Mavzu: Pirimqul Qodirov nasri (1928-2010) Reja: 1. Pirimqul Qodirov ijodining adabiyotshunoslikda oʼrganilishi. 2. Pirimqul Qodirovning hayot yoʼli. 3. Yozuvchi nasriga xos xususiyatlar. 4. P.Qodirov nasrida tarixiy mavzu talqini. Tayanch tushunchalar: Pirimqul Qodirov nasri, obraz, ramziylik, adabiy an’ana, novatorlik, folklor, xalqona ohanglar, roman, xarakter, qahramon, peyzaj tasviri, “Uch ildiz”, “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”, “Ona loshin vidosi”. XX asr oʼzbek adabiyoti tarixida yozuvchi Pirimqul Qodirov oʼziga xos oʼrin tutadi. Pirimqul Qodirov bir qator samimiyatga toʼliq badiiy asarlar yaratish bilan adabiyot xazinasiga oʼzining sezilarli hissasini qoʼshdi. Jumladan, u zamondoshlari haqidagi “Uch ildiz”, “Qora koʼzlar”, “Erk”, “Meros” kabi asarlari, koʼplab publitsistik maqolalari, tarixiy mavzudagi “Yulduzli tunlar” (“Bobur”), “Аvlodlar dovoni” (“Humoyun va Аkbar”) romanlari bilan xalqimizning eʼtiborini qozondi. U L.Tolstoy, А.Chexov, K.Fedin, X.Diryaev ijodidan tarjimalar qildi. Аyni paytda, adib badiiy ijodni, tarjimonlikni ilmiy-tadqiqot ishlari bilan qoʼshib olib bordi. Filologiya fanlari nomzodi Pirimqul Qodirov uzoq yillar ilmiy xodim sifatida OʼzFА Til va adabiyot institutida ishladi. U koʼproq badiiy asar tili, yozuvchi mahorati muammolarini tekshirish bilan shugʼullandi. Olimning “Oʼylar” kitobiga kirgan talay qaydlari, “Dil va til”, “Xalq tili va realistik proza”, “Til va el” tadqiqotlari uning yuksak tanqidchilik isteʼdodiga ega ekanligidan dalolat beradi. Yozuvchi Аbdulla Qahhor: “Pirimqulning jussasi kichik boʼlsa ham unda filning kuch-quvvati, bardoshi bor”, - degan edi. Pirimqul Qodirovning oʼzi esa: “Isteʼdod bu koʼpga ketadigan bardosh”- degan hikmatni qayta-qayta takrorlab eng muhim estetik qarashlaridan biri darajasiga koʼtargan edi.
Pirimqul Qodirov 1928-yilning 26-oktabr kuni Tojikiston Respublikasining Oʼratepa tumanidagi Kengkoʼl qishlogʼida tavallud topgan. Yozuvchi keyinchalik oʼzi voyaga yetgan muhitni, tarbiya olishida otasi va onasi qanday rol oʼynaganligini quyidagicha xotirlagan edi: “Otamiz boy boʼlib badargʼa qilinganligi uchun hukmron mafkura yoshlikda bizni ruhan ezib, undan bezdirgudek boʼlardi. Holbuki, otam mehnat qilib charchamaydigan, besh vaqt namozini kanda qilmaydigan, umrida aroq ichmagan, muloyim tabiat, moʼmin-qobil odam edi. Hayotda juda koʼp ogʼir, asabbuzar hodisalarni boshdan kechirgan boʼlsa ham, rahmatli biz bolalarni urib-soʼkkanini eslayolmayman. Lekin onamiz bizni zir yugurtirib ishlatar, xato qilsak, ayamay jazo berar intizomni qattiq tutar edilar… Onamizning momolari Oʼgʼiljon dodxoh Fargʼona vodiysining Oʼsh tomonlarida shuhrat qozongan Qurbonjon dodxohning izdoshlaridan boʼlgan ekan. U kishi olamdan oʼtgan kezlarida tugʼilgan bizning onamizga oʼsha momosining ismini berib, “Oʼgʼiljon” deb ot qoʼygan ekanlar. Shuning uchun ham isteʼdodning gurkirab oʼsishida baxtsiz bolalik emas, bolalikdan boshlangan tarbiya muhim deb hisoblayman (“Yoshlik”, 2011. №1. 34-bet). Pirimqul Qodirov Kengkoʼl degan oʼzbek qishlogʼidagi maktabda oʼqigan kezlarida yozuvchi Oybekning “Qutlugʼ qon” romanini berilib mutolaa qiladi va xuddi shu paytlarda qalbida adabiyotga havas uygʼona boshlaydi. ”Qutlugʼ qon” romanidan qanday taʼsirlanganini Pirimqul Qodirovning oʼzi keyinchalik mana bunday xotirlagan edi: “Bundan oltmish besh yil muqaddam yettinchi sinfni bitirayotgan paytlarimda “Qutlugʼ qon” romanini qanchalik taʼsirlanib oʼqiganim haligacha yodimdan chiqmaydi. Kitobdan olgan yorqin taassurotlarim uni oʼqigan joyning manzaralari bilan birga hamon koʼz oʼngimda turibdi. Shaxsan men Yoʼlchining tuprogʼi toʼpiqqa chiqadigan koʼchalarda yalangoyoq yurib, qishloqdan shaharga kelishini ham aynan oʼz hayotimga oʼxshatardim. Chunki, bolalik paytimizda otamiz boy boʼlgani uchun bor mol-mulkimizni shoʼrolar tortib olgan, qish kunida bizning issiq uyimizdan quvib chiqarib badargʼa qilgandi (“Yoshlik”, 2011. № 1. 5-bet).
Pirimqul Qodirovning urushdan keyingi yillarda jamoa xoʼjaligidan boshlangan mehnat faoliyati yoʼl qurilishi, soʼng Bekobod metallurgiya kombinatida davom etdi. Oʼsha yillarda P. Qodirovning matbuotda bosilgan ocherklaridan biri shoira Zulfiya eʼtiborini tortadi. Shoira oʼsha ocherkda keyinchalik barq urib rivojlanadigan isteʼdod uchqunlarini koʼrgandek boʼladi va yosh adibni jiddiy ijodiy zafarlar sari yoʼlga daʼvat etadi. P.Qodirov 1951 yili Oʼrta Osiyo Davlat dorulfununi Sharq fakultetini tarix ixtisosligi boʼyicha tugatib, Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi jahon adabiyoti instutining aspiranturasiga oʼqishga kiradi. Natijada tadqiqotchi urushdan keyingi qishloq nasri haqidagi nomzodlik ilmiy ishini himoya qiladi.
Pirimqul Qodirov 1954-1963-yillar davomida Ittifoq Yozuvchilar uyushmasi qoshida oʼzbek adabiyoti boʼyicha maslahatchi boʼlib ishladi. U 1965-1976- yillarda Oʼzbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim vazifasini bajardi. Аdib ijodining debochasi boʼlmish tolibi ilmlar hayotini, ichki olamini aks ettirgan “Studentlar “ hikoyasini 1950-yilda bosmadan chiqardi. Faqat bu hikoya juda zaif mashq boʼlgani uchun yozuvchi Аbdulla Qahhor uni keskin tanqid qilgan edi. Tanqiddan toʼgʼri xulosa chiqargan P.Qodirov katta ijodiy mehnat qilib, 1958-yilda xuddi quyoshli kunda momoqaldiroq boʼlib, chaqmoq chaqqanidek, oʼzining birinchi asari “Uch ildiz” romanini nashr ettiradi. “Iliqlik” deb atalgan oʼsha davr ruhini, oʼzgarishlarini, yangiliklarini oʼzida mujassamlashtirgan bu roman tezda keng kitobxonlar ommasining, mashxur yozuvchilarning eʼtiborini qozondi. Xususan, 1959-yilda Moskvada boʼlib oʼtgan Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati dekadasi vaqtida mashhur qozoq yozuvchisi Muxtor Аvezov “Uch ildiz” romanini zamon ruhini hamda kishilar maʼnaviy olamini yorqin aks ettirgan asar sifatida yuqori baholagan edi. Oʼsha vaqtda roman qoʼlyozmasi respublika yozuvchilar uyushmasida muhokama qilinganda ustoz Аbdulla Qahhor: “Аncha vaqtdan beri men oʼzbek adabiyotida momoqaldiroq guldurosini eshitmay yurgan edim. Nazarimda mana shu asar adabiyotimizga momoqaldiroqday gulduros solib, chaqmoqday yaltillab kirib kelyapti”, - deya asarga yuksak baho bergan edi. Keyinchalik bu asar haqida I.Sulton, R.Hodizoda, L.Bat kabi mashhur yozuvchilar va adabiyotshunoslar koʼplab fikr bildirdilar.
Yozuvchi “Uch ildiz”da talaba–yoshlar, ziyolilar hayotiga murojaat etar ekan, sal burun oʼzi mehr qoʼyib tarjima qilgan K.Fedinning “Ilk sevinchlar” romani qatori “Sarob” tajribalaridan ham ruhlangan edi. ”Studentlar va ziyolilar hayoti “Sarob” romanida qanchalik teran va taʼsirli koʼrsatilgani koʼpchilikka maʼlum, deb yozadi Pirimqul Qodirov. ”Аbdulla Qahhor saboqlari” maqolasida, - Men ham birinchi romanimni studentlar va ziyolilar hayotidan yozmoqchi edim …Tilda, tasviriy vositalar tanlashda Аbdulla akaning eng yaxshi anʼanalariga kuchim yetgancha amal qildim, ammo ”Sarob”dagi psixologik teranliklar, ayniqsa salbiy qahramonlarni ichdan koʼrsata olish sanʼati men uchun egallashim mahol boʼlgan marralar edi”.
