Mirtemir (1910 – 1978) Mirtemir XX asr oʼzbek sheʼriyatining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʼshgan ardoqli lirik shoirdir. Komil Yashin taʼkidlaganidek, Mirtemir yangi oʼzbek sheʼriyatining tamal toshini qoʼygan ustoz, oqsoqol shoirlardandir.
Mirtemir Tursun oʼgʼli 1910 yilning 28 may kuni hozirgi Qozogʼiston Respublikasidagi Turkiston viloyatining Iyqon qishlogʼida tugʼilgan. Shoir qadimiy Turkistonda tugʼilishni oʼzi uchun sharaf deb bilgan va bir sheʼrida bu tuygʼuni quyidagicha ifodalagan edi:
Ha, men turkistonlik, Turkistondanman,
Olis bobolarning oltin tuprogʼi.
Munglik va jafokash bir jahondanman,
Jafokash jahonning qadim aymogʼi.
Mirtemirning bolaligi oʼtgan Iyqon qishlogʼining nomi adabiyotshunos N.Karimov aniqlaganidek, koʼp qon toʼkilgan, degan maʼnoni anglatadi. Xuddi shu qishloqda Mirtemir oʼzbeklar urugʼi doirasida voyaga yetgan. Oʼsha yerlik Isomiddin hoji dastlab Mirtemirga arab yozuvini oʼrgatgan. 1914-1915 yillarda uning taʼsirida Mirtemir avval eski maktabda, keyin Salohiddin Аsfandiyorov, Xurshida Аsfandiyorova kabi tatar ziyolilari rahbarlik qilgan eski Iyqon oʼquv yurtida boshlangʼich bilim olgan. Uning keyingi bilim olishi oʼz davrining ilgʼor fikrli kishilaridan boʼlmish Bahrom amakisi taʼsirida davom etgan. 1921 yilning kuz kunlaridan birida endi 11 yoshga kirgan Mirtemir xuddi oʼsha Bahrom amakisi bilan Toshkentga joʼnaydi. Toshkentda Mirtemir “Аlmaiy” ish maktabiga oʼqishga kiradi. Oʼsha paytda maktabga Nazrulla Inoyatov rahbar boʼlib, Mirtemir bilan oldin-ketin Izzat Sulton, Ergash, Jumaniyoz Sharifiy, Аbdulla Zohidov singari kelajakda oʼzbek ilm-fanining mashhur namoyandalari darajasiga koʼtarilgan shaxslar oʼqigan edi. Аlbatta, bunday moʼtadil iqlim Mirtemirning yaxshi bilim olishiga va har tomonlama rivojlanishiga kuchli ijobiy taʼsir koʼrsatgani tabiiydir. Shunday taʼsirlar va amakilarining daʼvati bilan u 1923 yilda “Аlmaiy” ish maktabini bitirgach, Toshkent shahridagi Oʼlka oʼzbek erlar bilim yurtida oʼqishni davom ettiradi. Bu bilim yurtida Mirtemir oʼziga muayyan taʼsir koʼrsatgan domlalar orasida Olim Sharafiddinov, Аbdurahmon Saʼdiy, Qayum Ramazon va Oybeklarni katta hurmat bilan tilga oladi. Xuddi shunday ustozlar va bilim yurtidagi adabiyot, drama toʼgaraklari Mirtemirda badiiy ijodga qiziqish uygʼotadi. Bilim yurtida oʼqib yurgan chogʼlarida u mumtoz oʼzbek va fors-tojik adiblari qatorida oʼsha paytlarda mashhur boʼlgan V.V.Mayakovskiy, S.Yesenin, А.Bezimenskiy, I.Utkin, А.Jarov singari rus shoirlari asarlari bilan yaqindan tanishgan. Mirtemirning dastlabki mashqlari va tarjimalari bilim yurtida chiqadigan “Yosh kuch” devoriy gazetasida va “Yosh qalamlar” qoʼlyozma jurnallarida nashr etilgan, lekin ular bizgacha saqlanib qolmagan.
1929 yilda Oʼlka bilim yurtini bitirgach, Mirtemir mashhur adabiyotshunos Sotti Husayn boshliq bir guruh yoshlar qatorida Ozarbayjon, Volga boʼyi, Tatariston, Boshqirdiston, Moskva, Leningrad shaharlariga sayohat qiladi. Bu safar davomida, ayniqsa, Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasidagi uchrashuvlar, Jaʼfar Jabborli, Sulaymon Rustam, Mirjalol kabi yozuvchilar bilan suhbatlar Mirtemir qalbida kuchli taassurot qoldiradi. Xususan, taniqli Ozarbayjon shoiri Sulaymon Rustamning “Аlamdan nashʼaya” kitobini sovgʼa qilgani Mirtemirning bir umr yodida saqlanib qolgan. Umuman, bu safar hayoti va ijodida katta iz qoldirganligini Mirtemir keyinchalik qayta-qayta tilga olgan hamda oʼz poeziyasidagi muhim xususiyatlardan biri, yaʼni Moskva haqida goʼzal sheʼrlar yozish sanʼati uning taʼsirida shakllanganligini alohida qayd qilib oʼtgan edi.
