Ikkinchidan, mamlakatimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolar totuvligi, o’zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko’z qorachig’idek saqlash hamda mustahkamlashdek ustuvor vazifaga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko’rsatib o’tildi. Jamiyatimizda hukm surayotgan o’zaro do’stlik va hamjihatlikni yanada rivojlantirish, qaysi millat, din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun teng huquqlarni ta’minlash e’tibor markazida bo’ladi. Ularning o’rtasiga nifoq soladigan ekstremistik va radikal g’oyalarni tarqatishga O’zbekistonda mutlaqo yo’l qo’yilmaydi.
Uchinchidan,xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo’yadigan adolat tuyg’usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa bo’lib qoladi. Bu borada buyuk sohibqiron Amir Temurning: «Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo’lsin!» degan chuqur ma’noli so’zlari har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur. Bu masala, eng avvalo, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, butun sud tizimi, prokuratura, ichki ishlar, nazorat organlari rahbarlari va xodimlarining, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakilining bevosita vazifasidir. Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo’l qo’ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani to’g’risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo’yicha qat’iy choralar ko’rilishi talab etiladi.
To’rtinchidan,iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlar bilan o’sishini ta’minlashdek muhim tamoyil va ustuvor vazifani amalga oshirish, davlat rahbari uchun strategik vazifa bo’lib qoladi. Biz avvalo iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish borasidagi ishlarimizni yanada chuqurlashtirish, uning soha va tarmoqlarini tarkibiy jihatdan o’zgartirish bo’yicha boshlangan ishlarni jadallashtirishimiz kerak. Tarmoqlar va hududlarni modernizatsiya qilish, ularning raqobatdoshlik darajasini oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari doimiy e’tiborimiz markazida bo’lishi lozim. Aynan shu asosda 2030-yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 2 barobardan ziyod ko’paytirishga erishishimiz darkor. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini strategik asoslangan darajada qisqartirish, xususiy mulkni yanada rivojlantirish va uni himoya qilishga doir kompleks masalalarni hal etish - hukumat, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajadagi hokimliklar uchun eng muhim ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.