2.Ekologiya sohasidagi jinoyatchilikda jinoyatchi shaxsining kriminologik tavsifi. Ekologiya sohasidagi jinoyatchilik – ekologik jinoyatlar,ya’ni atrof tabiiy muhitga va inson sog’lig’iga ziyon yetkazuvchi,jinoyat qonuniga binoan taqiqlanuvchi va jinoiy jazoga tortiluvchi ijtimoiy xavfli qilmishlarning murakkab majmui.Ekologiya sohasidagi jinoyatchilik o’zining demografik, ekologik, ijtimoiy xususiyatga ega bo’lgan salbiy oqibatlarining og’irlik darajasiga ko’ra bugungi kunda milliy xavfsizlikka real xavf tug’diradi. Bu xavf quyidagi holatlarda ayniqsa yaqqol namoyon bo’ladi:
-yashash muhiti hayotning davomiyligi pasayishiga, kasallanish, o’lim hollarining ko’payishiga va aholi genofondining zaiflashuviga sabab bo’ladigan darajada yomonlashuvida;
-ekologik tanglik hududlarining yuzaga kelishida;
-tiklanmaydigan tabiiy resurslar (mineral xom ashyo, uglevodorodli energiya manbalari)ning kamayishida;
-yirik texnogen halokatlar yuz berish xavfining oshishida;
-er ustidagi hamda sizot suvlar sifatining yomonlashuvida;
-radioaktiv ifloslanishning tarqalishida;
-havo havzasining ifloslanishi hamda iqlimning xavfli darajada o’zgarishida;
-oziq-ovqat mahsulotlari xavfli darajada ifloslanishida.
Ekologiya sohasida eng ko’p aniqlanadigan jinoyatlar jumlasiga odatda o’rmonni g’ayriqonuniy kesish, tuproq hamda o’simliklar to’shamini ifloslantirish kiradi. Bozor munosabatlariga o’tish sharoitida ushbu turdagi jinoyatlarning xavflilik darajasi ayniqsa ortadi. So’nggi yillarda ekologiya sohasida yanada og’irroq oqibatlarga sabab bo’layotgan jinoyatlarning yangi turlari ko’payib borayotir. Bular: tiklanmaydigan tabiiy resurslarni talon-toroj qilish; qazib olingan mineral xom ashyodan g’ayriqonuniy foydalanish; inson uchun zararli oziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa iste’mol tovarlari olib kirish; O’zR hududida tabiiy muhit uchun zararli bo’lgan xorijiy texnologiya va ishlab chiqarishlarni joylashtirish.Ekologiya sohasidagi jinoyatlar o’zining bir qancha muhim xususiyatlariga ko’ra iqtisodiy (tabiiy resurslardan g’ayrihuquqiy foydalanish), zo’ravonlik (inson sog’lig’iga bevosita shikast yetkazish bilan bog’liq) yoki tamagirlik (g’ayriqonuniy ov,baliq ovlash) jinoyatlar hamdir, biroq o’z salbiy oqibatlari, yetkazadigan ziyon darajasiga ko’ra deyarli doim ulardan og’irroq hisoblanadi.
Ekologlar bergan ma’lumotlarga ko’ra, masalan, suv havzalari dioksin bilan zaharlanishining o’zidan Rossiyada har yili 20 ming kishi halok bo’lmoqda. Stratosferaning ozon qatlami ifloslanishi natijasida deyarli shuncha odam teri raki bilan kasallanadi82.Ekologiya sohasidagi jinoyatchilik yashirinlik darajasining yuqoriligi bilan tavsiflanadi. Bu sohada sodir etiladigan jinoyatlarning oz qismi statistikada aks ettiriladi. Bunda mazkur jinoyatlarning nafaqat yashirin, balki yashiriladigan qismi ham kattadir: aniqlangan jinoyatlar bo’yicha har yili qo’zg’atiladigan jinoyat ishlarining umumiy miqdori ular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lum bo’lgan xabarlar soniga mos kelmaydi.O’zR JKda ekologiya sohasida sodir etiladigan jinoyatlarning ko’pgina tarkiblari uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Bunday javobgarlik o’rnatishning bosh maqsadi ekologiya sohasidagi jinoyatlarning sabablariga hamda ularga imkoniyat yaratuvchi shart-sharoitlarga barham berishdan iborat. Huquqni qo’llash amaliyotining tahlili jinoiy javobgarlik choralari asosan tabiiy resurslarni g’ayriqonuniy qo’lga kiritish bilan bog’liq jinoyatlar uchun qo’llanilishidan dalolat beradi. Atrof tabiiy muhitga zarar yetkazish hamda aholining ekologik xavfsizligini buzuvchi jinoyatlar (suv havzalari, atmosfera havosini ifloslantirish va b.) uchun jinoiy javobgarlik o’rnatuvchi normalar juda kam ko’llaniladi.
Atrof tabiiy muhitni ifloslantirish hollari mulkdorlar tabiatni muhofaza qilish tadbirlari uchun mo’ljallangan xarajatlarni tejab qolishga harakat qilishi bilan izohlanadi. Korxonalarning rahbarlari va tadbirkorlar tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va amalga oshirishdan bo’yin tovlash, shuningdek ularni lozim darajada amalga oshirmaslikni ko’pincha bankrotlikdan saqlanish, ish joylarini saqlab qolish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini kamaytirishga urinish bilan asoslashga harakat qiladi. Amalda bunday g’ayrihuquqiy harakatlar zamirida boshqa iqtisodiy sabablar – mavjud barcha, shu jumladan qonunda man etilgan usullar bilan mumkin qadar ko’proq boylik orttirishga intilish yotadi. Ekologiya sohasidagi yangi jinoyatlar ham iqtisodiy sabablar bilan izohlanadi. Ko’pgina xorijiy firmalar sifatsiz yoki o’z mamlakatlarida taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa iste’mol tovarlarini sotish maqsadida O’zbekiston hududiga kirishga faol harakat qilmoqdalar.