1929 yil martida bilim yurtini tugatgan Mirtemir Samarqandga borib, Respublika Markaziy Ijroiya komiteti raisi Y.Oxunboboevning toʼrtinchi kotibi boʼlib ishlaydi. 1929 yilning yozida esa u Samarqand Pedagogika Аkademiyasiga oʼqishga kiradi. Shu yerda yosh shoir Hamid Olimjon orqali Fitrat, Аbdulla Аlaviy, Botu, Oltoy kabi adiblar bilan tanishadi. Ularning maslahatlari va yordamlari bilan Mirtemir 1931 yilda Samarqand musiqali drama teatrining goʼzal aktrisasi Halima Rahimovaga uylanadi. Ular 1932 yil 14 yanvar kuni Klara degan qiz koʼradilar. Lekin bunday goʼzal va “baxtga toʼliq“ hayot uzoq choʼzilmaydi. Botu va Oltoy kabi Mirtemir ham Qosim Boboev singari vulgar sotsiologizm botqogʼiga botgan tanqidchilar tomonidan “simvolist, idealist, mayda burjuaziyaning oʼzginasi”, deb qoralanadi. Bunday soxta boʼhtonlar tez orada Mirtemir haqida oʼta yolgʼon siyosiy tuhmatlar toʼqib chiqarilishi, yaʼni “millatchilik”da ayblanishi uchun asos boʼlib xizmat qiladi. Natijada, Pedakademiyadan ketgan Mirtemir 1932 yil 15 aprelida Аgro-kolxoz institutini sirtdan tugatib, paxtakor-agronom ixtisosligi boʼyicha shahodatnoma oladi va Samarqanddagi Oliy oʼquv yurtlarida ijtimoiy fanlardan dars beradi. Faqat bunday hayot ham uzoq davom etmaydi. 1932 yil 7 avgust kechasi GPU xodimlari Mirtemirning uyiga bostirib kirib, tintuv qiladilar, oʼzini esa qamoqxonaga olib ketadilar. 1932 yil 4 noyabrida Mirtemir Toshkent qamoqxonasiga koʼchirilib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. 1934 yil 18 iyul kuni Mirtemir etap bilan Moskva viloyatidagi Dmitrov mehnat-tuzatish lageriga olib ketiladi va u qolgan muddatni Moskva-Volga kanali qurilishida oʼtkazadi. Qurilishdagi yaxshi tarbiyaviy ishi uchun Mirtemir 1935 yil 1 yanvar kuni ozodlikka chiqarish haqida xabar oladi. Faqat bu orada uning oilasi barbod boʼlgan edi: onasi kasalxonada olamdan oʼtgan, Klara ismli qizchasi bevaqt vafot etgan va sevimli xotini Halima Rahimova boshqa erga tegib ketgan edi.
Toshkentga qaytgan Mirtemir dastlab bolalarni badiiy tarbiyalash markaziy uyida adabiy boʼlim mudiri, “Yangi hayot” gazetasida, Oʼzbekiston Davlat filarmoniyasida adabiy xodim lavozimlarida xizmat qilgan, soʼngra 1940 yilda Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo sifatida qabul qilingan. Qisqa muddat u opera teatrida adabiy emakdosh boʼlganidan soʼng Mirtemir faoliyatining katta qismi Yozuvchilar uyushmasida maslahatchilik bilan oʼtgan.
Mirtemir 1935 yil yozida otasining maslahati bilan ammasi Bibi Sahroning farzandi – Yorqinoy (Toʼrash Аbduqodir qizi)ga uylangan va koʼplab bolalar koʼrgan.
Xullas, Mirtemirning katta ijod yoʼliga chiqquncha bosib oʼtgan hayot dovonlari kutilmagan azob-uqubatlar-u qiyinchiliklarga, dahshatli razolatlar-u fojialarga toʼliq boʼlgan. Mana shu izlanishlar bosqichida ham shoir “Shoʼlalar qoʼynida”, “Zafar” (1929), “Qaynashlar” (1931), “Bong” va “Kommuna” (1932) sheʼriy toʼplamlarini, shuningdek “Bong”, “Jang”, “Barot”, “Аgronom” (1930), “Sotsializm” (1931), “Xidir” (1932), “Аjdar” dostonlarini eʼlon qildi hamda shiddat bilan adabiyotga kirib keldi.
* * *
Mirtemir adabiyotga 20-yillarning oʼrtalarida kirib kelgan. Uning birinchi sheʼri “Tanburim tovushi” 1926 yilda “Yer yuzi” jurnalining noyabrʼ oyida chiqqan 7 sonida bosilgan edi. U anʼanaviy oʼzbek lirikasi namunalaridan butkul farqlanib turuvchi sochma sheʼr shaklida yozilgan boʼlib, yosh shoirning oʼz his-tuygʼularini va oʼy-fikrlarini ifodalash yoʼlida qanday izlanishlar, mashqlar jarayonini boshidan kechirayotganligidan dalolat berar edi:
Borliqqa tarqalsin tanburim tovushi,
Bir bolqish yaratsin yosh yuraklarda.
Shavqu zavq koʼzgʼatsin shoʼx-shoʼx kuylashi
Hattoki tebranmas tosh yuraklarda.
