Usmon Azim Milliy akademik teatr uchun muayyan ma’noda «adabiy uchlik» – «trilogiya» deb atasa bo‘ladigan uch pesa yozdi – CHo‘lpon haqida «Kunduzsiz kechalar», Oybekka bag‘ishlab «Adibning umri» va «Abdulla Qahhor» nomli-tarixiy-biografik dramalar. Ularni asosiy qahramonlari hayotiga oid voqeabandlik jihatidan izchil bir-birini davom ettiruvchi trilogiya deyish mumkin emas. Ammo boshqa talay xususiyatlariga ko‘ra bu uch asar bir-birini to‘ldiradi. Avvalo, davr, pesalarda aks etgan ijtimoiy voqelik bir – O‘zbekistonda sho‘rolar saltanati qurilib, hukmronlik qilgan yillardan qariyib ellik yili oralig‘ida kechgan voqealar aks etadi uch asarda. Tabiiyki, davr bir ekan, ijtimoiy muhit, munosabatlar, turmush manzaralarida ham mushtaraklik bo‘lishi aniq. Ikkinchidan, pesalarning adabiy-janriy mansubligi ham bir tarixiy-biografik dramalar. Uchinchidan, har uchala pesaning qahramonlari ham real tarixiy shaxslar, qalamga olingan hodisalar ham ayni tarixiy voqelik. To‘rtinchidan, pesalar bosh qahramonlarining kasbi-koridan tashqari, muallif tasvirlaganidek, ularning kechmishlari, dunyoqarashi, taqdirlari ham bir. CHo‘lpon ham, Oybek, Abdulla Qahhor ham davriga sig‘magan, hurfikrliligi, millatparvarligi, haqparvarliligi, murosasizligi uchun jabr ko‘rgan, ta’qib va tazyiqlarga uchragan. Iste’dodi, obro‘-e’tibori tufayli hasadgo‘ylarning tuhmatlariga duchor bo‘lgan. SHularga qaramay, irodasi bukilmagan, jismoniy azoblarga dosh berib, ruhan sinmagan. Boshqa katta-kichik holatlar, detallardagi umumiylikni sanamaganda ham qayd etilgan mushtarakliklarga suyanib uch pesani tarixiy-biografik trilogiya deb dadil aytishga asos etarli.
Istiqlol yillarida SHukur Xolmirzaevning “Qora kamar”, “Ziyofat”, O‘tkir Hoshimovning “Qatag‘on” va vaqt nuqtai nazaridan keyinroq SHukrulloning “Hasrat bog‘i” asarlari yaratildi.