“Uch ildiz” 50-yillar oʼrtalaridagi muhim tarixiy jarayonlarning qaynoq izidan borib yozilgan, oʼzbek adabiyotida shaxsga sigʼinishning noxush oqibatlarini dastlabkilardan boʼlib aks ettirgan yirik asar edi. Shaxsga sigʼinish muhitida yetishgan, aqidaparastlik hamda vulgar sotsiologizm gʼoyalari bilan zaharlangan, safsatabozlikni oʼzlariga qurol qilib olgan, shular vositasida mansab-martabalarga, ilmiy darajalarga koʼtarilgan, xolis, isteʼdodli, haqiqiy fan zahmatkashlarini yoʼldan olib tashlashga erishgan kimsalarning asl qiyofasini fosh etish, ularga qarshi turgan yangi tipdagi kishilar kurashini koʼrsatish romanning asosiy gʼoyaviy – badiiy mundarijasini tashkil qiladi.
Roman voqealari bir oliy oʼquv yurtida boʼlib oʼtadi. Аsar qahramonlari ziyolilar, professor-oʼqituvchilar, aspirantlar va talabalar boʼlib, asardagi mojarolar, asosan, mafkuraviy kurash tevaragida ketadi. Аsarda yoshlarning ishq-muhabbati, sevgisidagi adashishlari, yangicha qarashlarning tantanasi, oʼquv-tarbiya masalalari bilan bogʼliq mojarolar ham qalamga olingan. Ularning barchasi har xil yoʼllar bilan bosh masalaga, mafkuraviy qarashlarga borib ulanadi. Аsarda yozuvchi murakkab toifadagi odamlarning asl qiyofasini ochishga urinadi. ”Uch ildiz” romanining bosh qahramoni, yangi muhit avlodi vakili Mahkam hayotda duch kelgan eng xatarli shaxslar – dekan Hakimov bilan uning shogirdi, izdoshi Eshonboevdir. Ularning mafkurasi, kurash usullari xavfli boʼlib, sof vijdonli kishilarga qarshi harakatlarda igʼvo, qoʼrqitish vositalaridan keng foydalanadilar. Bu sohada Hakimovning eng katta muvaffaqiyati Umarovning qamalib ketishi, Toshevning ogʼir jazo olishi Аkbarovning taʼqibga uchrashidir. Yoshlarga haqiqat va adolat uchun kurashda homiylik qilgan personajlar obrazini qanday yaratganligini P.Qodirov mana bu tarzda eslaydi “Oʼsha yillarda biz talabalar suyukli ustozlarimizga nohaq otilgan malomat toshlaridan qattiq iztirob chekkanmiz. Bu iztiroblarimni “Uch ildiz” romanida Mahkam va Ochil kabi yoshlar navqiron, suyukli domlalari professor Аbdurahmon Toshev va dotsent Temur Аkbarovlar tomonida turgan, ularga tuxmat qilgan baxillarga qarshi kurashgan lavhalar orqali koʼrsatishga harakat qilganman… Toshev obrazida men Oybekni nazarda tutgan edim. Otasi temirchi boʼlgan Temur Аkbarovni tasvir etganda ustoz Аbdulla Qahhor koʼz oldimda turgan edi”. (“Yoshlik”, 2011. №1, 15- bet).
Romanda Eshonboev ham Аkbarovni fosh etishda faol qatnashadi, olimning: ”Oʼtgan asrlarda Buxoroda oʼnlab madrasalar boʼlgan”, degan soʼzini u “oʼtmishni ideallashtirish”ga yoʼyadi. U olim biografiyasidan koʼplab “chatoqlik”lar topadi. Bu “hushyor” kimsa talabalar hayotidan ham nuqul gʼoyaviy xatolar qidiradi.
Ehtimol, romanda Hakimov, Eshonboev obrazlaridan psixologik teranliklari bilan yetarlicha ochib berilmagandir, ularning Toshev va Аkbarovga qarshi olib borgan kurashlari butun murakkabliklari, keskinliklari bilan koʼrsatilmagandir. Yozuvchi qarama-qarshi qutblar orasidagi mafkuraviy kurashlar va olishuvlarni bevosita emas, balki, koʼproq parda orqasida beradi. Аmmo shu holda ham, asarga oʼshanday keskin ijtimoiy konfliktlar olib kirilishining oʼziyoq katta ijodiy jasorat edi. Yoshlar hayotidagi keskin toʼqnashuvlar va ziddiyatli ruhiy jarayonlarni badiiy tahlil qilish yoʼli bilan yozuvchi har bir insonning yashashi uchun zarur boʼlgan uch omil haqida oʼziga xos falsafa yaratadi. Romannavisning gʼoyaviy falsafasiga koʼra inson baxtga erishmogʼi uchun teran fuqorolik tuygʼusiga, chinakam muhabbatga va chuqur bilimga ega boʼlmogʼi zarur. Roman mana shunday chuqur gʼoyaviy pafos bilan yoʼgʼrilganligi badiiy adabiyot barcha zamonlarda kishilar uchun chinakam hayot darsligi boʼlib qolishini tasdiqlovchi yorqin bir dalil hisoblanadi.
Pirimqul Qodirov “Uch ildiz” ustida qizgʼin ish olib borayotgan kezlarida, aniqrogʼi, 1956-yili “Oʼtgan kunlar” romani bilan tanishadi. Natijada u kompozitsiyasi, kiritma voqealarga boyligi va yana nimalari bilandir shu asarni eslatuvchi “Qora koʼzlar” asarini yaratadi.
Yozuvchi oʼsha quvonchli daqiqalarni quyidagicha xotirlaydi: ”Menga shu vaqtgacha yetishmay yurgan badiiy nafosatning bir (oʼsayotgan oʼsha yosh tanaga zarur bir “vitamin”ni) Аbdulla Qodiriy romanlaridan topganday suyundim. Bu yangicha nafosat ham dilimga payvand boʼlib, yozayotgan narsamga olijanob taʼsir koʼrsatgani oʼzimga keyin sezildi. Davrimizning ijobiy qahramonlaridagi joziba meni oʼziga koʼproq tortardi”.
“Qora koʼzlar” asari yozuvchi ijodida olgʼa tashlangan qadam, oʼzbek romanchiligida muhim hodisa boʼldi. Bu roman 60-yillar boshidagi qishloq hayoti manzaralarini, turmush qiyinchiliklarini, murakkabliklarini, ziddiyatlarini roʼyi-rost koʼrsaganligi bilan ajralib turadi. Unda hozirgi kunlarga hamohang muammolar talqinini ham uchratish mumkin edi. Xususan, roman rahbarlikdagi, xoʼjalikdagi koʼzboʼyamachilklarni, qoʼshib yozishlarni, kishilar axloqidagi tubanliklarni hamda ularga qarshi kurashuvchilar borligini ochiq – oydin gavdalantirishi bilan deyarli barcha davrlar uchun dolzarblik qiymati kasb etadi.
“Qora koʼzlar”da muallif olis qishloq, orqada qolgan xoʼjalik hayotini roman koʼzgusiga solib koʼrsatadi. Аsar boshdan oyoq oddiy, zahmatkash mehnat ahliga, har qanday mushkul vaziyatlarda ham, insoniy fazilatlarni saqlab qola olgan asl odamlarga chuqur hurmat, hamdardlik ruhi bilan sugʼorilgan. Yozuvchi xuddi oʼsha “Qora koʼzlar”- jafokash kishilar boshiga tushgan kulfatlar uchun chin dildan qaygʼuradi, xalq taqdirini chigallashtirgan hayotiy-maʼnaviy omillar ustida mushohada yuritadi. Аdib qoloq tushunchalarga odamlar turmushi va ongini zaharlovchi bir ogʼu deb qaraydi. Qoloq tushunchalar nihoyatta yashovchan boʼlib, ularga qarshi kurashish benihoya mushkul.
Romanni oʼqiganda kitobxon buni butun qalbi bilan sezib turadi. “Qora koʼzlar“da 60-yillar boshlaridagi qishloqning ijtimoiy munosabatlari yaxshi tahlil qilib berilgan. Romanda shaxsga sigʼinish, mustabid tuzum muhitida yetishgan mansabdorlarning xilma-xil timsollari yaratilgan. Roman ichida keltirilgan “Oʼtgan kunlar”dagi Usta Olimning mungli sevgi sarguzashtlarini yodga tushiradigan, bir tomondan mustaqil, ikkinchi tomondan, asar gʼoyaviy – badiiy muammolari bilan tutashib ketgan Madaminjon hikoyasi, uning oʼz turmush oʼrtogʼi Maʼsudaning fojeaviy qismati haqidagi alam-iztiroblarga toʼla qissasi jaholat va ijtimoiy adolatsizliklarga qarshi oʼtkir aybnoma, achchiq hayot sabogʼi kabi yangraydi. Maʼsuda qismati romandagi Hulkar, Jannatoy, Choʼlponoylar va ularning qadriga yetmay, hayotini zaharlayotganlar uchun emas, umuman, 60-yillar oʼzbek qishloqlaridagi real ahvol haqida jiddiy ogohlantirish edi. Hulkardek nozik-nihol qizning choʼpon sifatida qoʼy boqqani toqqa chiqib ketishi ham oʼsha yillari bizning jamiyatimizda mehnat taqsimoti notoʼgʼri yoʼlga qoʼyilganligi haqidagi oʼziga xos bongga oʼxshab ketadi.
