2. O‘zbek modeli o‘zining nazariy va amaliy jihatlariga ega.
3. Bozor munosabatlariga o‘tishning besh tamoyili:
O‘zbek modelining asosiy tamoyillari
O‘zbek modelining asosiy tamoyillari Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mustaqillikning dastlabki yillarida ishlab chiqilgan. U jamiyatimiz hayotini har tomonlama isloh etish va bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin, adolatli demokratik davlat qurishning strategik yo‘lidir.
Mamlakatimiz o‘zining ana shu maqsadlariga erishish uchun taraqqiyotning o‘ziga xos yo‘lini tanladi. Milliy istiqlol g‘oyasi ana shu yo‘ldan borayotgan xalqimizni pirovard maqsadlarga yetaklaydi, taraqqiyotning o‘zbek modelini amalga oshirishga yordam beradi. Taraqqiyot modeli deb, muayyan davlat tomonidan bir ijtimoiy tuzumdan ikkinchi ijtimoiy tuzumga o‘tish yoki biron-bir jamiyatdagi umrini o‘tab bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni zamonaviy talablar asosida isloh etish borasida tanlab olingan rivojlanish yo‘liga aytiladi.
O‘zbekiston tanlab olgan taraqqiyot yo‘li bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o‘tishni ta’minlab beradigan taraqqiyot modeliga misol bo‘la oladi. Dunyoda bu borada ancha tajriba to‘plangan. Masalan, yaponlarning Ikkinchi jahon urushidan keyingi taraqqiyot yo‘li davlat tuzumi – monarxiyani saqlab qolgan holda, jamiyatdagi hukmron munosabatlarni zamonaviy talablar asosida isloh etish modeliga misol bo‘la oladi.
O‘zbekistonning sobiq ma’muriy-buyruqbozlik tuzumidan bozor iqtisodiyoti munosabatlariga asoslangan erkin, demokratik jamiyatga o‘tishining o‘ziga xos va mos yo‘li – jahonda o‘zbek modeli deb tan olingan rivojlanish yo‘lidir. Uning asosiy mazmuni jamiyatni inqilobiy tarzda emas, balki bosqichma-bosqich, ya’ni tadrijiy ravishda isloh etishni nazarda tutadi.
Jamiyatni isloh etishning chuqur ilmiy asoslangan quyidagi besh tamoyili o‘zbek modelining asosida turadi.