Do`st bilan obod uying, gar bo `lsa u vayrona ham, Do`st qadam qo`ymas esa, vayronadir koshona ham... Do `st qidir, do `st top jahonda, do `st yuz ming bo `lsa oz, Ko `p erur bisyor dushman bo `lsa bir u dona ham. Erkin Vohidov g`azallarining tili sun`iy jimjimadorlikdan xoli. Shoir misralari g`oyat tabiiy va ravon oqadi. Ana shu sababli Erkin Vohidov g`azallarining deyarli hammasi bastakorlar va hofizlar tomonidan kuyga solinib, qo`shiq qilib aytiladi.
Erkin Vohidovning 70-80-yillardagi she`riyatida ijtimoiy motivlar kuchaydi. Bu xususiyat shoirning «Nido» (1965), «Hozirgi yoshlar» (1974), «Tirik sayyoralar» (1978), «Sharqiy qirg`oq» (1981), «Bedorlik» (1985), «Muhabbatnoma», «Sadoqatnoma» (1986) kabi to`plamlariga kirgan «Zangori shu`lalar», «Biz ishlayapmiz», «Manfaat falsafasi», «Unutish qo`shig`i», «Temirtan daholar» kabi she`rlarida yaqqol ko`zga tashlanadi. Shoir ijtimoiy hodisa va ijtimoiy motivlarni ifodalashda o`zbek xalqi moddiy va ma`naviy hayotining turli sohalariga murojaat etadi. O`zbek xalqining tarixiy o`tmishi, xususan, hozirgi turmush tarzidan realistik manzaralar chizadi. Xalqning milliy xususiyatlarini, milliy qadriyatlarini yorqin aks ettiradi. Ayniqsa, o`zbek xalqining mehnatsevarlik, insonparvarlik, vatanparvarlik, tantilik, mehribonlik, oqibatlilik, bag`rikenglik singari ajoyib fazilatlarini maftun bo`lib tasvirlaydi. Shu bilan birga, xalqning shodligu quvonchlari, dardu alamlari, tashvishu iztiroblari, orzu va istaklarini g`oyat ta`sirli va jozibali qilib aks ettiradi.
Erkin Vohidov «O`zbegim» she`rida zahmatkash o`zbek xalqi obrazini yaratib, o`zbekning qadr-qimmatini haqli ravishda baland ko`tardi. O`zbekning boy va qadimiy tarixga ega xalq ekanini she`riy tilda ta`kidlab, quyidagi xulosaga keldi:
Tarixing bitmakka xalqim, Mingta Firdavsiy kerak. Chunki bir bor chekkan ohing, Mingta doston, o `zbegim. Shoir Erkin Vohidov o`zbek xalqining boy tarixini, milliy qadriyatlarini va ajoyib fazilatlarini tasvirlaganida boshqa xalq va millatlarni aslo kamsitmaydi. U chin baynalmilalchi ijodkor sifatida bu muhim va nozik mavzuga doimo xalqlar do`stligi nuqtai nazaridan yondashadi. Rus xalqi haqida yozganida ham («Buyuk hayot tongi»), Kavkaz xalqlari haqida kuylaganida ham («Fuzuliy haykali qoshida», «Azganush»), O`rta Osiyodagi qardoshlar hayotidan she`riy lavhalar bitganida ham («Tojik birodarimga», «Abay», «Qozoq oqinlariga»), hatto, chet el mavzuini qalamga olganida ham («Kanada turkumidan») Erkin Vohidov serqirra mavzuni o`zga xalqlarga samimiy hurmat asosida yoritadi. Shu orqali do`stlik, birodarlik, tenglik va do`stlik his-tuyg`ularini dil-dildan izhor etadi.
Erkin Vohidov she`riyatida zamonamizning xalq ommasini qiziqtiradigan, tashvishlantiradigan rang-barang masalalari, xilma-xil mavzulari asosiy o`rinni egallaydi va ular hayot haqiqatiga mos holda ezgu niyat bilan sodda va ravon tilda aks ettiriladi. Bir she`rida Erkin Vohidov o`zining shoirona mushohadalarini: «Olam aytar: hech qachon ona tilim o`lmaydi», – deb xulosalaydi. Shoir asarlarida hayotdagi ibratli tomonlarni, porloq tamoyillarni, ijobiy holatlarni tasvirlash bilan birga, salbiy jihatlami, turli illatlarni ochib tashlaydi. Shoir: «Rubobim tori ikkidur: biri quvnoq, biri mahzun. Ki baytim satri ikkidur: biri dilxush, biri dilxun», – deb yozganida xuddi ana shu holni nazarda tutgan. Darhaqiqat, shoir zamonamizning ko`zi va qulog`i sifatida yutuqlarimizni faxrlanib kuylasa, o`zi yashayotgan davrning dardu alamlarini kuyunchaklik bilan ko`rsatib beradi.
Erkin Vohidov ba`zi she`rlarida qadimiy urf-odatlaru milliy qadriyatlarga darz ketayotganidan tashvishlanadi va bunga chek qo`yish masalasini ko`tarib chiqadi. Shoirning «Siyosiy saboq yoki Bek Bekovning g`aroyib sarguzashti» sujetli she`rida tasvirlanishicha, katta boshqarmaning boshlig`i Bek Bekov kunlardan bir kun idoradan uyiga xizmat mashinasida emas, piyoda qaytadi. Yo`lda u turli «g`aroyib sarguzashtlar»ga duch keladi. Natijada, uning ko`zi ochilib, xatolarini anglab oladi. Darhaqiqat, Bek Bekovning uyiga piyoda qaytishi u yashayotgan mahallada har xil gumon va mish-mishlarning tarqalishiga sabab bo`ladi. Birov: «Ishdan ketgan. U, tayin», – deb taxmin qilsa, boshqa birov: «Chaquv bo`lgan yo boshqa biror ko`rgulik. Ha, ish tushgan sho`r boshga», – deya vahima ko`taradi. Choyxonachi Shokirvoy esa unga bo`lar-bo`lmas so`zlar aytib, «nasihat» qiladi. Aslida, Bek – kamtar, sodda, halol, beg`araz odam. U butun umri davomida ish bilan band bo`lgan; ishga erta ketib, kech qaytgan. «Majlis, saylov, nutq, yakun... Ertadan to kech. O`zi uchun biror kun yashamabdi hech». Oxir-oqibatda Bek Bekov ish-ish deb hayotdan – mahalla ahlidan uzoqlashib qolganligini anglaydi va bundan qattiq pushaymon bo`ladi: