4. Ekologiya soxasidagi jinoyatlarning oldini olish choralari va sub’ektlari. Ekologiya jinoyatchiligining oldini olish umumiy choralarini amalga oshirish jamiyat va tabiatning o’zaro ta’siri sohasidagi ijtimoiy jarayonlarning natijalari bilan bevosita bog’liq. Ekologiya sohasidagi ijtimoiy munosabatlarda qonuniylik va huquqiy tartibot, qonuniy ekologik ong va xulq-atvorni shakllantirishga qodir uzoq muddatli antikriminogen ta’sir aynan makrodarajada shakllanadi. Bu jarayonlarni optimallashtirishda tabiatning ekologik ahamiyatga molik unsurlariga bo’lgan barcha mulk shakllarining qonuniy mavjudligi muhim ijtimoiy muammosini hal qilish ulkan ahamiyat kasb etishi mumkin.Barcha darajalarda antikriminogen jarayonlarning sub’ektlari jumlasiga quyidagilar kiradi: davlat, idoralar, korxonalar, jamoat tashkilotlari, ayrim fuqarolar. Kriminologik jinoyatchilikni umumiy ogohlantirish sohasida xususan atrof muhitga faol ta’sir ko’rsatuvchi sanoat ishlab chiqarishini takomillashtirish, qishloq xo’jaligini modernizatsiya qilish, tabiatni avaylab asrashga qaratilgan optimal texnologiyalarni rivojlantirish bilan bog’liq ijtimoiy-iqtisodiy choralar muhim ahamiyatga ega. Ijtimoiy-iqtisodiy omillarning antikriminogen ta’siri yerlarning holati, ularning qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga yaroqliligi, hayvonot va o’simliklar olamining holati, suvlarning holati, ularning sanoat, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi, jamoat va fuqarolarning turli ehtiyojlarini qondirishga yaroqliligiga ilmiy asoslangan munosabat bilan uzviy bog’liq bo’lishi lozim. Bunda inson xulq-atvori, inson mehnatining xususiyati, urf-odatlar, an’analar, o’zlikni anglash, o’ziga o’zi baho berish va hokazolarga ta’sir ko’rsatishga qodir geografik omillar, iqlim omillari va boshqa omillar hisobga olinishi shart.
Ekologiya sohasidagi jinoyatlarning oldini olishda ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyat tuzilmalari huzurida tashkil etiladigan tegishli qo’mitalar va komissiyalar katta rolь o’ynashi lozim. Ijtimoiy va individual darajalarda ekologik-huquqiy ong (tafakkur)ni muttasil o’tsirib borish ham muhim ahamiyatga ega. Ekologiya sohasidagi jinoyatlarning oldini olish faoliyatining asosiy imkoniyatlari ayni shu vazifani yechish bilan bog’liq.Ekologik-huquqiy tarbiyani takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
-huquqiy taqiqlar bilan odamlarning ichki va tashqi kelishuvini ta’minlash;
-ekologiya sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik belgilovchi normalarni targ’ib qilish va ular haqida axborot berish;
-fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning mazkur huquqbuzarliklar bilan murosasizligini kuchaytirish.
Ekologiya sohasidagi jinoyatlarning oldini olishning samaradorligi umumiy va maxsus profilaktika choralarini faol qo’llashni nazarda tutadi.
Maxsus profilaktika choralari jumlasiga quyidagilar kiradi: -ekologik ahamiyatga molik xulq-atvor, shu jumladan jinoyat-huquqiy taqiqlarga rioya etish ustidan nazoratni tako-millashtirish; ekologiya sohasida aniqlangan huquqbuzarliklar haqida tegishli idoralarga axborot berish;
-maxsus rejim o’rnatish hamda texnologiya va boshqaruv vazifalari va jarayonlarini qayta qurish; ekologiya uchun zararli bo’lgan muayyan harakatlarni amalga oshirishni normativ yo’l bilan taqiqlash va h.k.