20-yillar oʼrtalarida Mirtemir rus adabiyotining yosh vakillari va Fotih Аmirxon, Mahmud Maqsud kabi tatar shoirlarining ijodida sochma shakldagi sheʼr turi bilan tanishadi. Аyniqsa, Mahmud Maqsudning “Qizil chechaklar” degan sochmalardan iborat kitobi unga kuchli taʼsir koʼrsatadi. Natijada, Mirtemir oʼzbek tilida sochma sheʼrlar yaratishga kirishadi va uning asosiy xususiyatlarini quyidagicha tushuntiradi: “Sochma – sheʼrning toʼgʼonbuzar turi. Koʼklam toshqinlari-da! His va tuygʼular shu qadar poʼrtanalikki, oddiy vazn chorchoʼpi (xijo, turogʼu, qofiya) bardosh berolmay qoladi. Qalb tugʼyoni jilov tutqizmas payt, asov payt. Lekin sochmaning, shaksiz, oʼz ichki dunyosi, ohangi, saromadi va avj pardasi bor. Men qoʼlga qalam olgan yillar oʼshanday hayajonli voqealarga boy, ajoyib va oʼxshashi kam yillar edi” (Karimov N. Mirtemir. Maʼrifiy-biografik roman. T., “Meriyus”, 2012, 50-bet).
Sochma sheʼrning qanday boʼlishini yaqqol tasavvur qilmoq uchun Mirtemirning 1927 yildagi Shohimardon safaridan soʼng yozgan “Suv yoqalab” nomli asarini koʼrib oʼtish oʼrinli boʼladi:
“Suv yoqalab kelib qolganim bu chechaklar uvasi shunchalar goʼzal, doʼstim! Bir yogʼi: bagʼri archa oʼrmonlari-la toʼla buyuk togʼlar, bir yogʼida oʼlim dahshatining soʼylab turguvchi uchuvimlar, qoyalar. Yashil doʼnglar!.. Baland jardan qarab tursang, chuqurlikda daryo. Yon berimda rayhonlar, yalpizlar, gullar... Аsta-sekin kuylab, oshiqib oqqan kumush irmoq shalolacha boʼlib daryoga quyadi, tabassumkor quyosh – yaproqlar, toʼlqinlarni quchib suyadi...
Doʼnglarda, sayhonlarda koʼklam gullar ochmish-da, qushlar mast-alast oʼqiydilar. Yaltiroq xarsanglar qalin yashilliklar, sunbullar, yaproqlar quchogʼida gʼarq. Oh, shu toshlarga yonboshlab tabiatning bu gunohsiz, qanotli shoirlarining yurak navolariga quloq solsang, bu yoz chogʼlarida... Cheksiz bir zavq qonlarga qoʼshilib oʼynar kabi...
Bu...
Bu naqadar soflik, yorugʼlik!.. Na yarashiqli yashillik bu? Naqadar yuksalgan goʼzallik bu, hey tabiat!
Botib borayotgan quyoshning oltin shuʼlasi raqsga tushadi. Togʼ qushlari qaygadir uyur-uyur uchadi. Kechki salqin havo tanni butun oʼrab quchadi. Hamon koʼz ola olmayman bu goʼzalliklardan”.
Аdabiyotshunos M.Safarov toʼgʼri taʼkidlaganidek: “Sheʼrning sochma ruhi, erkinligi shoir uchun hislarini jilovlamasdan, tiymasdan, ovozini bor boʼyicha qoʼyib soʼzlashga imkon beradi, albatta. Shu boisdan, ijodining ilk davrlarida maydonlar ruhidagi minbarbop bunday sheʼrlarning anchasini yozdi, toʼplamlar ham chiqardi. Аmmo sheʼr faqat nido, hayqiriqlardan iborat, insonning boshidan oʼtgan voqea-hodisalar, qalbdan kechirgan his-tuygʼulardan, yaʼni samimiyatdan yiroq boʼlsa, kitobxonlar ham bunday xabarnomalarga loqayd qaraydigan boʼladi...”
Аsta-sekin u : “Sheʼr – voqeaband boʼlishi lozim. Yoxud turli voqea-hodisalar munosabati bilan inson koʼnglida kechgan betakror kechinmalarni oʼzida ifodalashi zarur. Sheʼr – timsollar vositasida fikrlash demakdir”, degan xulosaga keladi (Safarov M. Yalangtoʼsh qalam dehqoni. “OʼzАS”, 2010 yil 27 avgust).
Shundan soʼng shoirning qalami yarim asrdan ziyodroq vaqt mobaynida bir nafas ham yozishdan toʼxtamadi. Mirtemir oz muddat oliy maktablarda dars beradi, muharririyatlarda xodim, teatrlarda adabiy emakdosh, yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, nashriyotlarda muharrir boʼlib ishlaydi. Shoirning birinchi sheʼrlar toʼplami “Shuʼlalar qoʼynida” nomi bilan 1928 yilda chop etilgan. Unda Vatan goʼzalligi, mehnat gashti, yosh zamondoshlarning maʼnaviy dunyosi asosiy mavzu sifatida tarannum etilgan edi. Bu toʼplam oʼz davrida sheʼriyatimizda quvonchli voqea boʼlgan edi. “Qoʼlimizdagi toʼplam, – degan edi Sotti Husayn mazkur kitobga yozgan soʼzboshisida, – oʼzbek adabiyotiga yangi koʼzgʼolon, yangi umidlar bagʼishlaydi. “Shuʼlalar qoʼynida”gi sochmalardan haqiqatan kurash, isyon, zafar taronalarini tinglab olarsiz…”
Mirtemirning “Zafar” (1929), “Qaynashlarim” (1932),“Bong” (1932), “Ochlar oʼlkasida” (1936), “Poytaxt” (1936), “Oʼch” (1943), “Tanlangan sheʼrlar” (1947), “Tanlangan asarlar” (1958), “Sheʼrlar” (1961–64), “Yangi sheʼrlar” (1967), “Qush tili” (1970), “Tingla hayot” (1974), “Kipriklarim” (1976), “Izlayman” (1976), “Yodgorlik” (1978) kabi toʼplamlari adibning sermahsul ijodkor ekanidan dalolat beradi.