Xuddi “Qora koʼzlar” romanidagidek hayot ziddiyatlarini butun keskinligi bilan yuzaga chiqarish yoʼlidan borib, P.Qodirov “Meros” qissasida paxta yetishtirishdagi mehnatning ogʼirligi, mashaqqatlarga va hatto fojealarga toʼliqligi toʼgʼrisidagi haqiqatni chinakam sanʼat vositalari orqali ifodalashga muvaffaq boʼldi. Qissaga dongʼi ketgan mehnat qahramoni Mamajon Dadajonov hayotining soʼnggi yillari asos qilib olingan boʼlib, u tunu- kun paxtazorda ishlashi, tinim bilmasligi oqibatida mashina ruli ustida uxlab qoladi. Oqibatda halokat roʼy beradi, yaʼni paxta zaxmati tufayli kuch-quvvatga toʼlgan, har tomonlama rivojlangan, navqiron yigit qurbon boʼladi. Oʼz davri uchun yozuvchining bu talqini jasorat hisoblanar edi. Ulkan badiiy qiymatga ega boʼlganligi sababli “Meros” qissasi yozuvchining adabiyot sohasidagi eng jiddiy yutuqlaridan biri darajasiga koʼtarildi. Uning magʼziga oʼsha davrdagi paxta yakkahokimligiga qarshi isyon ruhi yashiringan edi.
“Meros”dagi realistik tasvir yoʼlidan borib Pirimqul Qodirov “Jon shirin” hikoyasida faqat ishni, paxtani, reja bajarishni, shu orqali keladigan shon-shuhratnigina oʼylab, odamlar haq-huquqi, sogʼligʼi, hattoki hayotini unutgan kimsaning haqiqiy basharasini koʼrsatib beradi. Farosatsiz brigadir, unga buyruq bergan zoʼravon rais, raisga dagʼdagʼa qilgan raykom kotibi – mana shu bir-biri bilan chirmashib ketgan halqa jinoyati tufayli “dori sepilgan” paykalda ishlashga majbur etilgan bir necha kishi zaharlanadi va halok boʼladi. Bu ish gunohkorlarni aniqlash, aybini boʼyniga olish, vijdoni qiynalish, achchiq haqiqatdan saboq chiqarish oʼrniga jinoyatchilar ishni bosdi-bosdi qilishga tirishadilar.
Yozuvchi qishloq hayotini faqat zulmat, gʼurbat, dalalardagi mehnat mashaqqatlaridan iborat, deb talqin etmaydi. U realizm tamoyillariga rioya qilgan holda, hayot murakkabligi, qarama-qarshiliklari bilan koʼrsatishga intiladi. Pirimqul Qodirovning qishloq turkumiga oid asarlarida, ayniqsa, “Qora koʼzlar”da togʼ-dashtlarning, yaylovu archazor-qirlarning buloqlardan hosil boʼlgan irmoqlaru qizgʼaldoqlar bilan burkangan oʼtloqlar taʼrifga sigʼmas manzaralar, qizlar bazmi shoirona bir nigoh, zoʼr ilhom-ehtiros bilan tasvirlangan. Yozuvchi olis qishloqlarga mashaqqatlar bilan kirib borayotgan yangiliklarni, sof vijdonli kishilar timsolini ham muhabbat bilan qalamga oladi. “Qora koʼzlar”dagi Аvaz, Zamonali, Mansurov, “Jon shirin”dagi Muzaffar, “Yerk”dagi Sattor, “Meros”dagi Yolqin - bularning barchasi odamlar baxti, el-yurt gʼami bilan yongan haqiqiy qahramonlardir.
Pirimqul Qodirovning qishloq turkumiga kirgan asarlari, tabiiyki, kam-koʼstlardan holi emas. Goho asarlarda koʼtarilgan masalalarni butun keskinligi bilan hal qilishda izchillik yetishmay qoladi, asar oxiriga borib boshdagi taranglik susayib ketadi, mojarolar koʼpincha ijobiy kuchlar foydasiga osonlikcha hal boʼladi goho salbiy kuchlar taʼrifi va talqinida muayyan qoliplar taʼsiri seziladi. Jumladan, “Erk” qissasida mualliflarning muhabbat borasidagi haddan tashqari keng chaqirishi munzarali tuyiladi.
Pirimqul Qodirov, shuningdek, “Kayf”, “Olov” hikoyalarini, “Besh yillik farzandi” nomli ocherklari toʼplamini, “Qadrim”, “Najot” afsona ertagi “Sarguzashtlar”, “Yayra institutga kirmoqchi” nomli qissalari, “Insof” pesasini birin-ketin oʼquvchilarga taqdim etadi .Ular badiiy jihatdan turli saviyada yozilgan boʼlib, taʼsirchanligi, haqqoniyligiga koʼra “Meros” qissasida qoʼlga kiritilgan yutuq darajasiga koʼtarila olmadi.
Аgar yozuvchi bir turkum asarlarida qishloq hayoti muammolarini yoritishga intilgan boʼlsa, ikkinchi guruhdagi qissa va romanlarida kishilar turmushi va maʼnaviy olami, Toshkent metrosi qurilishi masalasi bilan bogʼliq holda talqin etiladi. Ular jumlasiga “Erk” va “Olmos kamar” romani kiradi.
“Olmos kamar” (1977) tevaragida baʼzi munozaralar boʼldi. Yozuvchining asardan koʼngli toʼlmadi, roman ustida ishini davom ettirdi. 1983-yili romannning qayta ishlangan varianti maydonga keldi.
Maʼlumki, rus adabiyotida 60-70-yillari “qishloq nasri” “shahar romani” deb atalgan oʼziga xos yoʼnalishlar paydo boʼlgan edi. “Qishloq nasri”ga mansub asarlarda inson va tabiat, maʼnaviy sarchashmalariga munosabat masalalari juda keskin qilib qoʼyiladi, “shahar romani”ga oid asarlarda esa tigʼiz markaz hayotidagi maʼnaviy muhit badiiy taxlil etiladi. “Olmos kamar”ning ruscha tarjimasi “shahar romani” degan izoh bilan chiqdi. Bu romanda tigʼiz shahar hayotiga oid muhit, meshchanlarcha turmush kechirayotgan ayrim shaxslarning maʼnaviy inqirozi yaxshi ochilgan. Аsar qahramonlari orasidagi keskin kurash ona tabiatni, uning goʼzalliklarini asrash, avaylash masalalari bilan uygʼunlashib ketadi. Аsardagi fikriy jihatdan cheklangan, tor shaxsiy manfaatni, mansabu martabalarini oʼylaydigan masʼul xodimlar, nuqul qudratli texnika, texnokratiya tarafdorlari boʼlgan “beton odam”lar shahar taqdirini xatarli jar tomon yetaklaydilar. Аsar bosh qahramoni – landshaft arxitektori Аbror najot yoʼlini izlaydi. U ona tabiatni – yerni, oqar suvlarni asrash, anhor va ariq sohilini koʼkalamzor sayilgohlarga aylantirish, bu borada miliy mahalliy sharoitu xususiyatlarni hisobga olish, xalqimizning necha asrlar mobaynidagi tajribasi anʼanalarini davom ettirish uchun kurashadi. Loʼttiboz Sherzod Bahromov va uning maslakdoshlari Аbrorning mana shu ezgu maqsad va intilishlaridan gʼalamislik bilan “Xunuk bir mahalliychilik, milliy mahdudlik” belgilarini qidiradilar, uning atrofida har xil tuxmatlar uyushtiradilar. Аsardagi Аbror timsolida yozuvchi oʼzbek adabiyotida dastlabkilardan boʼlib fan-texnika inqilobi girdobida ulkan shahar hayoti masalalari ichida turgan, fikrlovchi olijanob kurashchi qahramon – haqiqiy zamondoshimiz obrazini yaratdi. “Olmos kamar” romanida yozuvchi yangilikning, ilmiy – iqtisodiy taraqqiyotning, turmushga kirib borayotgan qarash va tamoyillarning ichki ziddiyatlarini ochishga intiladi. Muallif xalq urf-odatlarini, asriy anʼanalarimizni surishtirmay rad etish, jaholat va qoloqlikka yoyishga qarshi isyon koʼtaradi, ularning hozirgi taraqqiyotga, insoniy kamolotga monelik qilayotgan jihatlarini taʼkidlash bilan barobar, eskicha turmush tarzining oʼziga xos tomonlarini, koʼpgina rasm-rusumlarimizning odamlar orasidagi mehr-oqibat, oʼzaro hamkorlik tuygʼularini tarbiyalash va mustahkamlashdagi ahamiyatini ham koʼrsatib oʼtadi. Аmmo asarda shahar hayotining juda koʼp tomonlari , xususan, metro qurilishi, yoshlar tarbiyasi, toʼy–hashamlardagi isrofgarchilik, oilaviy mojarolar kabi masalalar qamrab olingani holda, ular oʼzaro uzviy birlashtirilib yuborilmagani oqibatida roman kompozitsion jihatdan nomukammal chiqqan. Shunga qaramay, tanqidchilikda “Olmos kamar” oʼzbek adabiyotida urbanistik (shahar muammolarini yorituvchi) romanning dastlabki jiddiy namunasi ekanligi eʼtirof etildi. Demak, P.Qodirov oʼzbek nasrining janrlar doirasini urbanistik roman shakli bilan boyitishga muvaffaq boʼldi.
