mustaqillik davrining mavzulari bilan boyidi. Bu holat o‘zbek
adabiyoti tarixida yangi davr boshlanganidan darak beradi.
1. Istiqlol davri o‘zbek she’riyatida teran falsafa, haqqoniyik va hozirjavoblik kuchaydi. Mustaqillik davriga kelib xalq va millat manfaatlarini tiklash, turmush sharoitini yaxshilash, uning ruhiy olamini tushunishga intilish tamoyillari ustuvor bo‘lganligini she’riyat namunlari ham ko‘rsatib turadi. Insoniy dard bilan yo‘grilgan she’riyat yuqimli va ta’-sirchan bo‘ladi. CHunki insonning qalbi kulgidan emas, dard va iztirobdan poklanadi.
Davr she’riyatida Vatan, erk, mutsaqillik, muhabbat, sadoqat, tabiat, odamiylikni ulug‘lash kabi ju da ko‘plab mavzularda qalam tebratildi. Ammo ushbu mavzudlar orasida Vatan va istiqlolni ulug‘lash masalasi etakchilik qildi.
Milliylik, milliy urf-odatlar, o‘zbek millati mentalitetiga xos ajoyib axloqiy jihatlar she’riyat namunlari orqali komil insonni tarbiyalashdek adabiyotning muqaddas va bosh vazifasini to‘laqonli amalga oshirish ishini ado etishga kirishdi.
Istiqlol davri adabiyoti kechagi adabiyotdan ijodkor masala mohiyatini, maqsadini, ilgari surmoqchi bo‘lgan fikrini tashqi jihatlariga ko‘ra emas, botinan yoritishi bilan ajrab turadi. Bunda ijodkorlarimiz mehr-oqibat va muhabbat tuyg‘ularini balandparvoz va soxta hayqiriqlar bilan emas, balki sokinlik bilan nihoyatda samimiy holda ifodalashadi. Xurshid Davron "Sen umrimning tongisan" degan she’rida mustaqil vatanni shunday ta’riflaydi: Men ko‘ksingga boshim qo‘ydim:
Sen chekan g‘am, hasratda kuydim,
Suydim sening Oqdaryoyingni
Hamda Qoradaryog‘ingni suydim,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Bu yerda Vatan so‘zi mavhum ko‘rinishga ega emas, balki aniq sifatga, jonli qiyofaga ega tarzida gavdalanadi. So‘zdagi ifoda ana shunday ta’rifni taqozo qiladi. Ma’lumki, hayotda onaning ko‘ksiga, otaning elkasiga bosh qo‘yiladi, Demak, Vatan ona qiyofasida kelyapti. Hayot haqiqatidan ma’lumki, odatda otadan ko‘ra, ona ko‘proq g‘am chekadi va hasrat tortadi. CHindan, shoirning Vatanning g‘amidan kuyinganiga kitobxonda ishonch ruhi paydo bo‘ladi. CHunki Vatanning boshiga ko‘p savdolar tushgani - haqiqat. SHe’rda Oklaryo va Qoradaryo ifodasi ham o‘z tabiiy ma’nosidan ko‘ra, salmoqli falsafiy mazmunga ega. SHoir Oqdaryo deganda Vatanning yorug‘, nurafshon kunlarini nazarda tutsa, Qoradaryoda esa boshiga tushgan qora kunlariga ishora qiladi. SHoir Vatanni yaxshi- yomonlik kunlari bilan barobar sevadi. CHunki u - ona. Har qanday farzand onaga birday aziz. SHoir uchun Vatan shunday azizdir va mo‘‘tabar ekanligi she’r orqali yaqqol anglashilib turadi..
Istiqlol davri she’riyatida xilma-xil she’riy shakllardan foydalanildi. Ikkilik, uchlik, to‘rtliklardan tortib, mumtoz she’riy janrlargacha, G‘arb adabiyotidagi she’riy shakllargacha juda ko‘plab shakliy-uslubiy xususiyatlar namoyon bo‘ldi. Ushbu xususiyat she’riyatimizdagi shakliy-badiiy xilma-xillik va izlanishlarni ko‘rsatib turgani holda, she’riyatning mazmuniy yangilanishiga ham ta’sir ko‘rsatdi.