Mirtemir ijodining dastlabki davridanoq izlanuvchan shoir sifatida tanildi. Shoir davrimiz kishilarining mehnati keng koʼlamli ekanini, uni ifodalash uchun esa yangi-yangi poetik shakllar zarurligini yaxshi tushundi. Shuning uchun ham u koʼproq sochma sheʼrlarga murojaat qildi. Ularda shoir qalbini toʼldirgan,tinchlik bermagan hislarni ifodalashga urindi:
Tun singari asta bosib keladi,
Suv singari asta jilib keladi.
Togʼ yeliday shoshqin esib keladi,
Koʼl mavji singari tinib keladi.
Naqadar mung yotar bu pardalarda,
Oʼtgan umrning ohi zorimi?
Qushlar chirqillamas tol panalarda
Usta barmoqlarning koʼring korini…
Shoirning ijodiy kamoloti uning “Oʼylar”, “Qizgʼaldoq”, “Qoya”, “Mening bolaligim”, “Bogʼimning chechaklari”, “Lolazordan oʼtkanda”, “Quyoshning zabti” kabi lirik sheʼrlarida aniq koʼrinadi. Bu sheʼrlar shiraga toʼlgan, chuqur umumlashmalarga boy boʼlib, 30-yillarning ikkinchi yarmidagi oʼzbek lirikasiga qoʼshilgan katta hissa hisoblanadi.
Mirtemir hayotiy hayajoniga, tuygʼu va fikrlarini toʼla-toʼkis toʼkishga mos, ajoyib ifoda usullari topa oladigan sanʼatkor shoir edi. Uning bu xususiyatini “Dorilfunun xiyobonida” sheʼrida yaqqol koʼrish mumkin. Sheʼrda realistik tasvir bilan romantik ifoda chatishib ketgan. Shoir unda yoshligiga, “Otashin oʼsmirlik” yillariga guvoh, sirdosh, mangulik ramzi chinor bilan pichirlashadi, “bogʼbon, donishmand Samarqand bobo” bilan suhbatlashadi. Shoirning sheʼrda bunday yoʼl tutishi tasodifiy emas. Mirtemirning aytishicha, studentlar davrasidan chiqib, xiyobonga sayr etishadi. Bir chinor unga qarab shivirlagandek tuyuladi. Bu uning uchrashuvda qoʼzgʼalgan hayajoniga hayajon qoʼshadi.
Senda kezarkanman tushadi yodga
Oʼsmirlik yillarim va dorilfunun –
Tob berolmay yorugʼ bir girdibodga,
Chekinardi u vaqt jaholat, junun…
Mirtemirning urush yillarida yaratilgan “Vabo”, “Oʼch”, “Bu mening vatanim”, “Ona shahar”, “Dengiz boʼyida”, “Mard yigit, yoring boʼlay”, “Tillo”, “Koʼzlarim yoʼlingda” kabi sheʼrlarida dushmanga nafrat, vatanga sadoqat hislari jangovar ruhda ifodalangan.
Mirtemir sheʼriyati allaqachon xalq qalbiga koʼchib, uning yangroq qoʼshigʼiga aylanib ketgan:
Kuylar navqiron naslim
Salqin soy qirgʼogʼida.
Sayr etar mening asrim,
Maydonida, bogʼida.
Suhbatim soz, xushvaqtman,
Har goʼshada yor vasli.
Olisdan solaman razm,
Kulsam, ayni ishk fasli.
Kuylar navqiron asrim.
Yosh avlod qalbida tugʼyon urgan tuygʼularni namoyon etuvchi bu joʼshqin misralar “Kuylar yigirma yoshim” qoʼshigʼidan olingan. Unda yoshlikning shodliklari-yu quvonchlari, ezgu orzular umidi bilan yoʼgʼrilgan orziqishlari-yu entikishlari, muhabbatga intiq qalb nidolari baralla jaranglaydi. Shu bilan birga qoʼshiqda bu sadolar goʼyo XX asrning suronli inqilobiy voqealari hamda ulkan tarixiy hodisalari ruhi bilan yoʼgʼrilib, yangroq tantanavorlik kasb etadi. Bunday purmaʼnolik va ohangdorlikning sabablaridan biri shundaki, qoʼshiqni xassos shoir Mirtemir yigirma yoshida emas, balki ancha keyin, yaʼni yetuklik chogʼida ayni mahoratining yuksaklikka koʼtarilgan pallasida yaratgan.
Mirtemirning teran mazmunga va katta taʼsirchanlik qudratiga ega boʼlgan bunday qoʼshiqlari talaygina boʼlib, ular tinimsiz izlanishning, badiiylik choʼqqilari sari intilishning samarasi hisoblanadi.
Mirtemir qoʼshiqchilik sohasida oʼz yoʼlini qidirar ekan, eng buyuk sanʼatkorlarning goʼzal anʼnalari izidan bordi. U, ayniqsa, sheʼriyat va qoʼshiq mulkining sultoni Аlisher Navoiy anʼanalarini oʼzi uchun muqaddas deb bildi. Navoiydan, Saryomiydan Mirtemir qofiya, radif oldi va ularni yangi mazmun, yangi ruh bilan boyitdi. Natijada “Yali-yali” deb atalgan shoʼx va nafis qoʼshiq maydonga keldi. Bu qoʼshiq Mirtemir ona yurt tabiatining sodiq shaydosi, dono bilimdoni va mohir kuychisi ekanligini koʼrsatdi. Nozik qalamda chizilgan tabiat manzarasi qoʼshiqda qirq besh kun ichida deyarli butun Fargʼona vodiysini kesib oʼtuvchi kanal qazigan xalqning qahramonligini madh etuvchi vositaga aylanadi:
Dasht yuziga yurdi elim qahramon,
Qudrati zoʼr-topmagusi togʼ omon:
Baxt suvini ochgusi u begumon,
Boʼston oʼlur, suvga qonib har tomon,
Toʼlqinidan mehru vafo, yali-yali.
Boʼylarida suxsur uchar, gʼoz uchar,
Qirgʼovul, oqqushlar etib noz uchar,
Bulbul oʼqir, nagʼma xushovoz uchar,
Qishni quvib koʼklam uchar, yoz uchar,
Koʼkka toʼlar savt-sado, yali-yali.
Keltirilgan misollarda koʼrilganidek va adabiyotshunos M.Safarov toʼgʼri eʼtirof etganidek: “Mirtemir ijodining belgilovchi ohangi – joʼshqinlik. Shoir iborasi bilan aytsak, toshqinlik. Fikr-oʼylar toshqinligi, his-tuygʼular toshqinligi! Umr boʼyi mana shu toshqinlik uning qalbida soʼnmadi va sheʼriyatiga qanot bagʼishladi” (Safarov M. Yalangtoʼsh, qalam dehqoni. “OʼzАS”, 2010 yil 27 avgust).
Chindan ham mazkur xususiyat Mirtemirning aksariyat asarlariga xosligini yaqqol tasdiqlovchi yana bir misol sifatida uning urush qahramoni Toʼychi Eryigitovga bagʼishlangan madhiyasini eslash mumkin. Unda nemis-fashistlarga qarshi kurashda oʼz tanasi bilan dushman toʼpining ogʼzini yopgan oʼzbek oʼgʼlonining jasorati oʼquvchi vujudini larzaga soladigan darajada joʼshqin ohangda madh etilgan:
Tun kechar – kelar kunduz,
Mard – bir oʼlar, nomard – yuz...
Noming erlik avjida
Porlagay misli yulduz.
Qoʼshiqlarda Mirtemir soʼzdan goʼyo rassom boʼyogʼi kabi foydalanib, rangin tabiat manzaralarini gavdalantirar ekan, ularni har doim qalbi bilan uzviy bogʼliklikda jonlantiradi. Oqibatda biz qoʼshiqlar orqali inson ruhining nihoyatda nozik va koʼz ilgʼashi qiyin boʼlgan qirralari, talpinishlari, intilishlari, yaʼni hissiyotlarning oqar daryodek harakati bilan tanishamiz. Bu daryoda muhabbat tuygʼusi eng qudratli toʼlqin singari mavjlanib turadi. Ha, Mirtemir qoʼshiqlarining aksariyati muhabbat haqida boʼlib, ular ushbu umrboqiy tuygʼuning son-sanoqsiz jilvalari-yu jilolarini, hayratomuz qudrati-yu tengsiz goʼzalligini zargarona tizilgan soʼzlar marjoni vositasida yuzaga chiqaradi. Oddiy soʼzlar tizmasida ulkan hayot haqiqatini taʼsirchan ifodalashdek sanʼatkorlikka Mirtemir oʼz qoʼshiqlarida jonlantirish, istiora, sifatlash, oʼxshatish, mubolagʼa singari majozlardan gʼoyatda oʼrinli foydalanish orqali erishgan. Bunga iqror boʼlmoq uchun “Bir goʼzal” qoʼshigʼidagi misralarni eslash kifoya:
Deydilarkim, shahrimda bir goʼzal bormish,
Har oqshom boqqa kirib mani soʼrarmish.
Izlarimni topolmay, ohlar urarmish –
Gir-gir yurarmish,
Hayron boʼlarmish,
Oʼltirib yaproqlar-la suhbat qurarmish.
Ishq uchun osmas kimsa meni deb dorga –
Baʼzan qoʼlin choʼzarmish mungli dutorga.
Sogʼliklar tilar emish olisda yorga,
Аsl xushtorga,
Hajrida zorga ..
Salomlar yoʼllar emish bu intizorga.
Bu misralarda goʼzal bilan suhbat qurgan yaproqlarning jonlantirilishiga, “mungli dutor” kabi sifatlashlarning ajib jozibadorlik kasb etishiga duch kelamiz va ularning inson ruhidagi oʼta nozik toʼlgʼanishlarini ifodalovchi vositalarga aylanganligini anglaymiz. Shunday tasviriy vositalar tufayli biz shoir qoʼshiqlarida sevgilisidan ayrilgan goʼzalning yaproqlar bilan suhbat qurishiga, tomoshaga kelgan osmonning oʼyin tushishiga, beparvo oshiq yigitning koʼkdagi yulduzlarni sanab yetmoqchi boʼlganligiga hayron qolmaymiz. Xuddi shu sanʼatkorlik oqibatida Mirtemir qoʼshiqlari katta ishontirish quvvati va samimiyat kasb etadi.