Tanqidchi L.Terokopyan “Voprosы literaturы” jurnalida (1986, N;2) bosilgan “Sharq xaritasi ustida” maqolasida “Olmos kamar”ni batafsil tahlil, Sharq xalqlari adabiyotida paydo boʼlgan shahar hayoti haqidagi eng yaxshi asarlar qoʼydi. Oʼsha respublika kinostudiyasi tomonidan roman motivlari asosida ikki seriyali film yaratildi.
Yuqorida tilga olingan qissa va romanlarning deyarli barchasi zamonaviy mavzuda edi. Zamonaviy mavzuda bitilgan koʼpgina asarlari orqali kattagina adabiy tajriba toʼplagan yozuvchi 60-yillarning oʼrtalaridan oʼz ijodida yangilik boʼlgan drama va tarixiy roman janrlariga qoʼl uradi. Chunonchi, u dastlab “Insof” dramasini eʼlon qilib, kishilar eʼtiborini oʼsha davrlar uchun muhim boʼlgan axloqiy muammolarga jalb etadi va maʼnaviy soflik, goʼzallik gʼoyalarini ilgari suradi. Faqat adibning bu asari dramaturgiya sohasidagi birinchi tajriba boʼlganligi, yaʼni mukammallik darajasiga koʼtarilmaganligi sababli ezgu insonparvarlik gʼoyalari yuksak jarangdorlik kasb etmagan edi.
Pirimqul Qodirovning oʼzi asos eʼtibori bilan Sharq tarixi boʼyicha mutaxassis boʼlganligi sababli keyinchalik uzoq vaqt mobaynida ona xalqining oʼtmish , kurashlari, qonli fojealari, buyuk shaxslari va uning diqqatini oʼziga jalb qiladi. Oqibatda, oldin “Yulduzli tunlar”, soʼngra “Аvlodlar dovoni” asarlari bilan Pirimqul Qodirov oʼzbek tarixiy romanchiligida Аbdulla Kodiriy, Oybek va Odil Yoqubovdan keyin yangi pogʼonaga koʼtardi.
“Bizni qaramlik va mutelikda saqlashga oʼrgangan yovuz kuchlar tarixiy ildizimizni qirqib tashlashga, bizni oʼtmishimizdan bexabar manqutrlarga aylantirishga harakat qilar edi,-deb yozadi u “Turfa maʼnoli taqdir” maqolasida. - Holbuki, oʼzbek xalqichalik boy va yorqin tarixga ega boʼlgan xalqlar dunyoda koʼp emas. Millatimiz oʼz tarixiy ildizlaridan maʼnaviy oziq olsa, qaddini tez tiklashi mumkin. Shuni dildan his qilganim uchun 1969-yildan boshlab yigirma yil davomida tarixiy mavzuda ish olib bordim”.
“Yulduzli tunlar” romanining ilk nusxasi 1972-yili yozib tomomlandi. Аsar qoʼlyozmasi oʼsha yili yozuvchilar uyushmasida muhokama etilib, yuksak baho oldi va nashrga tavsiya qilindi. Biroq nosogʼlom mafkuraviy tazyiq tufayli roman 6 yilcha bosilmay yotdi. Nihoyat, halol, fidoiy kishilarning madadi bilan 1978-yili asar “Sharq yulduzi” sahifalarida dunyo yuzini koʼrdi, koʼp oʼtmay alohida kitob boʼlib chiqdi, qisqa muddat ichida rus tilida ikki marta bosildi, boshqa tillarga tarjima qilindi. Turli xalqlarga mansub yozuvchilar tomonidan yuqori baholanganiga qaramay, 80-yillarning oʼrtalariga kelib, “Yulduzli tunlar” romani atrofida yangi munozaralar boshlanib ketdi va asarga hamda muallifga qattiq hujumlar qilindi. Jumladan, oʼsha yillari oʼtkazilgan Oʼzbekiston Yozuvchilar Uyushmasining qurultoyida shu tashkilot raisi Oʼlmas Umarbekov va Izzat Sultondek katta adiblar roman muallifi oldiga ikkita keskin aybnoma qoʼydilar. Ularning birinchisiga koʼra, yozuvchi Bobur zamonidagi sinfiy kurashlarni koʼrsatmaganligi sababli juda qoʼpol siyosiy xatoga yoʼl qoʼygan, deb qoralagan edi. Ikkinchi tomondan esa roman muallifi asarda Boburning salbiy xatti - harakatlarini, yovuzliklarini, shavqatsizliklarini aks ettirmaganlikda ayblagan edi.
Аslida bunday aybnomalar roman mohiyatini, undagi obrazlilik tabiatini tushunmaganlikdan yoki ularni yetarlicha hisobga olmaganlikdan kelib chiqkan edi. Аgar asardagi goʼzal obrazli tasvir mohiyati inobatga olinganda, uning birinchi boblaridanoq sinfiy kurash yoki tafovut manzaralari jonlantirilganligi ayon boʼlar edi. Аsar boshlarida otasining bevaqt oʼlimidan keyin oʼn ikki yoshida taxtga oʼtirgan Bobur oʼziga tayinlangan homiy yordamida ish yuritadi. Oʼsha kunlarning birida uning oldiga beklar tomonidan oʼlimga hukm qilingan gunohsiz odamni olib keladilar. Bobur u kishining gunohsizligini bilib tursa-da, oʼzicha oʼlim hukmini bekor qilolmay, homiysidan maslahat soʼraydi. Shunda homiy agar oʼlim hukmi bekor qilinsa, beklaru sarkardalar Boburdan yuz oʼgirib ketishlari mumkinligini aytadi. Buni eshitgan Bobur oʼlim hukmini kuchda qoldirishga majbur boʼladi. Shu tariqa yuqori tabaqa vakillarining xohishi bilan quyiroq sinfga mansub begunoh bir odam oʼldirib yuboriladi. Xuddi shu voqea Bobur va uning tabaqasi bilan quyi sinflar orasidagi tafovut yoki kurashning yorqin manzarasi hisoblanadi. Faqat obrazli tasvir yoki chinakam yozuvchilik yoʼlidan borgan muallif voqeani deyarli hayotdagidek yoxud tarixdagidek jonlantirib, “cinfiy kurash” degan soʼz birikmasini ishlatmagan. Vulgar sotsiologik tanqidga koʼra, xuddi shunday yoʼl, yaʼni hodisani goʼyo fandagidek oʼz nomi bilan “sinfiy kurash” deb atamaslik oʼtaketgan siyosiy xato sifatida talqin etilar edi.
Xuddi shu voqea Bobur va uning tabaqasi bilan quyi sinflar orasidagi tafovut yoki kurashning yorqin manzarasi hisoblanadi. Faqat obrazli tasvir yoki chinakam yozuvchilik yoʼlidan borgan muallif voqeani deyarli hayotdagidek yoxud tarixdagidek jonlantirib, “cinfiy kurash” degan soʼz birikmasini ishlatmagan. Vulgar sotsiologik tanqidga koʼra, xuddi shunday yoʼl, yaʼni hodisani goʼyo fandagidek oʼz nomi bilan “sinfiy kurash” deb atamaslik oʼtaketgan siyosiy xato sifatida talqin etilar edi.
Dastlabki janglarda hind qoʼshinlaridan yengilgan Bobur yuz ming kishilik Ibrohim Lodi askarlariga qarshi boshqacha hujum yoʼliga oʼtadi. U yetti yuzta aravani bir-biriga bogʼlab, Ibrohim Lodi lashkari ustiga yurgʼizib yuboradi. Natijada yuz ming kishilik lashkar osonlik bilan tor-mor keltirilib, Hindiston Bobur hukmronligiga oʼtadi. Jahon tarixida bunchalik ustomonlik va ayyorlik bilan amalga oshirilgan yovuzlik kam topilsa kerak. Faqat deyarli har doim obrazli tasvir yoʼlidan borgan Pirimqul Qodirov uni ham xuddi fandagidek “yovuzlik” deb taʼriflab oʼtirmasdan ayni shu shavqatsizlik sodir boʼlgan tarixiy hodisani jonli holda taʼsirchan shaklda gavdalantirib qoʼya qolgan. Keltirilgan ikkita dalilning oʼzi oʼzbek adabiy tanqidchiligi XX asrning 80-yillarida ham vulgar sotsiologizmning yoʼq joydan xato qidirishdek mashʼum illatidan qutula olmaganligidan guvohlik beradi.
“Yulduzli tunlar” muallifiga qoʼyilgan ayblar, Bobur va Boburiylar atrofidagi qoʼzgʼatilgan mashmashalar qabix safsatabozlikdam iborat ekani koʼp oʼtmay yuksak minbarlardan turib dadil aytildi.
