Muvaqqat hukumat tarkibiga quyidagi a’zolar saylanadi: 1. M.Tanishbayev – bosh vazir, ichki ishlar vaziri, 2 chakirik Davlat Dumasining a’zosi, Muvaqqat hukumat Turkiston komitetining a’zosi, muhandis. 2. Islom Sulton Shoahmedov (Shaahmedov) – bosh vazir o’rinbosari, Butunrossiya musulmonlari kengashi Markaziy qo’mitasining a’zosi, huquqshunos. 3. Mustafo Cho’qayev – tashqi ishlar vaziri, Turkiston Musulmonlar Sho’rosi Markaziy ko’mitasining raisi, huquqshunos. 4. Ubaydullo Ho’jayev – harbiy vazir, Butunrossiya musulmonlar kengashi MK a’zosi, huquqshunos. 5. Yurali Agayev – yer va suv boyliklari vaziri, agronom. 6. Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qo’qon shahar dumasi Raisning o’rinbosari, tog’-kon sanoati muhandisi. 7. Abdurahmon O’razayev – ichki ishlar vazirining o’rinbosari, huquqshunos. 8. Salomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri, huquqshunos.4 Muvaqqat hukumat tarkibiga 12 a’zo o’rniga 8 kishi saylanganligining sababi yana to’rt kishi – yevropalik aholi vakillari ichidan nomzodlar ko’rsatilgach, qayd etilishi ko’zda tutilgan edi.5 Syezdda, shuningdek, Xalq Majlisi a’zolari ham saylandi. Umummusulmon syezdining 27 noyabrda Turkiston Muhtoriyatini tashkil qilganligi haqidagi qarori o’lka xalqlarini ruhlantirib yubordi. Turkiston xalqlari muhtoriyatni qo’llab-quvvatlab mitinglar, yig’inlar uyushtirdilar. Turkiston xalqining muhtoriyat uchun olib borgan kurashida 1917 yil 13 dekabrda bo’lib o’tgan fojiali voqealar muhim o’rin tutadi. O’sha kuni Toshkentda eski shahar aholisi «Muhtor Turkiston uchun!» shiori ostida tinch bayram namoyishini o’tkazdi. Ammo Toshkent Sovetidagi bolsheviklar shaharda qurolli kuch bilan tartib o’rnatishga buyruk beradilar. Oqibatda tinch namoyish qatnashchilari pulemyotdan o’qqa tutildi, eski shaharlik 16 kishi ana shu to’qnashuv qurboni bo’ldi. Muhtor hukumatning xalq o’rtasidagi obro’-e’tibori va nufuzi bolsheviklarni tashvishga solib qo’ydi. 1918 yil 19-26 yanvar (yangi hisob bilan 1-8 fevral) da Toshkentda bo’lgan Turkiston o’lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining favqulodda IV syezdida muhtoriyat masalasi asosiy o’rinda turdi. Syezd Turkiston Muhtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb, hukumat a’zolarini qamoqqa olish to’g’risida qaror chiqardi. Bolsheviklar o’zlarining bu qabih va mudhish «hukmi»ni amalga oshirishga zudlik bilan kirishdilar. 30 yanvar (yangi hisob bilan 12 fevral) da Turkiston HKS muhtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning «Dashnoksutyun» partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli to’dalardan ham keng foydalandi. Ularga qarshi dastlabki jangda muhtoriyatning milliy qo’shinidan qashkari Qo’qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan, bolta, cho’kich, tayoq ko’targan haloyiqning soni 10000 kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil askarlarning Qo’qon shahriga hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Shahar ustiga uch kun davomida to’plardan yondiruvchi snaryadlar otildi. Muhtoriyat qo’shinining tirik qolgan qismi Kichik Ergash Qo’rboshi boshchiligida shahardan chiqib ketdi. Turkiston Muhtoriyati hukumati qizil askarlar va dashnoklarning qonli hujumlari oqibatida ag’darib tashlandi. Ammo Qo’qon va uning atrofidagi tinch aholini talash, o’ldirish avjiga chiqdi. Faqat Qo’qonning o’zida uch kun davomida 10000 kishi o’ldirildi. Shahar butkul vayronaga aylantirildi.
Hukumat boshlig’i Mustafo Cho’kay shaharni tark etib, yashirinishga majbur bo’ldi. Vazirlarning ayrimlari halok bo’ldi. Ba’zilarini bolsheviklar ko’lga olishdi. «Ulug’ Turkiston» gazetasi xabar berganidek, «20 (eski hisob bilan 7) fevral Ko’kand (Qo’qon) tarixining eng dahshatli kuni edi. Armanilar ayricha faoliyat ko’rsatganlar». Gazetadagi ushbu maqola «Ho’qand hozir o’liklar shahri», degan dahshatli ibora bilan tugaydi.