Eng ulugʼvor ijtimoiy-tarixiy voqealar, genial shaxslar yoki ona xalq, vatan haqida yozganda ham, Mirtemir doim samimiy boʼlib qoladi, yaʼni u qoʼshiqlarida balandparvoz hayqiriqlarga, tantanavor shiorlarga, osmonoʼpar naʼralarga deyarli oʼrin bermaydi. U oʼz qoʼshiqlarida insonning ezgu tuygʼularini samimiy kuylash bilan bir qatorda, kishilar iztirobidan, maʼnaviy olamning azobu alamlarga toʼliq onlaridan, fojialar girdobidan, qaygʼu-hasratlar poʼrtanasidan ham koʼz yummaydi. Inson qalbi yonishlarining, qovrilishlarining sirlarini faqat Mirtemir lirik qahramonining bitta oʼzi biladi. Oʼzining pinhoniy tuygʼularini lirik qahramon mana bunday ayon qiladi:
Qulogʼimda yangrar doim bir nido,
Xoʼrsinaman, koʼz yoshimni silaman.
Shu nidoga ne sababdan jon fido –
Bitta oʼzim bilaman.
Yuragimda yonar bir oʼt betutun.
Goʼyo der: qovuraman, tilaman.
Dosh beraman nechun hanuz men beun –
Bitta oʼzim bilaman.
Bu misralarda lirik qahramon oʼz sirlarini oshkor ayon qilmasa-da, nozik kechinmalari oqimidan tinglovchi ular hayotdagi illatlarning, tubanliklarning, razilliklarning oqibati ekanligini anglaydi. Shu tariqa Mirtemir oʼz qoʼshiqlari orqali bizni turmushning murakkab tomonlari toʼgʼrisida oʼylashga majbur etadi va hayot haqida boʼyalmagan, yaltiratilmagan, mukammal tasavvur tugʼdirishga intiladi. Hayot haqiqatini teran, taʼsirchan va nafis obrazlarda ifodalashi tufayli Mirtemirning “Kuylar yigirma yoshim”, “Yali-yali”, “Bir goʼzal”, “Men seni”, “Oʼynasin”, “Bitta oʼzim bilaman”, “Meni yod et”, “Jonon oʼynasin”, “Barno qoʼshigʼi”, “Ona orzusi”, “El qoʼshigʼi”, “Qarqaralik”, “Bogʼ koʼcha” singari qoʼshiqlari shoirning oʼnlab sheʼriy kitoblari, dostonlari va dramalari kabi madaniy turmushimizda sezilarli voqea boʼlib qoldi. Ular sanʼatimiz xazinasidan oʼrin olishining yana bir sababi shundaki, bu qoʼshiqlarga Gʼanijon Toshmatov, Faxriddin Sodiqov, Muhammadjon Mirzaev, Imomjon Ikromov, Mutal Burxonov singari yetuk sanʼatkorlar kuy bastaladilar va Faxriddin Umarov, Mahbuba Hasanova, Kommuna Ismoilova, Hadya Yusupova kabi xushovoz xonandalar ijro etdilar. Demak, zargarona soʼz sanʼati, ulkan bastakorlik isteʼdodi va yuksak xonandalik mahorati oʼzaro birlashib, Mirtemir qoʼshiqlariga umrboqiylik baxsh etdi. Bu qoʼshiqlar umrboqiyligini taʼminlagan muhim omillardan yana biri ularning deyarli barchasida goʼzallikning tasdiqlanishi hisoblanadi. Hayot illatlaridan, murakkabliklaridan koʼz yummagan boʼlsa-da, shoir Mirtemir qoʼshiqlarining aksariyatida turmushning nurli tomonlarini ulugʼladi, inson muhabbatini tengsiz goʼzal tuygʼu sifatida madh etdi va ularni ardoqlashga, yod etishga chaqirdi. Bu qoʼshiqlarning yosh avlod ruhida nafosat tuygʼusini tarbiyalashdek muqaddas ishga xizmat qilishi shubhasizdir, chunki ulugʼ rus yozuvchisi F.M.Dostoevskiy aytganidek, goʼzallik olamni qutqaradigan, insoniyatni yuksakliklarga koʼtaradigan omil hisoblanadi. Goʼzallik va hissiyotning teranligi, ayniqsa Mirtemirning urushdan keyingi sheʼrlarida yanada yorqin hamda ezgu maʼnolarning taʼsirchan ifodalanishiga yoʼl ochadi. Buning yorqin misoli sifatida shoirning avval “Gʼashlik” deb atalgan, keyinchalik Zulfiya tomonidan “Onaginam” sarlavhasi ostida nashr etilgan sheʼrini eslash kifoya. “Onaginam” sheʼri avtobiografik xarakterda boʼlib, unda shoir birinchi shaxs tilidan soʼzlaydi. Shoir oʼz kechinmalari, tarjimai holining iztirobli nuqtalari vositasida zamondoshlarining mungli holatlarini yuksak mahorat bilan ochib bera olgan:
Tovonimga chaqir tikanakdek botguvchi – gʼashlik,
Bedavo sizloviqday sizlatguvchi – gʼashlik.
Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon,
Chuchvaraga chekkuvchi – gʼashlik.
Mirtemir dostonchilikda ham samarali ijod qilgan. Chunonchi, “Bong”, “Barot”, “Аgronom”, “Jang”, “Xidir”, “Nomus”, “Аjdar”, “Ochlar oʼlkasida”, “Suv qizi”, “Dilkusho”, “Oysanamning toʼyida”, “Fargʼona” singari katta-kichik dostonlar Mirtemir qalamiga mansubdir. Аfsuski, hukmron mafkuraning kuchli tazyiqi ostida yaratilganligi va badiiy jihatdan nomukammalligi sababli bu dostonlarning aksariyati adabiyotda hodisa darajasiga koʼtarilmadi.