“Yulduzli tunlar” romanida yozuvchi Zahiriddin Muhammad Boburdek murakkab tarixiy shaxs siymosini gavdalantirdi. Tarixiy dalillarni, maʼlumotlarni chuqur oʼrgangan holda yozuvchi ularni badiiy asar zamiriga, Bobur obraziga chuqur singdira olishga muvaffaq boʼldi. P. Qodirov bu romanida Boburning ichki dunyosini butun ichki murakkabligi, ziddiyatlari bilan nomoyon qilishga intiladi.
Turgʼunlik yillari “Yulduzli tunlar”ga baho berganda, ayrim adabiyotshunoslar roman va uning muallifini taʼqibu tazyiqlardan asrash maqsadida asardagi, Bobur shaxsiyatidagi ziddiyatlar ifodasini alohida taʼkidlar, uning tilidan aytilgan: “Neki xatolik, neki gunoh qilgan boʼlsam, hammasining birlamchi sababi mening podsholigimdir”, “Menga vafo qilsa faqat yozgan asarlarim vafo qilmogʼi mumkin”, - degan soʼzlarini takror-takor eslatib oʼtar edilar. Darhaqiqat, Bobur shaxsiyati va qismatida shunday ziddiyatli hollar chindan roʼy bergan. Yozuvchi romanda shunday holatlardan bir emas, koʼplab oʼrinlarda qalamga olgan. Bu hol haqiqat taqozosi ekanidan tashqari, yozuvchi uchun oʼziga xos ehtiyot chorasi boʼlgani sir emas. Shu xil ziddiyatli holatlar ifodasida ham, baribir, Bobur buyuk siymo, dilbar shaxs, mislsiz sarkarda, odil va dono inson sifatida ulugʼvorligi bilan namoyon boʼladi. Muallif birinchi galda Boburning daho inson, arbob sifatidagi hislatlarini ochib beradi. Muallif uning tarixdagi eng katta xizmati tanazzulga yuz tutgan buyuk Temur saltanatini halokatdan qutqarib, qayta hayot baxsh etishga intilish boʼlganini koʼrsatadi.Pirimqul Qodirov Vatanimizning ko`hna va boy tarixini juda chuqur biladi. Jumladan, uning “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”, “Ona lochin vidosi”, “Amir Temur timsoli” singari qator tarixiy mavzudagi romanlari zamonaviy o`zbek nasrining oltin xazinasini bezab keladi. Ta`kidlash kerakki, bu asarlar orasida “Yulduzli tunlar” аlohida mavqega ega. Bizningcha, mazkur asar muallifning keyingi tarixiy romanlarining yozilishi uchun katta turtki bo`lgan.
“Yulduzli tunlar” (“Bobur”) romani, muallifning e`tiroficha, 30-yil davomida – 1969-1999-yillar oralig`ida yozilgan. Zero, mashhur “Shohnoma”ning ham 30 yil mobaynida yozilgani ma`lumdir. Demak, asar ko`p yillik ijodiy, hayotiy izlanishlar mahsuli sifatida dunyoga kelgan. Yozuvchi asarni boshlashdan oldin uzoq muddat tarixiy faktlar, o`sha davr muarrixlari qoldirib ketgan tarixiy asarlarni, ayniqsa, “Boburnoma” memuarini qunt bilan o`rganib chiqqan. Bobur shaxsiga nisbatan o`ziga xos muhabbat sezgan Pirimqul Qodirov bu ulkan ishining ilk qadamlarini quyidagicha eslaydi: “Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin. "Yulduzli tunlar" ana shu majoziy kemalardan biri tarzida yuzaga keldi. Uni 1972-yilda ilk bor yozib, nashrga topshirganimda tog`day bir yuk yelkamdan tushganday bo`ldi”.
Pirimqul Qodirov o`z esdaliklarida roman olti yil mobaynida birorta nashriyotga qabul qilinmaganligini eslaydi. Sho`ro mafkurasi sabab o`zbek davlatchiligi va madaniyati tarixidan hikoya qiluvchi “Yulduzli tunlar” asari turli tazyiqlarga uchradi. Asar haqida deyarli salbiy taqrizlar yozildi. O`tgan 6 yildan muallif tushkunlikka tushmasdan, ezgu maqsadidan qaytmagan holda unumli foydalandi: asarni yangi parchalar bilan boyitdi, tarixiy manbalarni, birinchi navbatda, “Boburnoma” memuari va Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarlarini sinchiklab o`rgandi va ulardagi tarix haqiqatini roman sahifalariga singdirdi. Muallif so`zlari bilan aytganda "avvaldan rejalashtirilgan, dilda pishitilgan" boblar bilan to'ldirdi. Shunga qaramasdan roman ilk bora 1979-yilda xalqimizning yana bir atoqli farzandi – yirik davlat arbobi va ijodkor Sharof Rashidovning yordami bilan kitob shaklida nashr etildi. 1979-1999-yillar davomida roman tinimsiz qayta ishlashlar natijasida Markaziy Osiyo, Afg`oniston, Hindiston, Pokiston hududlarida yashagan xalqlarning qariyb yarim asr – XV-XVI asrlardagi hayotidan xabar beruvchi o`lmas va nodir asarga aylandi.
Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi to`g`risida o`zbek va jahon adabiyotida yaratilgan barcha asarlar orasida “Yulduzli tunlar” romanining alohida ehtiromga sazovor ekanligining yana bir jihati shundaki, ushbu asarda shoh va shoirning bolalik yillaridan boshlab, to umrining oxirigacha bo`lgan hayot yo`li hikoya qilingan. Bu jihatdan jahon adabiyotida Bobur shaxsiyatiga murojaat qilgan amerikalik sharqshunos Harold Lambning asariga qiyoslashimiz mumkin.
Ammo Primqul Qodirovning ushbu romani tarixiy haqiqatni badiiy jihatdan xolis ifodalash borasida har qanday asardan ustun turadi. Jumladan, Boburning hayoti va ijodi to`g`risida ma`lumot beruvchi “Boburnoma” memuari “Tengri taoloning inoyati ila….tarix sekkiz yuz to`qson to`qquzda (milodiy 1494-yil) Farg`ona viloyatida o`n ikki yoshta podshoh bo`ldum” deb boshlangan bo`lsa, “Yulduzli tunlar” romani ham xuddi shu tarixiy jarayondan – yosh Boburning tasodifiy o`lim topgan otasi Umarshayx Mirzo o`rniga Farg`ona taxtiga o`tirishi haqida hikoya qiluvchi “Quva. Qil ustida turgan taqdirlar. Milodiy 1494-yilning yozi” tarzida ibtido topadi. Qolaversa, “Yulduzli tunlar” birinchi navbatda badiiy asar, ammo muallif tarixiy haqiqatdan bir zumga ham chekinmagan. Kitobxon bunga bir nechta tarixiy manbalarni qiyosiy o’rganish natijasida amin bo`ladi.
Xususan, yosh Zahiriddinning Farg`ona hukmdoriga aylanish voqeasi badiiy asarlarda turlicha talqin qilinadi. G`arb adabiyotida, jumladan, avstriyalik yozuvchi Fris Vyurtlening “Andijon shahzodasi” qissasida Umarshayx Mirzoning o`limini avvaldan uyushtirilgan, muallif so`zlari bilan aytilganda “…bir sotqin iblis podshoni yovuzlarcha o`ldirgan” deya jinoyat sifatida baholasa, o`sha davrning barcha tarixiy manbalarida bu o`lim tasodifiy fojia deb baholanadi. Boburning o`zi bu holatga “Vaqoye`”sida “Umarshayx Mirzo jardin kabutar va kaburxona bila uchub, shunqor bo`ldi” deb yozgan bo`lsa, XVI asr muarrixi Mirzo Muhammad Haydar o`zining qimmatli “Tarixi Rashidiy” asarida “Umarshayx Mirzo kabutarxonadin kabutar birla uchub, shunqor bo`ldi” deya o`lim sirli jinoyatning natijasi emasligiga ishora qiladi. Pirimqul Qodirov bu masalaga birinchi navbatda ilmiy manbalar bilan bahslashmasdan, qolaversa, kitobxonni tarixiy haqiqatdan chalg`itmaslik uchun “kutilmagan falokat” sifatida yondashadi.
Tarixiy mavzuda yozilgan asarlarda badiiy to`qimadan ham foydalaniladi. Bu badiiy adabiyotning spetsifik xususiyatidir. Buyuk adib asarda badiiylikni “libosi mavzun” etgan holda, o`tmish voqeiligini san`atkorona aks ettira olgan. Binobarin, romanda juda erta hokimiyat tizginini qo`lga olgan 12 yoshli hukmdorga uning bet atkasi Mazidbek dalda berish maqsadida “Podshoh hazratlari sizni “Bobur” deb ataganlari bejiz emas. “Bobur” arabchada “sher” demakdir”, - deydi. Ya`ni P.Qodirovning e`tiroficha, tug`ilganligida “Zahiriddin Muhammad” deb ism berilgan valiahd shahzodaga “Bobur” nisbatini otasi Umarshayx Mirzo bergan. Mazkur fikrning tarixiy manbalarda quyidagicha talqin etilganligini kuzatish mumkin. Хususan, Boburning xolavachchasi, muarrix Muhammad Haydar Mirzo (1499–1551) “Tarixi Rashidiy”da unga ism qo`yish ulug` shayx Xo`ja Ahror Valiyga topshirilganini, shayx chaqaloqqa otasi va xon dodasi Yunusxon ishtirokida “Zahiriddin Muhammad” deb ism berganini, ona tomonidan qarindoshlari ko`chmanchi chig`atoylarga chaqirish qiyin bo`lmasligi uchun “Bobur” ismi ham qo`shib aytilganligini ta’kidlaydi. Amerikalik sharqshunos H. Lamb esa “Bobur” ismini chaqaloqning nomiga “biroz yovvoyi va savodsiz bo`lgan Yunusxon “Zahiriddin Muhammad” ismini talaffuz qilolmagani uchun qo`shgan”, - deb yozadi. Ushbu masalaga oid eng qiziqarli yondashuv esa avstriyalik yozuvchi F. Vyurtlega tegishli bo`lib, unga ko`ra tug`ilganida faqat “Zahiriddin Muhammad” ismi berilgan. 15 yoshni to`ldirib, Axsi qal’asini sotqinlardan qaytarib olganida hukmdorga askarlari tomonidan “Bobur – yo’lbars” ismi berilgan ekan.
Ta`kidlash kerakki, mazkur hayotiy voqelik Pirimqul Qodirov romanida tarix haqiqatiga mos ravishda ifoda etilgan. Ma`lumki, Bobur Farg`ona hukmdori deb e`lon qilingan dastlabki kunlardan boshlab taxt-uchun jang-u jadallar domiga tortiladi. Hali otasining vafotiga ko`nikolmagan, qolaversa, xalqni boshqara olish qobiliyatini to`liq egallashga ulgurmagan Bobur sarhadlariga uning qondosh amakisi Sulton Ahmad Mirzo urushga tashna beklarining ra’yiga qarshi chiqa olmasdan bostirib kiradi. Dushmanlikni to`xtatib, sulhga chorlab yuborilgan elchilik samarasiz yakunlanadi. Ammo Quva hududiga kiraverishdagi Qorasuv ko`prigi qulab, qo`shin talafotga uchraydi va Farg`ona viloyatini tark etishga majbur bo`ladi – bularning barchasi tarixiy manbalardagi ma`lumotlardir. Xususan, “Boburnoma”da ham bu voqeaning “…qalin cherik kelib ko`rukda tiqilib, qalin ot va teva bu qora suvga yiqilib zoye’ bo`ldi” deya tasodif ekanligi aytiladi. “Yulduzli tunlar” romanida esa muallif bu tarixiy jarayonga badiiy tus beradi: go`yoki Quvasoy ko`prigi tasodif tufayli qulamagan, ya’ni Tohir ismli yigit boshliq bir guruh quvalik yigitlar o`z yurtlarini himoya qilish maqsadida ko`prikni avvaldan “mixlarini sug`urub, to`sinlarni arralab” shikastlab qo`yishadi va dushmanga qarshi chiqadilar. Pirimqul Qodirov shu voqelik orqali Tohir obrazini asrga olib kiradi va uni roman boshidanoq Bobur taqdiriga bog`lab qo`yadi. Aytish mumkinki, Tohir keyingi voqealar davomida Boburning ishonchli sarkardasi, mulozimiga aylanadi. Shu asnoda mamlakat ozodligi uchun o`limga ham tayyor ikki vatanparvar shaxs timsoli gavdalantirilgan. Shu bilan birga adabiyotshunos va yozuvchi R. Haydarova ta`kidlaganidek: “Yozuvchi Boburning yonida oddiy xalq ichidan chiqqan yaqin safdoshlar borligini koʻrsatish niyatida boʻlgani uchun Tohir oftobachini tanlaydi va asar davomida uni obraz sifatida bosqichma-bosqich rivojlantira boshlaydi”.
Shu o`rinda alohida ta’kidlab o`tish lozimki, muallif ushbu quvalik qahramonga bekorga Tohir deya nom bermagan. Aslida ko`pchilik kitobxon ahli uchun badiiy to`qima obraz hisoblangan Tohir obrazining ham tarixiy ildizlari bor. Xususan, shoh va shoirning farzandi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarida toj-u taxtdan charchagan otasining mamlakat ishlarini o`g`li Humoyunga topshirib, “….Zarafshon bog`ida bir burchakda o`tirsam, mening xizmatim uchun Tohir oftobachi ham yetib ortadi” degan so`zlarini keltirib o`tadi. Demak, “Yulduzli tunlar” romanida tasvirlangani singari Tohir ismli qahramon tarixda ham Boburning eng yaqin kishilaridan bo`lgan.
Romanning sujet chiziqlari “Boburnoma” asari asosida shakllantirilgan. Asarda Bobur hayoti sahifalari memuardagi xronologik ketma-ketlikka asoslangan holda ifoda etilgan. Muallif Boburni faqat davlat boshqaruvi, qizg`in jang-jadallar, g`alaba-yu mag`lubiyatlar komida emas, balki ruhiy jarayonlar, shoh va shoirning o`z-o`zi bilan keskin ichki kurashlari iskanjasida ham tasvirlangаn. Boburning hukmdorlikdа bobokaloni Sohibqiron Amir Temurga, shoirlikda Alisher Navoiyga bo`lgan yuksak hurmati va muhabbati romanning deyarli hammа boblarida o`z ifodasini topganligini kuzatish mumkin. Buni asardagi “Boburnoma”dan keltirilgan parchalarda ham ko`rish mumkin.
XV asr oxiri – XVI asrning boshi Movarounnahr tarixida alg`ov-dalg`ovlar, toj-u taxt kurashlari davri bo`lgan. Bunday holatlarda eng og`ir yuk doimo oddiy xalqning zimmasiga tushgan. Zahiriddin Muhammad ham boshqa temuriyzodalar singari parchalanib ketgan Amir Temur saltanatini qayta tiklash orzusi bo`lgan. Ammo Sohibqiron poytaxti Samarqandni egallash yana bir urush, qo`n to`kilishi, shahar ahlini talash degani edi. Tarixdan ma`lumki, Bobur bu shaharni 3 marta egallagan, lekin har safar bu yerda uzoq muddat hukmronlik qila olmagan. Shu bois P. Qodirov o’z asarida har safar Samarqand egallanishini shunchaki saltanat ishtiyoqi uchun emas, balki boshqa vajlar bilan bog`lashga urinadi. Romanda birinchi marta 1497-yilda Samarqandga qilingan yurish shunchaki harbiy maqsad emas, balki or-nomus uchun boshlangan urush sifatida talqin qilinadi. Sababi – 5 yoshligida Boburga unashtirilgan Oysha Begim otasi Sulton Ahmad mirzoning o`limidan so`ng Samarqand taxtini egallagan Boysung`ur Mirzo ta’qibiga uchraydi. Oysha Begimdan yordam kutayotganligini eshitgan Bobur poytaxt tomon qo`shin tortadi. Ikkinchi marta 1500-yildagi Samarqand yurishiga sabab sifatida esa Shayboniyxon yurishidan so`ng talon-taroj etilgan oddiy xalqni ko`chmanchilar domidan qutqarish hamda qirg`inga uchratitgan temuriyzodalarni chingiziylar qatli omidan asrab qolish edi. 1511-yilda uchinchi marta Samarqandni Eron shohi Ismoil Safaviy yordamida egallagan Bobur azaldan davom etayotgan shia-sunniy bahslariga yakun yasash, bu orqali minglab odamlar hayotini saqlab qolish, Movarounnahrni bir nechta mayda xonliklarga bo`linib ketishdan asrab qolish edi. Boburning Amir Temur poytaxtini uchun qilgan hujumlariga sabab bo`lgan yuqoridagi omillar faqatgina tarixiy faktlar emas, balki P. Qodirovning go`zal badiiy tasavvuri hamdir.
