Mavzuning o‘rganilganlik darajasi.Yozma ishlarni o‘tkazish metodikasi fanining asosiy maqsadi Davlat ta’lim standartlari asosida bo‘lajak pedagog kadrlarni mutaxassislik fanlarining o‘rganish obyekti, tilshunoslik asoslari, mazkur fanning boshqa sohalar bilan aloqasi haqida ma’lumot berish, talabalarni tilshunoslik fanining asosiy tushunchalari, kategoriyalari haqidagi bilimlar bilan qurollantirish, talabalarda olingan bilimlarni amalda qo‘llay olish malakasini shakllantirishdan iborat.
Kurs ishining maqsadi va vazifasi.Ushbu kursni o‘qitishda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari quyidagilardan iborat:
- o‘qitishning interaktiv usulini qo‘llash uchun har xil «ishchan o‘yinlar» ishlab chiqish va amalgam oshirish;
- xorijiy universitetlar professorlari tomonidan o‘qilgan ayrim ma’ruzalarni texnika vositalari orqali talabalarga namoyish etish;
- masofaviy o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha kompyuterda bajariladigan dasturlardan foydalanish va boshqalar.
Kurs ishining ilmiy va amaliy ahamiyati.Yozma ishlarni tashkil etish metodikasi fani barcha fanlar bilan bog‘liq, ko‘p fanlar uchun asos hisoblanadi. Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishidagi fanlarda yozma ishlarga oid tushunchalaridan foydalaniladi.Bugungi kunda ona tili ta’limi oldiga o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda to‘g‘ri va ravon bayon qiladigan, kitobxonlik madaniyati shakllangan, mustaqil va ijodiy fikrlay oladigan, o‘zgalar fikrini anglaydigan – muloqot va nutq madaniyati rivojlangan shaxsni kamol toptirish maqsadi qo‘yilgan. Mazkur maqsadni amalga oshirish, o‘quvchilarning nutqiy kompetensiyasini DTS darajasida shakllantirishda Yozma ishlarni tashkil etish metodikasi fanining alohida o‘rni bor.
2016-yil 13-mayda Respublika Birinchi Prezidenti tomonidan e’lon qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonda ham o‘zbek tili ravnaqini ta’minlaydigan, takomiliga xizmat qiladigan, dunyo miqyosidagi nufuzini oshiradigan, tilshunoslik sohasini rivojlantiradigan, til ta’limini takomillashtiradigan mutaxassis-kadrlar tayyorlash” masalasi alohida tilga olingan.
Yozma ishlarni tashkil etish metodikasi fani bo‘lajak o‘qituvchilarga yozma nutqni rivojlantirishning asosiy vositalaridan bo‘lgan yozma ishlarning mazmuni va xususiyatlari, turlari, ularni tashkil etish metodlari, yozma ishlarning o‘zbek tili ta’limidagi o‘rni, DTSda yozma ishlarga qo‘yiladigan umumiy talablar haqida atroflicha bilim berish, ularda fanga oid ko‘nikma va malalakalarni shakllantirishdan iborat.
Mazkur fan umumkasbiy fan hisoblanadi va uni o‘qitishda Hozirgi o‘zbek adabiy tili, O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi kabi fanlardan egallangan bilimlarga tayaniladi.
Yozma ish va topshiriqlarning har qanday ko‘rinishi mumtoz asarlar mohiyatini o‘zlashtirishda, milliy qadriyatlarni anglashda muhimdir. Ayniqsa, adabiy mavzudagi insholarning asosiy maqsadi o‘tmish va bugunning manfaatlarini umumlashtirishga qaratilgan. Yozma ishlarga e’tibor faqatgina milliy pedagogik tajribada emas, xorij ta’limi va baholash tizimida ham kuzatiladi. Masalan, keng yoyilgan til o‘qitish dasturlari hisoblangan IELTS, TOEFL tizimlarida 60 daqiqalik umumiy mavzuda esse yoki insho yozish, 50 daqiqa mobaynida o‘qiganlari hamda eshitganlari bo‘yicha savollarga javob tarzida yoki o‘zi bilgan mavzuni dalillar, ma’lumotlarga tayangan holda yozma tarzda asoslab berish talablari keltirilgan.
Fan bo‘yicha talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalariga quyidagi talablar qo‘yiladi. Talaba:
– yozma ish turlari, yozma ishlarni tashkil etishning mazmuni, tamoyillari, metodlari, shakli hamda vositalari haqidagi bilimlarga ega bo‘lishi;
– yozma ishlarni tashkil etish metodlarini to‘g‘ri tanlash, yozma ishlar tahlili va uni o‘tkazishdagi muammolar yechimlarini topa olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi;
– o‘quvchilar yozma nutqida uchrashi mumkin bo‘lgan xatolarni prognoz qila va
ularning oldini ola bilish malakalariga ega bo‘lishi kerak.
Har tomonlama bilimli, malakali, muayyan tajribaga ega bo‘lgan, nutq madaniyati talablarini to‘liq o‘zlashtirgan, an’anaviy milliy pedagogika hamda rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasidan, eng so‘nggi zamonaviy yutuqlaridan boxabar, og‘zaki va yozma nutqi ravon mutaxassis-kadrlarni tayyorlashda mazkur o‘quv fani dolzarb ahamiyat kasb etib, uning oliy kasbiy ta‘limdagi o‘rnini ko‘rsatadi.