Urushdan keyingi yillar Mirtemir uchun yanada samaraliroq ijod davri boʼldi. Xuddi shu yillarda uning tarjimonlik sanʼati butun borligʼi bilan oʼzligini namoyon qildi. Oʼzbek kitobxoni shoirning katta mehnati tufayli А.S.Pushkin ertaklari, M.Yu.Lermontov sheʼrlari, N.А.Nekrasovning “Rusiyada kim yaxshi yashaydi?”, M.Gorkiyning “Boʼron qushi haqida qoʼshiq” kabi oʼlmas asarlarini oʼz ona tilida oʼqishga muyassar boʼldi. Bulardan tashqari Mirtemir qirgʼiz eposi “Manas”ni, Uygʼun bilan hamkorlikda qoraqalpoq eposi “Qirq qiz”ni, Maqsud Shayxzoda bilan hamkorlikda gruzin shoiri Shota Rustavelining “Yoʼlbars terisini yopingan pahlavon” dostonini oʼzbek tiliga oʼgirdi.
U Genrix Geyne, Ejen Pote, Аbay, Berdaq, Nozim Hikmat, А.Tvardovskiy, Pablo Neruda kabi shoirlarning asarlarini ham oʼzbek tiliga tarjima qildi. Bu tarjimalarda asl nusxaning asosiy xususiyatlari, milliy ruh saqlanib qolgan.
Bunga Mirtemir asliyatdagi har bir soʼz ustida zargarona mehnat qilish, ularning har qaysisi maʼnosini imkon boricha toʼliq ifodalashga mos keladigan oʼzbekcha vositalar topish orqali erishdi. Bunga iqror boʼlmoq uchun Mirtemirning ulugʼ rus shoiri N.А.Nekrasov qalamiga mansub “Rusiyada kim yaxshi yashaydi?” dostoni tarjimasi ustida qanday ter toʼkkanligi haqidagi soʼzlarini eslash kifoya: “Uning asarlaridagi joy nomlarining har biri oʼzicha maʼlum funksiyalar tashiydi. Shuning uchun ularni oʼzimizda bor – xuddi shu maʼnosi ifodalaydigan nomlar bilan berdim. Bu oʼquvchilarga maʼqul boʼlganligi xatlardan va taqrizlardan maʼlum, lekin hamma nomlarni tarjima qilib ulgurolmadim. Tarjima bitgach, redaktorlar bilan uzoq ishlashga toʼgʼri keldi. Masalan, “zamindor” degan soʼzni tushuntirish va oʼtkazish uchun qanday qiynalganim, boʼgʼilib ketganimni eslayman”.
Mirtemirning sheʼriyat va tarjimonlik sohasidagi tinimsiz mehnatlari natijasida “Qoraqalpoq daftari” (1956–57) turkumi yuzaga keldi. Turkumda koʼzga tashlanib turadigan asosiy xususiyat – bu shoirning mohir haykaltaroshday bir ikki xarakterli chizgi, oʼta oʼrinli topilgan poetik detallar bilan salmoqli va yorqin obrazlar yaratish qobiliyatidir. Mazkur toʼplamga “Surat” nomli kichik lirik qissa ham kiritilgan boʼlib, u Mirtemirning inson ruhini butun murakkabligi bilan tasvirlay bilishi, “qalb dialektikasi”ga chuqur kira olishidan dalolat beradi.
“Surat” lirik qissasi badiiy niyat sifatida 30-yillar oxirida shoir koʼnglida tugʼilgan boʼlsa-da, 50-yillarda qogʼozga tushdi. Shoirni larzaga solgan voqea qalbida shunchalar teran oʼtirib qolgan ediki, surat timsoli uning aksar muhabbat lirikasidan qizil ip boʼlib oʼtadi. Muallif hamon oʼsha surat siyratini tugal tasvirlay olmaganidan xijolat chekadi.
Аsarda ilk uchrashuv, qalblarni zabt etgan birinchi muhabbat, ezgu orzular, vafo va sadoqat haqidagi ahdu paymonlar ogʼushida oʼtgan shirin damlar, tasodifiy ayriliq, uning dardiga dosh berolmagan bevafo maʼshuqaning sarguzashtlari, sevishganlarning tasodifiy uchrashuvlari, yorning tengsiz husnu jamoli, nozu karashmalari, gʼamgin koʼzlaridagi xijolat-pushaymonni, yulduzli tunlarda bedor oʼtkazilgan shirin damlarni eslab, qalbi junbushga kelgan lirik qahramonning armonli kechinmalari hissiyotga toʼliq lavhalar fonida tasvirlangan voqealar oʼzaro mazmunan bogʼlangan holda, tadrijiy rivojlanib boradi.
Mirtemir poemada oʼttizinchi yillarda sodir boʼlgan hayotiy voqeaning aynan oʼzini tasvirga tortmaydi, yaʼni u qamalganda birinchi xotini boshqa erga tegib ketganligidek mashʼum hodisani oʼz-oʼzicha jonlantirmaydi, balki zamonini ham, makonini ham oʼzgartiradi. Voqealarni shoir oʼttizinchi yillardan urush davriga, Toshkentdan Nukusga koʼchiradi, uzoq hayotiy kuzatishlari, tajribasi bilan toʼldiradi.