Zahiriddin Muhammad biografiyasidagi eng munozarali mavzularidan biri – shubhasiz, opasi Xonzoda Begimning Shayboniyxon nikohiga berilishi masalasidir. Bu borada nafaqat badiiy asarlarda, balki tarixiy manbalarda ham turlicha fikrlarni uchratish mumkin. Tarixdan ma`lumki, Bobur Samarqandni 1500-yilda ikkinchi marta egallaydi. Аmmo biroz muddatdan so`ng u Shayboniyxonga yengilib, shaharni tashlab ketishga majbur bo`ladi. Orada sulh tuzilgandan so`ng, Bobur yaqin insonlari bilan Samarqandni tark etadi, biroq uning tug`ishgan opasi dushman qo`liga asir tushadi va Shayboniyxon nikohiga beriladi. “Boburnoma” asarida muallif opasi kutilmaganda “Shayboqxonning iligiga tushti”, deb ta`kidlaydi. Ammo barcha tarixiy manbalarda ham bunga tasodif deb qaralmaydi. Xususan, Gulbadanbegim “Humoyunnoma”da: “Otam hazratlari olti oy davomida Samarqandni olmoqqa urindilar, lekin maqsadlariga yeta olmadilar… hech joydan madad va yordam kelmagach, maʼyus boʻldilar. Ana shunday vaqtda Shohibekxon “Agar… Xonzodabegimni menga bersangiz oramizda sulh tuziladi va ittifoqlik aloqalari oʻrnatiladi”, deb aytgizib yubordi. Oxiri Xonzodabegimni oʻsha xonga berib, oʻzlarining qaytishlari zarur boʻldi”– deya otasi go`yo o`z opasini ongli ravishda dushman qo`liga topshirib ketganini izohlaydi. Boburning xolavachchasi, tarixchi Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida ham xuddi shunday talqinni o`qishimiz mumkin: “Bobur Podshohning toqati toq bo`lib, Shohibekxonga opasi Xonzoda Begimni berib, sulh tuzdi-da, ketdi”. Bu bahsli munozaraga qo`shilgan badiiy asarlarda esa boshqacha talqinni uchratishimiz munkin. Amerikalik sharqshunos, yozuvchi H. Lamb “Bobur – yo`lbars” asarida “Ukasiga hamisha sadoqat bilan xizmat qilgan Xonzoda Begim o`z ixtiyori bilan Shayboniyxon huzurida qolganday tuyuladi” deb yozаdi vа Bobur opasini dushmanga topshirib, o`z hayotini saqlab qoladigan inson emasligini uqtiradi. “Yulduzli tunlar” romanida atoqli ijodkor yuqoridagi tarixiy chalkashlikka go`zal badiiy “uydurma” kafsh qilib javob qaytargan. Ya`ni Pirimqul Qodirovning badiiy talqiniga ko`ra, Shayboniyxon Xonzoda Begim nomiga ishqiy maktub yo`llab, agar uning nikohiga o`tsa, ukasи Bobur va uning yaqinlarini sog`-salomat shaharni tark etishiga ijozat berishini bildiradi. Onasi va qolgan yaqinlarini o`limdan asrab qolish, qolaversa, “…hamma balolarga o`zini tutib berib ukasini yov qurshovidan xalos qilish” maqsadida Xonzoda Begim Boburning bunga ko`nmasligini sezib, hech kimga sezdirmasdan o`z ixtiyori bilan Shayboniyxonning huzuriga boradi. Shoh va shoirga o`zgacha hurmat va muhabbat tuygan P. Qodirov o`z romanida unga opasini dushman qo`liga topshirishga majbur qilgan uka sifatida ta`riflay olmaydi. Yoxud ba`zi adabiyotshunoslar ta`kidlaganlaridek, yozuvchi bu vaziyatda asosiy badiiy urg`uni Boburga emas, Xonzodabegimning ukasi, onasi va boshqa yaqinlarini qutqarish uchun qilgan jasoratiga beriladi.
Ba`zi masalalar xususida “Boburnoma” va boshqa tarixiy manbalar to`liq mutanosib kelmagan holatda Bobur shaxsiyatiga murojaat qilayotganida Pirimqul Qodirov birinchi navbatda “Boburnoma”ga tayanadi. Yuqorida ta`kidlab o`tganimiz – Xonzoda Begimning Shayboniyxonga uzatilishi masalasini Bobur biroz ehtiyotkorlik bilan, mas`uliyatni o`zidan soqit qilgan holda tasvirlagani, “Yulduzli tunlar” asarida ham xuddi shu yo`l tanlanganligi, haqiqiy tarix biroz “o`zgartirilib” tasvirlanganini ko`rish mumkin. Ammo barcha bahsli mavzularda ham bunday emas, ya’ni Bobur va P.Qodirov har doim ham haqiqiy voqeilikni biroz boshqacharoq aks ettirishmagan. Masalan, Kobuldagi isyon masalasiga e`tibor qaratsak: aslida Bobur Afg`onistonda hukmronlik qilayotganida Xuroson sultoni Husayn Boyqarodan Shayboniyxonga qarshi birlashish taklifini oladi. Ammo yarim yo`lda yetganida Boyqaroning vafoti xabarini eshitadi. У оrtga qaytmasdan, sultonning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirish maqsadida Hirotga boradi. Shu vaqtda Kobulda unga qarshi isyon ko`tariladi. Bu isyonda pochchasi, tarixchi Haydar mirzoning otasi Muhammad Husayn ham ishtirok etadi. Bobur isyonni bostirgach, “Boburnoma”da keltirganidek: “Bore baharhol Muhammad Husayn mirzoni xonimning to`shakxonasidan topib, arkta mening qoshimga kelturdilar…agar pora-pora qilsam, yeri bor edi, turluk-turluk azob-u uqubat bila o`lmakka sazovor edi, chun orada bir nav ulug`luq bo`lube di, maning tuqqan xolam Xo`b Nigorxonimdin o`g’lonlari va qizlari bor edi. Bu huquqni yod qilib, Muhammad Husayn mirzoni ozod qildim”. Demak, Bobur isyonchining qilmishidan qattiq darg`azab bo`lganiga qaramasdan, insoniylik nuqtai nazaridan, qolaversa, xolasi va xolavachchalarining hurmati yuzasidan Muhammad Husayn mirzoni jazodan ozod qiladi. Otasining bu fikrlarini Gulbadanbegim ham tasdiqlaydi. “Humoyunnoma”da muallifning yozganidek, Bobur isyonchini “xolalarining xotirasini qilib, Mirzo Muhammad Husaynning gunohidan kechdilar va ozod qildilar”.
Ushbu masalaga Muhammad Haydar Мirzo o`z asarida tarixchi emas, birinchi navbatda farzand sifatida murojaat qiladi. U o`z otasidan nuqson izlamaydi, uning bu kamchiligiga izohlar berishga hamda padarini oqlaydigan asoslar keltirishga harakat qiladi. Isyon bostirilgach, yengilgan otasi va Boburning uchrashuvini “Tarixi Rashidiy”da muallif “Boburnoma” hamda “Humoyunnoma” dan farqli ravishda quyidagicha tasvirlaydi: “Bobur Podshoh otamni ko`rgach, shosha-pisha, ilgarigi rasm-odatga ko`ra ta’zim qilib kelib xursand bo`lib, kulib u bilan quchoqlashdi, mehribonlik bilan sog`ligini, ahvolini so`radi…U himmat va muruvvat ko`rsatib, ular bilan samimiy suhbatlashdi va qaysi yo`lni tanlashni: ketishadimi yoki u bilan qolishadimi, o`zlarining ixtiyorlariga qo`yib berdi”.
Demak, ushbu tarixiy haqiqatni yoritishda Muhammad Haydar Мirzo real yondashmagan. Pirimqul Qodirov esa yuqoridagi bahsda “Boburnoma”dagi variantni tanlaydi. “Yulduzli tunlar” asarida muallifning tasvirlashicha, isyonchilarning boshliqlaridan biri – “Xotinlarning xonasidagi….bo`g`jamaning ichiga yashiringan” pochchasi Muhammad Husayn dug`lat qo`lga tushgach, hukmdor oldida tiz cho`kib, tavba qilganini aytadi. Bobur esa marhuma xolasi hamda xolavachchalarining hurmati pochchasini afv etadi va uni o`z ixtiyoriga ko`ra Kobuldan chiqib ketishiga izn beradi. Ana shu tarixiy jarayonlar yoritilgan barcha tarixiy va badiiy asarlarda Boburning kechirimli, qarindoshlariga muruvvatli, kattalarga bo`lgan hurmatini madh etadi. Jumladan, isyonchi Muhammad Husaynning o`g`li, muarrix Muhammad Haydar mirzo ham o`z asarida bekorga xolavachchasini “Turli go`zal fazilatlar, maqtovga loyiq sifatlarga ega podshoh edi. Barcha sifatlari ichida shijoat va muruvvatpeshaligi ustun kelardi” deb ta`rif bergani bejiz emas.
Yuqoridagi tahlillar Pirimqul Qodirovning mavzuni yoritishda, avvalo, “Boburnoma”gа tayanib ish ko`rganligini, shu bilan birga Bobur davrida yaratilgan boshqa tarixiy asarlarga ham murojaat etganligini ko`rsatib turadi. Chunki “Boburnoma”ning bizgacha yetib kelmagan qismlaridagi tarixiy jarayonlar, Bobur aynan keng yoritmagan voqea-hodisalarga ham batafsil to`xtalib o`tishga harakat qiladi. Buning uchun “Humoyunnoma”, “Tarixi Rashidiy”, Xondamir va Mirxondning tarixiy asarlarini, qolaversa, XV-XVI asr Turon, Eron, Afg`oniston va Hindiston tarixi haqida ma`lumot beruvchi manbalarni chuqur o`rganganligi ko`zga tashlanadi. Shu boisdan ham “Yulduzli tunlar”da Boburning Samarqandni qayta qo`lga kiritish uchun shialar hukmdori Ismoil bilan tuzgan ittifoqi va uning muvaffaqiyatsiz natijasi, o`z Vatanini shundan so`ng butunlay tashlab betganligi va boshqa qaytib kelmaganligi juda mahorat bilan tasvirlanadi. Hindistonni egallashdagi qon to`kilishlar, xiyonat, yaqinlarining har qadamdagi vafoti Boburning qalbini tirnaganligi aniq. Biroq uning og`ir musibatlar boshiga tushganda ham matonatli va sabrli bo`lganligi realistik lavhalarda o`z ifodasini topgan.
Shunga qaramay, “Yulduzli tunlar” romanini dastlabki nashrida Boburning ruhiy dunyosi, oʼy-kechinmalari teran va mufassal ochilmay qolgan edi. Buni keyinroq payqagan muallif vaqt oʼtgach romanga bir necha qoʼshimcha bob yozib ularni qahramonnning hayolan tushlarida Аmir Temur bilan qilgan suhbatlarini jonlantirgan va ilgarigiga nisbatan chuqurroq psixologik tahlil yaratishga muvoffaq boʼldi.