YAngi davr she’riyatida mumtoz adabiy an’analarni badiiy o‘zlashtirish orqali janrlar o‘zining yangicha ko‘rinshlariga ega bo‘ldi. Mumtoz adabiyotda ko‘plab qasidalar yozilgani bizga ma’lum. Qolaversa, mumtoz qasidalar ko‘proq ulug‘ kishilar, shoh yoki yuyuqori martabali, el-yurt hurmatini qozongan shaxslar faoliyatini ulug‘lab yozilgan. Ammo istiqlol davri adabiyotiga kelib mazkur janr namunlarining ham mazmun-mohiyati kengaydi. Aadbiyotimizda ayniqsa, Vatanni ulug‘lab yozilgan qasidalar ko‘paydi. Sirojiddin Sayyid o‘zining "Bag‘ishlov" she’rida yozadi:
Quyoshu oy kecha-kunduz
Azal posboni bo‘lgan yurt,
Go‘zal CHo‘lponlariyu ham
Go‘zal osmoni bo‘lgan yurt,
Sen, ey, sha’ni balandu ham
Baland ayvoni bo‘lgan yurt,
Tikilsam gar, sevinchdandir,
Ko‘zimdan ketmagay namlar.
SHoir Vatan ta’rifini shoir CHo‘lpon ta’rifi bilan uyg‘unlashtirgan holda o‘ziga xos ifodalamoqda. Qolaversa, she’rdan ijodkorning yurtiga bo‘lgan otashin muhabbati sezilib turibdi.
Mustaqillik davri she’riyatida yirik janrlardagi she’rlarning ham yuzaga kelayotganligi ijobiy holatdir. Yirik janrdagi she’rlarda muallif davr va makon, zamondoshlar dunyoqarashidagi o‘zgarishlarni keng epik talqinlarda ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Ana shu nuqtai nazarda qaraganda Xurshid Davronning “Vatan haqida etti qo‘shiq”, Azim Suyunning “O‘zbekiston”, Ikrom Otamurodning “YObondagi yolg‘iz daraxt”, “Xaritaga tushmagan joy”, Abdulla SHe’rning “YOnayotgan yo‘l” kabi dostonlari janrdagi yangilanishlar bilan bir qatorda xalqimiz qalbidagi og‘riq nuqtalarni, o‘tmishdan qolgan jarohatlarni, zamondoshlar qalbida jo‘sh urayotgan fidoyilik, vatanparvarlik tuyg‘ularini falsafiy ohangda, badiiy jozibadorlikda tasvirlash orqali mustaqillik davri adabiyotini yuksak ma’naviy durdonalar bilan boyitdi.
2. Davr she’riyatining muhim va zalvorli yutuqlaridan biri lirik qahramondir. Davr she’riyatining lirik qahramoni turli qiyofalari, turli ruhiy holatlari, turli vaziyatdagi tutumlari bilan namoyon bo‘ldi. Davrning etakchi ijodkorlari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, SHavkat Rahmon, Muhammad YUsuf, Tursun Ali, Abduvali Qutbiddin, Umson Azim, Azim Suyun, Iqbol Mirzo, Faxriyor, Ulug‘bek Hamdam, Sirojiddin Sayyid kabi o‘zbek shoirlari asarlarida lirik qahramon qalbi, hissiyotlari turfa xil jilolarda jonlandi. Masalan, shoir Erkin Vohidovning “Vatan umidi” she’ridan quyidagi satrlarni o‘qiymiz:
SHukrkim, keldi istiqlol,
Umidimni rost qil, Ollohim,
Ki shoyad beqafas bulbul
Kabi sohib chaman bo‘ldim.
She’rdagi lirik qahramon istiqloldan ruhlanib, o‘zini behad shod va shukronalik kayfiyatida his etadi, mustaqil yurtiga bo‘lgan e’tiqodi, muhabbati, samimiy tuyg‘ularini jo‘shqinlik bilan ifoda etadi.