Kriminologiya predmeti – har qanday va oddiy xulq-atvor emas, balki alohida xulq-atvor. Bu xulq-atvor jinoiy xususiyatga ega, shu bois u jinoiy xulq-atvor deb ataladi, ya’ni xulq-atvor avvalo jinoyat qonunini, uning normalarini buzish bilan bog’lanadi. Kriminologiya inson xulq-atvorini o’rganuvchi boshqa tabiiy va ijtimoiy fanlardan asosan shu jihati bilan farq qiladi. Ayni shu sababli jinoiy xulq-atvor jinoyat bilan bevosita bog’liq, chunki muayyan jinoiy qilmish sodir etilganligi tufayligina xulq-atvor jinoiy deb e’tirof etiladi.Biroq hozirgi talqindagi kriminologiya ayrim jinoyatni emas, balki ularning majmui – «jinoyatchilik»ni o’rganadi.Kriminologiya uchun jinoyat – bu jinoyatchilikning individuallashtirilgan (muayyanlashtirilgan) ko’rinishi.
Shu bois jinoyatchilik jinoyatlarning oddiy yig’indisi emas, balki ayrim jinoyatlardan farq qiladigan, yangi, yaxlit va uzviy hodisadir.SHunday qilib, jinoyatchilik nisbatan ommaviy xususiyatga ega bo’lgan va ayni vaqtda odamlar va jamiyat manfaatlariga oshiqcha ijtimoiy xavf tug’diradigan, shu bois amaldagi jinoyat qonunchiligida jinoyat deb e’tirof etilgan ijtimoiy belgilangan qilmishlar (harakatlar yoki harakatsizlik)ning muayyan majmuidir.Shuni ta’kidlab o’tish lozimki, inoyatchilik muayyan jinoyatdan nafaqat hajmi va shakliga ko’ra, balki ayrim miqdor va sifat belgilari (avvalo, holati, dinamikasi va tarkibi)ga ko’ra ham farq qiladi.Jinoyatchilikning bu jihatlarini o’rganish uning yuzaga kelish sabablari va omillarini o’rganish uchun muhimdir.
Binobarin, kriminologiya predmetining ikkinchi mustaqil elementi sifatida jinoyatlarni yuzaga keltiruvchi yoki ular sodir etilishini belgilovchi jinoyatchilik sabablari amal qiladi. Jinoyatchilik tizimida ham, sababiyat tizimida ham jinoiy jazoga loyiq qilmish sodir etgan shaxs muhim rol o’ynaydi.Biroq, shaxsni muayyan jinoyat sub’ekti deb topish uchun qonun- belgilangan mezonlarni (aqli raso jismoniy shaxs muayyanjinoyat-huquqiy yoshga to’lganligini) aniqlashning o’zi kifoya bo’lgan jinoyat huquqi fanidan farqli o’laroq, kriminologiyada jinoyatchilik sabablarini o’rganish uchun jinoyat sub’ekt haqida boshqa ma’lumotlar, ya’ni nafaqat demografik, balki ijtimoiy-axloqiy, psixologik, jinoyat-huquqiy va boshqa belgilar (xossalar) tavsifi ham zarur.Binobarin, kriminologiya predmetining uchinchi muhim elementi bu jinoyatchi – jinoyat sodir etgan odamning shaxsidir. Biroq, kriminologiyaning bosh maqsadi va mo’ljalini hisobga olmasak, uning predmeti to’liq bo’lmaydi. Jinoyatchilik sabablari va jinoyatchining shaxsi mazkur tahlil asosida jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olish (profilaktika) chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun o’rganiladi. Shuning uchun ham jinoyatchilikning oldini olish kriminologiya predmetining to’rtinchi muhim elementi hisoblanadi. Garchi ketma-ketlik bo’yicha u «oxirgi» o’rinda bo’lsa-da, biroq o’z amaliy ahamiyatiga ko’ra jinoyatchilikning oldini olish kriminologiya predmetining eng muhim elementi hisoblanadi. O’rganish hajmiga ko’ra ham u kriminologiya fani tizimida eng katta o’rinni egallashi lozim. Shu bois ayrim olimlar uni bilimning alohida sohasi sifatida ajratishni taklif qiladi.Amalda jinoyatchilikning oldini olish vazifasiga ko’ra o’rganilishi lozim bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiypsixologik, axloqiy va boshqa jarayonlar va hodisalar kriminologiya predmetini tashkil etuvchi masalalar doirasidan ancha keng.Boz ustiga, o’n sakkizinchi asrning buyuk ma’rifatchilari asarlarida jinoyatchilikning oldini olish butun yurisprudentsiyaning olamshumul vazifasi sifatida qaralgan. Masalan, Sh.Montesk`e o’zining «Qonunlar ruhi haqida» deb nomlangan mashhur falsafiy-huquqiy risolasida «yaxshi qonunchi jinoyat uchun jazo berishdan ko’ra jinoyatlarning oldini olish haqida ko’proq qayg’uradi; u jazolashga emas, balki odamlar axloqini o’zgartirishga harakat qiladi», deb ta’kidlagan5.Chezare Bekkariyaning «Jinoyatlar va jazolar haqida» deb nomlangan mashhur asari to’g’risida so’z yuritib, Vol`ter jinoyatlarning oldini olish haqiqiy yurisprudentsiyadir, deb aytgani bejiz emas.Kriminologiya predmeti nazariyasi doirasida viktimologiya (jinoyatlardan jabrlanganlar haqidagi fan) ham, jamiyatdagi barcha kriminal hodisalar tarixi (dinamikasi va tarkibi) ham uning ajralmas tarkibiy qismlari sifatida tan olinishi lozim.