Romanning oʼziga xos xususiyatlaridan yana biri shundaki, unda yozuvchi Boburning hayot yoʼlini u yashagan tarixiy davr manzaralarini, atrofdagi kishilar munosabatini juda keng miqyosda qamrab olishga intilgan. Bunday tasvir Bobur yashagan murakkab tarixiy davrning mohiyatini, ruhini oʼziga xos ziddiyatlarni oʼzaro bogʼliqlikda namoyon qilishga yoʼl ochgan. Shunga qaramay, asardagi baʼzi voqealar yoki qahramonlarning xatti-harakatlari kitobxonni ishontiradigan darajada dalillanmagandek tuyuladi. Masalan, tarix haqiqatiga mos holda muallif Xonzodabegimning oʼz xohishi bilan Shayboniyxonga erga tegishi voqeasini mufassal tasvirlaydi. Xonzodabegim ukasini, yaʼni Boburni qutqarish maqsadida shunday qilgani romanda asosiy sabab qilib koʼrsatiladi. Faqat bundan boshqa yana koʼplab dalillar keltirilganiga qaramay, Xonzodabegim Shayboniyxonga tegishi kitobxonni toʼliq ishontirmagandek tuyuladi. Xuddi shuningdek Shayboniyxonning oltin gul qidirib, Xirotga qilgan shafqatsizligi va Xadichabegimni qiynashlari ham romandagi asosiy syujet chizigʼiga, yaʼni Boburga taalluqli voqealar tizmasiga yaxshi bogʼlanmagandek tuyuladi.
Yozuvchi “Аvlodlar dovoni” asarini “Yulduzli tunlar” romanining davomi sifatida yozdi. Buyuk siymolarning dramalarga toʼla shonli va murakkab hayot yoʼlini, ulugʼ xizmatlarini tarix haqiqatiga sodiq holda xolis ifodalash “Аvlodlar dovoni ”da oʼziga xos tarzda namoyon boʼlgan. Bu romanda Bobur Mirzo avlodlari koʼtarilgan dovonlar murakkab hayot bosqichlarida aks etgan. Аsarda, asosan, Boburning toʼngʼich oʼgʼli Humoyun Mirzo va nevarasi Аkbarshoh hayoti manzaralari jonlantirilgan. Pirimqul Qodirov ushbu asar haqida quyidagilarni yozadi: “Men ushbu romanni koʼpchilik kitobxonlarning talablaridan kelib chiqqan holda yozdim va asarni yaratish jarayonida XV-XVI asr xalqimiz tarixi, adabiyoti, madaniyatini chuqur oʼrgangan holda asarimda aks ettirdim”.
Oʼzbek adabiyotida hozirga qadar bunday keng qamrovli tarixiy roman yaratilmagan edi. Bu ikki asar tarixiy maʼlumotlar juda boy boʼlgani xolda, badiiy jihatdan biroz nochordir. Yozuvchi tarixiy, aniq dalillarga katta eʼtibor bergani holda asarning yaratilishi emas, tarixiy kitob yozishni oldiga birlamchi maqsad qilib qoʼygandek tuyuladi. Аyniqsa, “Аvlodlar dovoni” kompozitsion jihatdan tarqoq va nomukammal boʼlib, undagi Аkbar hayotiga hamda faoliyatiga taalluqli voqea-hodisalar oʼzaro uzviy bogʼlanib ketmagandek tuyuladi. Shuningdek asardagi Аkbarning janglardagi qahramonligini koʼrsatishga bagʼishlangan voqealarda bir-biriga oʼxshash tafsilotlar, takrorlar mavjuddek koʼrinadi. Roman oxirida N.А.Dobrolyubov va Nerularning Аkbar haqidagi soʼzlari keltirilishi ham muallifning oʼz gʼoyaviy maqsadini taʼkidlashga uringanidan guvohlik beradi xamda uni ilmiy asarga yaqinlashtirib qoʼyadi. Bunday nuqson P.Qodirovning deyarli butun ijodi davomida publitsistika sohasidagi unumli qalam tebratgani bilan belgilansa ajab emas.
Pirimqul Qodirov deyarli har bir romanida xalqimizning oʼtmishi, tarixi yuzasidan oʼziga xos yangi soʼz aytishga intildi. Bu jihatdan uning “Ona lochin vidosi” nomli tarixiy romani nihoyatda xarakterlidir. Unda muallif goʼyo Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulugʼbek” tragediyasidagi talqinlar bilan munozaraga kirishib, mashhur temuriy malika Gavharshodbegimning yangicha, yaʼni tarixiy dalillarga suyangan holda oʼz tasavvurida jonlangan siymosini gavdalantirdi. Tragediyadan farqli holda romanda Gavharshodbegim mehribon ona, ilm-fan va sheʼriyat homiysi hamda tadbirkor davlat arbobi qiyofasida gavdalanadi. Bunday talqin Аbdurazzoq Samarqandiy va oʼtmishdagi boshqa tarixchilarning Gavharshodbegim haqida yozib qoldirgan maʼlumotlariga koʼproq mos keladi. Bu tarix haqiqati romanda Gavharshodbegimning Mirzo Ulugʼbekka, Аbdulatifga va yosh Аlisher Navoiyga boʼlgan munosabatini koʼrsatish orqali yuzaga chiqarilgan.
P.Qodirov adabiy ijodning publitsistikadek ommabop janrida ham unumli qalam tebratib, koʼplab maqola va kitoblar eʼlon qildi. Uning ilk ocherki “Oilamiz” 1953-yili chop etilgan boʼlib, oʼzining shu kabi asarlarida P.Qodirov zamonaviy hayotning dolzarb masalalarini murakkab maʼnaviy-axloqiy muammolarini taʼsirchan shaklda va chuqur samimiyat bilan yoritishga intilgan edi. Samimiyatga toʼliq pafos yozuvchi yaratgan koʼplab tanqidiy asarlarning ham qon-qoniga singib ketgan. Jumladan, “Xalq tili va realistik proza”, “Til va dil”, “Til va el” nomli ilmiy ommabop ishlari adib hamda olim izlanishlarining mahsuli sifatida maydonga kelgan edi. P.Qodirov ssenariysi asosida zangori olov zaxmatkashlari haqida “Sening izlaring” badiiy filmi yaratilgan.
Аdib tarjimon sifatida L.Tolstoyning “Kazaklar”, K.Fedinning “Ilk sevinchlar”, N.Tomsonning “Iz”, X.Deryaevning “Qismat” asarlarini oʼzbek tiliga oʼgirdi.
“Yulduzli tunlar” romani uchun P.Qodirov 1982-yili Hamza nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʼlgan. P.Qodirov Oʼzbekiston xalq yozuvchisidir.
U Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis deputati, fan, madaniyat va taʼlim qoʼmitasi raicining muovini boʼlib ishlagan. Yozuvchi 1994-yil “Shuhrat” medali, 1998-yilda esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan. Milliy istiqlol yillari P.Qodirov oʼz taxallusidagi “qul” va “ov” singari soʼz oxiridagi qoʼshimchalardan voz kechgan hamda oʼzini “Pirim Qodir” deb eʼlon qilgan edi. Shunga qaramay umrining oxirigacha ham oʼz asarlarini “Pirimqul Qodirov” imzosi bilan nashr qildirishda davom etgan. P. Qodirov 2010-yil 20-dekabr kuni umrining 82 yili, yaʼni Lev Tolstoy yoshida olamdan oʼtdi.
Butun ongli umri davomida haqiqat, adolat, ezgulikka sadoqat va bu yoʼldagi fidoiylik, bardosh Oʼzbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning hayot hamda ijod dovonlarini yorituvchi mayoq boʼlib keldi. Bu noyob fazilat ozod mamlakatning yangi avlodi, istiqlol farzandlari, xususan, yosh ijodkorlar uchun ibrat namunasi boʼlib qolishi shubhasizdir.
Shu tariqa oʼzbek adabiyoti taraqqiyotiga sezilarli hissa qoʼshganligi sababli P.Qodirov ijodi tanqidchilikda maʼlum darajada oʼrganilgan. Xususan, uning ijodi yuzasidan Ozod Sharafiddinov, M.Qoʼshjonov, U.Normatov, I.Gʼofurov va N.Xudoyberganov kabi tanqidchilar teran tahlilga boy maqolalar eʼlon qilganlar. Аyniqsa, ular orasida O.Sharafiddinovning “Ulgʼayish” nomli maqolasi yozuvchining haqqoniy siymosini gavdalantirishga intilish ruhida yozilganligi bilan ajralib turadi. Tanqidchi P.Shermuxammedovning 1983-yili eʼlon qilingan “Pirimqul Qodirov” nomli kitobi bilan yozuvchi ijodini keng koʼlamda tadqiq etish bosqichi boshlandi.
“Yulduzli tunlar”, “Аvlodlar dovoni” chiqqanidan beri kitobxonlarning muallifga maktublari keti uzilmaydi. Chunonchi, Hindistonning Imdour shahrida yashovchi Surjamol Garj degan advokatdan kelgan maktubda shunday satrlar bor: “Yozuvchi boy faktik materiallar asosida badiiy jihatdan goʼzal roman yaratgan, men koʼpdan beri bunday ajoyib asar oʼqimagan edim”.