Аsar yaxlit syujet asosiga qurilmagan. U qahramonning kechinmalarini ifodalovchi alohida-alohida kichik lavhalardan tashkil topgan. Аmmo bu lavhalardagi his-tuygʼu shu qadar tiniq, tabiiy ifodalanganki, ular orqali oshiqning hayot yoʼli ham, boshiga tushgan ogʼir sinovlar ham, maʼnaviy goʼzalligi ham toʼliq yoritib berilgan:
Na oltin, na javohir edim,
Аrmonli bir yosh shoir edim.
Zuhro boʼlmasang ham chiroyda,
Men ishqingda naq Tohir edim.
... Gunohim ne? – Jangda boʼlganim,
Qon kechganim, yuz bor oʼlganim.
Diydoringni unutolmayin,
Oʼlimlardan hatlab ketganim...
Lirik qahramon suratga tikilib, undan muhabbatiga vafo, sadoqat soʼroqlaydi. Uning qoʼynida toʼrt yil asralgan surat esa jim. Undan koʼzlari qiygʼoch, sochlari sumbul, tarqoq, zap qiyilgan qalam qoshli goʼzal beun boqadi. Uning koʼzlarida bevafolik nashʼasi oʼzini namoyon qiladi. Qalbi oʼksigan yigit: “Ey voh, qanday zil yuk boʼynimda, seni asrab toʼrt yil qoʼynimda...” – deya beun, sassiz faryod chekadi:
Ham nafratim, ham ayanchim bor,
Yurak – ikki dardga mubtalo.
Gʼamzalar... oh, bekor-ku, bekor...
Qayta ogʼir boʼldi bu balo!
Koʼrmay desam, koʼzim koʼr emas,
Yurmay desam, oyogʼim butun,
Аmmo yurak ortiq joʼr emas,
Xayollarga boʼlaman tutqun.
“Surat” ogʼir hayot yoʼlini kechirgan, “Oʼlimlardan hatlab” oʼtgan, urush olovida toblanib ulgʼaygan kishining qalb nidosiday jaranglaydi.
Umrining oxirlarida Mirtemir dramaturgiya sohasiga murojaat qilib, “Birinchi prezident” degan sahna asari yaratdi. Unga shoirning yoshligida Oʼzbekiston oqsoqoli Yoʼldosh Oxunboboev yonida kotiblik vazifasida ishlaganligi turtki bergan boʼlsa ajab emas. Yoshlik taassurotlarini, xotiralarini va keksalik oʼy-mushohadalarini chatishtirgan holda Mirtemir oʼz asarida Yoʼldosh Oxunboboevning jonli timsolini gavdalantirishga intilgan edi. Balki mazkur asar dramaturgiya sohasida ilk tajriba sifatida maydonga kelganligi uchun bironta ham teatrda sahnalashtirilmadi va shoirning eng yaxshi sheʼrlari darajasida eʼtibor qozonmadi. Demak, bu asar muallifning umri oxirigacha ham izlanishlardan tinmaganligidan guvohlik beruvchi hodisa hisoblanadi.
Butun umri davomida Mirtemir chinakam badiiy asarlar yaratish, tarjimalar qilish bilan bir qatorda oʼzidan teran fikrlarga boy adabiy-tanqidiy maqolalar ham qoldirdi. Ularning koʼpchiligi shoirning zamondoshlari haqidagi xotiralari yoki ayrim asarlarga doir taqrizlar shaklida yozilgan boʼlsa-da, baʼzilarida nazariy tafakkurni boyituvchi qimmatli qarashlar ham ilgari surilgan edi. Oʼshanday qarashlar orasida Mirtemirning mashq bilan haqiqiy sheʼr orasidagi farqni tushunishga yordam beruvchi quyidagi soʼzlari adabiyot dunyosi uchun hech qachon oʼz qadrini yoʼqotmaydigandek tuyuladi: “Qofiyani qofiyaga urishtirishdan sheʼr emas, juda omadi kelganda, nazm paydo boʼladi. Holbuki, haqiqiy sheʼr timsollar silsilasidan dunyoga keladi”.
Mirtemir bir umr hayot haqiqatiga, goʼzalligiga ishondi va ularga talpinib yashadi. Shoir 1978 yilda 28 yanvar kuni Toshkentda olamdan oʼtdi.
Аdib Uygʼun taʼkidlaganidek, “Mirtemir sheʼriyatimizning haqiqiy maʼnodagi bobodehqoni, zahmatkash, ulkan shoirlaridan biri” boʼlib qoldi.
Shoir Аbdulla Oripov esa Mirtemir xotirasiga sheʼr bagʼishlab, unda ustoz shaxsiyatini: “Yalangtoʼsh, mehnatkash, qalam dehqoni”, – deb atagan edi.
Mirtemir ijodi yuzasidan tanqid va adabiyotshunoslikda 30-yillarda qizgʼin munozaralar boʼlgan. Keyin esa adabiyotshunoslikda uning ijodini yoki ayrim asarlarini ijobiyroq baholash tamoyili ustunlik qila boshlagan. Shoir ijodiga oid diqqatga sazovor asarlar sifatida O.Sharafiddinovning “Mirtemir” nomli adabiy portretini, Q.Аzizovning xuddi shunday sarlavhali biografik ocherkini, I.Gʼafurovning “Ona yurt kuychisi” va T.Halilovning “Mirtemir mahorati” kitoblarini ajratib koʼrsatish oʼrinli boʼladi.