Turkiston respublikasi HKS va MIK ichida hokimiyat uchun o’zaro kurashlar, mojarolar va janjallar avjiga chiqdi. Oktyabr oyida Turkiston HKS raisi F. Kolesov va boshqa ayrim amaldorlar egallagan lavozimdan bo’shatildi. 1919 yil 19 yanvarda harbiy komissar K. Osipov boshchiligida Toshkentda isyon ko’tarildi. K. Osipovning buyrug’i bilan 14 komissar otib tashlandi. Isyonchilar tomonidan sovet hokimiyati ag’darildi, hokimiyat masalasi Ta’sis Majlisida hal qilinadi, deb e’lon qilindi. Biroq isyon Toshkent temir yo’l ustahonalari ishchilari va boshqa harbiy qismlar tomonidan tezda bostirildi. K. Osipov avval Farg’ona vodiysiga, so’ngra Buxoro amirligiga qochib ketdi. Bu isyon bahonasida bolsheviklar 1919 yil mart oyi boshida so’l eserlarni hukumatdan siqib chiqarib, yakka o’zlari hukmron bo’lib oldilar.1919 yil 8 oktyabrda Moskvada Turkkomissiya (Rossiyaning Turkiston ishlari bo’yicha komissiyasi) tashkil qinilinib, u Toshkentga jo’natildi. Turkkomissiya, keyinchalik tuzilgan Turkbyuro va O’rta Osiyo byurosi kabi turli komissiya va byurolar muntazam ravishda Rossiya Markazidan Turkistonga jo’natib turildi. Markaz o’zining bu favqulodda organlari orqali Turkiston mintaqasi boshqarishga, mahalliy xalqlarni mustamlakachilik asoratida ushlab turishga intildi.
Bu paytda butun Rossiyada bo’lgani singari Turkiston respublikasida ham «harbiy kommunizm» siyosati joriy qilindi. Bu siyosat o’z mohiyatiga ko’ra xalqqa qarshi qaratilgan edi. U xususan dehqonlarga katta zarba bo’lib tushdi. Turkistonda ham sovet rejimi bir qator dekretlar chiqarib, ozik-ovqat razvyorstkasi (taqsimoti)ni joriy qildi. Aslini olganda, dehqondan u yetishtirgan mahsulotning deyarli hammasi tortib olindi. Bozorlar yopildi, savdo-sotiq taqiqlandi. 16 yoshdan 55 yoshgacha bo’lgan barcha erkak va ayollar uchun mehnat majburiyati joriy kilindi. «Qo’qon fojiasi» shu haqiqatni yaqqol tasdiqladiki, Lenin boshchiligidagi bolsheviklar hukumati va Turkistonda bolshevik F. I. Kolesov rahbarligidagi o’lka Xalq Komissarlari Kengashi (HKK) so’zda «millatlarning o’z taqdirini o’zi belgilash» huquqi uchun jonbozlik ko’rsatsalarda, amalda «yagona va bo’linmas Rossiya» uchun kurash olib bordi va bu borada chorizmning mustamlakachilik siyosatini ochiqdan-ochiq davom ettirdi. Ularni har qanday muhtoriyat emas, balki RSFSR tarkibida sovet muhtoriyati shaklidagi, bolsheviklarga ma’qul bo’lgan va ular homiyligida tashkil etiladigan muhtoriyatgina qanoatlantirar edi. Bolsheviklar «millatlarning o’z taqdirini o’zi belgilash» tushunchasiga o’ta sinfiy mazmunni singdirib, o’z taqdirini o’zlari belgilaydigan millatlar irodasi bilan va mavjud mahalliy voqelik bilan mutlaqo hisoblashmadilar. 1918 yil 20 aprelda Toshkentda sovetlarning V o’lka syezdi ochildi. Uning ishida 263 delegat, shu jumladan, mahalliy millatlardan 50 delegat ishtirok etdi, bu esa delegatlarning bor yo’g’i 20 foizidan ko’prog’ini tashkil etardi. Ko’rinib turibdiki, mahalliy millat vakillari syezdda mutloq ozchilikni tashkil qilgan. Ulardan ikki nafari – Husayn Ibrohimov va Sa’dulla Tursunho’jayev syezd hay’ati tarkibiga saylandi. Delegatlarning aksariyati bolsheviklar va so’l eserlar edi. Bolsheviklar 86, so’l eserlar 70 kishi edi. Binobarin, ular syezd ishining yo’nalishini belgilab berdilar. Syezd kun tartibida quyidagi masalalar turardi: Xalq Komissarlari Kengashining ma’ruzasi, sanoatni natsionalizasiya qilish, ocharchilikka va ishsizlikka qarshi kurash, hozirgi sharoit, Turkiston sovet Muhtoriyatining e’lon qilinishi munosabati bilan komissarliklarni, hokimiyatni qayta tashkil etish va boshqalar. Syezdning asosiy vazifasi Turkiston sovet Muhtoriyatini e’lon qilish edi. Moskvadan kelgan hujjatda o’lka muhtoriyatining qanday bo’lishi haqida aniq ko’rsatma mavjud bo’lib, syezd delegatlariga RSFSR hukumati Turkistonning har qanday muhtoriyatini ham qo’llab-quvvatlamasligini, faqat Markazga ma’qul keladigan sovet muhtoriyatini qabul qilishini ochiqchasiga bildirib