Kirish Respublikamizda sog‘liqni saqlash hamda jismoniy tarbiya va sport sohalarini isloh qilish yuzasidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda ushbu tizimlarni takomillashtirish barobarida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga mazkur sohada davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ahamiyat qaratilmoqda.
Jumladan, 2025 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, 2022 yilga qadar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyalari hamda sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi va ijroga qaratildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, jismoniy faollik hamda ovqatlanish me’yor va qoidalariga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan taom va shirinliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish, shuningdek, yetarli darajada vitamin va minerallar iste’mol qilmaslik oqibatida yoshlarda ratsional o‘sish va aqliy rivojlanishda ortda qolish, kattalarda esa yurak qon-tomir, endokrin, xavfli o‘sma kabi insonning erta o‘limiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan olingan saboqlar kasallikning og‘irligi va o‘lim holatlarining katta qismi noto‘g‘ri turmush tarzi tufayli kelib chiqadigan yo‘ldosh kasalliklar bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatdi.
Aholining sog‘lom ovqatlanishi va jismoniy faolligini ta’minlashda davlat siyosatini yanada mustahkamlash, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, har bir fuqaroda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik madaniyatini shakllantirish maqsadida o’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.