Ayrim tabiiy komplekslar, hududlar, uchastkalar, suv havzalari, atmosfera havosi, hayvonot olami, o’rmon massivlari va shu kabilar nazorat ob’ektlari hisoblanadi. Bundan tashqari, ayrim odamlar guruhlari va fuqarolarning xulq-atvori ustidan nazorat olib borish lozim. Huquqni muhofaza qilish organlari, tabiatni muhofaza qiluvchi inspektsiyalar, jamoat tashkilotlari, mahkamaviy nazorat organlari nazorat sub’ektlari hisoblanadi. Nazorat usullari tabiiy ob’ektlar holatini bevosita kuzatish, reydlar, tekshiruvlar o’tkazish, ob’ektlarni g’ayriqonuniy kirishdan qo’riqlash, o’tkazish rejimini o’rnatish, ekologiya sohasida sodir etilgan huquqbuzarlik qurollarini olib qo’yish, g’ayrihuquqiy harakatlarni to’xtatish va hokazolarni qamrab oladi. Ekologiya sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquq normalariga rioya etilishini nazorat qilish alohida o’rin egallaydi. Bular:
-tabiatni muhofaza qilish qonunchiligining ijro etilishini ustidan prokuror nazorati;
-ruxsat beruvchi tizim faoliyati;
-ma’muriy nazorat.
Prokuror taqdimnomasi, protesti va takliflari, sudlarning xususiy ajrimlari, ichki ishlar organlari, tabiatni muhofaza qiluvchi organlarning axborotlari ekologiya sohasidagi jinoyatlarning oldini olishning samarali choralaridir.Tabiatni muhofaza qilish masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish muhim profilaktik ahamiyatga ega. Ekologiya sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash qonunlarga hamda ularga muvofiq qabul qilingan qonun osti hujjatlariga binoan va ularning doirasida olib boriladi. Bu qonun hujjatlarida ekologiya sohasidagi jinoyatlarning oldini olish harakatlari atroflicha bayon etilgan, ekologiya sohasida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan muhim tadbirlarni o’tkazish yuzasidan ko’rsatmalar berilgan. Ular ekologiya sohasidagi jinoyat alomatlari bo’lgan faktlarga doirmateriallarni militsiya va prokuratura organlariga topshirish tartibini belgilaydi. Tabiatni muhofaza qilish faoliyatining huquqiy bazasini muttasil takomillashtirish ekologiya sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biridir. Bu yo’nalishda katta qonun ijodkorligi ishlari olib borilmoqda, bu jinoyatlarga qarshi kurashda ko’maklashishga qodir bo’lgan yangi normativ huquqiy hujjatlar ishlab
chiqish va qabul qilish, mavjudlarini esa takomillashtirish uchun qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari, jamoat birlashmalari, olimlar va tadbirkorlar kuch-g’ayratini birlashtirish choralari ko’rilmoqda.
Ekologiya sohasidagi turli muammolarni yechishni huquqiy jihatdan ta’minlash topshirig’ini nazarda tutuvchi davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari ham ekologiya sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashning huquqiy negizini mustahkamlashga ko’maklashadi.Ekologiya sohasidagi jinoyatlar va huquqbuzarliklarga qarshi kurashda ilmiy-amaliy konferentsiyalar, kengashlar, davra suhbatlari ham muhim rolь o’ynaydi. Ular turli soha mutaxassislarining kuch-g’ayratini birlashtiradi, huquqni muhofaza qiluvchi va huquqni qo’llovchi organlarning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirishni yanada yaxshilaydi. Ekologiya sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash olib boruvchi organlar tizimida ixtisoslashgan tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi muhim rolь o’ynashi lozim.
Ekologiya sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash mustahkam huquqiy negizga ega bo’lishi kerak. Masalan, ekologiya sohasida qonunni buzganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini oshirish bilan bog’liq barcha muhim qoidalar bir maxsus qonunda jamlansa, maqsadga muvofiq bo’lar edi.Ekologiya sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashda u hayotning biologik asoslariga, insonning salomatligi va rivojlanishiga amalda xavf tug’dirishini doimo yodda tutish muhimdir.