qo’ygan edi. Delegatlar uchun Moskvaning bunday ko’rsatmasidan keyin Turkistonning sovet muhtoriyatini e’lon qilishdan boshqa iloji qolmagan edi. 1918 yil 30 aprelda syezd «Turkiston Sovet Federativ Respublikasi to’g’risida Nizom»ni qabul qildi. Bu nizomga ko’ra Turkiston o’lkasining hududi «Rossiya Sovet Federasiyasining Turkiston Sovet Respublikasi» deb e’lon qilinadi. Uning tarkibiga Turkistonning barcha hududi o’zining geografik chegarasi bilan kiritildi, Xiva bilan Buxoro esa bundan mustasno edi. Turkiston respublikasi muhtoriyat tarzida boshqarilib, o’zining barcha faoliyatini RSFSR hukumati bilan muvofiqlashtirar va uni e’tirof qilar edi. Rossiya bilan o’zaro munosabatlarni belgilash uchun syezd 5 kishidan iborat komissiya saylandi.6 1917 yilda sodir bo’lgan oktyabr to’ntarishi va buning natijasida hokimiyatni qo’lga kiritgan bolsheviklar tomonidan ilgari surilgan kommunistik mafkura Turkiston xalqlari uchun mutlaqo yot tushuncha edi. Mahalliy aholi bu g’oyani avval boshdanok o’ziga singdira olmadi va unga qarshi turdi. Ikkinchidan, sovet hukumati o’rnatilgan dastlabki davrda hokimiyatni boshqarishga mahalliy xalq vakillari jalb qilinmadi, ularning milliy g’ururi, haq-huquqi inkor qilindi. Turkistonda bolsheviklar tomonidan o’rnatilgan sovet rejimi chor Rossiyasi mustamlakachiligining yangi shakli ekanligi o’sha dastlabki kunlardanoq oshkor bo’lgan edi.
Uchinchidan, yangi tuzum o’rnatilgan ilk kunlardanok mahalliy xalqning asrlar davomida shakllangan urf-odatlari, milliy qadriyatlari toptaldi. Shariat asoslari va qozixonalar bekor qilindi, vaqf yerlari tortib olindi, mulkchilikning barcha shakliga chek qo’yildi.
Chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmi ostida ezilib kelgan farg’onaliklar Turkistonda birinchi bo’lib bolsheviklar rejimiga qarshi qurolli kurashga otlandilar. Shu tariqa, Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha rejimga qarshi qurolli harakat 1918 yil fevral oyining ohirlarida boshlangan edi.
Bu harakatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va kosiblar bo’lgan. Turkiston respublikasi rahbarlaridan birining e’tirof etilishicha, unga asosan dehqonlar va hunarmandlar qatnashdi. Ularga shahar aholisining aksariyat qismiga o’ziga to’q badavlat oilalarning vakillari, savdogarlar, islom dini arboblari hamda ba’zi boylar qo’shildi. Harakat qatnashchilari orasida tanigan ziyolilar ham ko’pchilikni tashkil qilar edi va ular jadidlar safidan ajralib chiqqan edi. Bir so’z bilan aytganda, ular safida xalqning barcha tabaqasiga mansub kishilar bor edi. Qo’qondagi dastlabki guruhlarning tashkil topishi Kichik Ergash (taxminan 1885-1918) va Katta Ergash (taxminan 1880-1921) larning nomi bilan bog’liqdir.
Marg’ilonda esa militsiyaning sobiq boshlig’i Muhammad Aminbek o’g’li – Madaminbek (1892-1920) kurash boshladi.7 Farg’ona vodiysida 1918 yilning o’rtalariga kelib, taxminan yuzga yaqin qo’rboshilar o’z dastalari bilan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15000 yigit bor edi. Turkistondagi bu harakatning o’ziga hos milliy ko’rinishi va hususiyatlari mavjud bo’lgan. Bu hususiyatlar harakatdagi qo’rboshilar dastalari va guruhlari faoliyatida, ularning maqsad va istaklarida o’z ifodasini topgan bo’lib, unda islom shariati qonun-qoidalari asosidagi milliy davlat barpo qilishdan tortib, to milliy demokratik tartibdagi mustaqil davlat tuzishgacha kabi g’oyalar mujassamlashgan edi. Turkiston mintaqasidagi mazkur harakatning muhim hususiyati shundaki, bu harakatda maqsadlar va vazifalar qanday bo’lishidan qat’iy nazar boshidan oxirigacha bir ustuvor g’oya – Turkistonning milliy mustaqilligi yotadi. Bu harakat goh kuchayib, goh pasayib turishiga qaramay, unda ishtirok etuvchilarning tarkibi o’zgarib turishi va ikkilamchi manfaatlar o’rtada turganligi, hamda ob’yektiv va sub’yektiv omillar kuchlar muvozanatiga salbiy ta’sir qilishiga qaramay, harakatning asosiy maqsadi Turkiston mustaqilligi bo’lib qolaverdi.