar edik. Men oʻrgimchak bilan gaplasha boshladim, uning taqdiri uchun qaygʻura boshladim...»
SHaxsning muloqotga boʻlgan ehtiyojining toʻla qondirilishi uning ish faoliyatiga ham tahsir koʻrsatadi. Odamlar, ularning borligi, shu muhitda oʻzaro gaplashish imkoniyatining mavjudligi fakti koʻpincha odamni ishlash qobiliyatini ham oshirarkan, ayniqsa, gaplashib oʻtirib qilinadigan ishlar, birgalikda yonma - yon turib bajariladigan operatsiyalarda odamlar oʻz oldida turgan hamkasbiga qarab koʻproq, tezroq ishlashga kuch va qoʻshimcha iroda topadi. Toʻgʻri, bu hamkorlikda oʻsha yonidagi odam unga yoqsa, ular oʻrtasida oʻzaro simpatiya hissi boʻlsa, unda odam ishga «bayramga kelganday» keladigan boʻlib qoladi. SHuning uchun ham amerikalik sotsiolog hamda psixolog Jon Moreno asrimiz boshidayoq ana shu omilning unumdorlikka bevosita tahsirini oʻrganib, sotsiometrik texnologiyani, yahni soʻrovnoma asosida bir - birini yoqtirgan va bir - birini inkor qiluvchilarni aniqlagan va sotsiometriya metodikasiga asos solgan edi.
SHunday qilib, muloqot odamlarning jamiyatda oʻzaro hamkorlikdagi faoliyatlarining ichki psixologik mexanizmini tashkil etadi. Qolaversa, hozirgi yangi demokratik munosabatlar sharoitida turli ishlab chiqarish qarorlarini yakka tartibda emas, balki kollegial - birgalikda chiqarish ehtiyoji paydo boʻlganligini hisobga olsak, odamlarning muomala madaniyati va muloqat texnikasi mehnat unumdorligi xamda samaradorlikning muhim omillaridandir.