II.3.2. «Asliy sifat+ot» qolipli birikmalar O‘zbek tilining kasb-hunarmandlik terminologiyasida ham asliy sifatli (bitishuvli) birikma terminlardan foydalanib kelinayotganligini ko‘rish mumkin. Xususan, kasb-hunar egalari leksikonida ham yigirmadan ortiq shunday termin ishlatilayotganligi aniqlandi.
To‘plangan materiallar tahlilidan «asliy sifat+ot» qolipli birikmalar har xil ma’noli tushunchalarni ifodalab kelayotganligi ma’lum bo‘ldi. Bular quyidagilardan iborat:
1. To‘qilgan, tayyorlangan narsa-buyumlarning nomlarini ifodalovchi terminlar: kichik g‘ojari, qattiq gilam/qotti gilam, oq qalqon, kichik terma, xom idish, xom g‘ojari, sodda kosa (kasa) va b.
2. Biror buyumga to‘qiladigan, tikiladigan, solinadigan naqshlarning turlari yoxud naqsh usullarini ifodalovchi terminlar: oq qulf, qora quloq, sori (sariq) qir, oq qir, ingichka iyirish, pishiq to‘qish va b. Pishiq g‘isht, oq marmar –Pishiq g‘ishtdan ko‘rkam qilib ishlangan do‘konlar oldida xaridor-u dam oluvchilar uchun oq marmar toshlardan kursilar qo‘yilgan. (Me’mor romani, 21- bet)
II.3.3.«Nisbiy sifat + ot» qolipli birikmalar Kasb-hunarmandlikning barcha sohalari terminlari guruhi haqida shuni ta’kidlash lozimki, mazkur guruh tarkibida atigi 7 xil «nisbiy sifat + ot» qolipi asosida hosil qilingan birikma termin mavjuddir. Quyida shunday qolipli birikmalar xususida so‘z ketadi.
I. «-li affiksli leksema + ot» qolipli birikmalar. Eski o‘zbek tilida -li affiksli sifatlar kamdan-kam uchraydi. Chunki, bu affiksning funksiyasini -lik (-liq / -lig‘ / -luq / -lug‘ kabi variantlari bilan) bajarib kelgan. Masalan, «Devon»da bilgali (III, 173) qabilidagi sanoqli so‘zlargina qayd etilgan, xolos.
Qo‘shma termin-elementlari (ya’ni birikma terminlarning aniqlovchi komponentlari) leksik-morfologik jihatdan quyidagi mahsuldor tiplarga ega:
a) ot+ot (shuningdek, ko‘makchi ot) tipida yasalgan aniqlovchi qo‘shma terminlar: shisha rang (modda), kulrang (cho‘yan), jigarrang (poroshok), kumushrang (metall) ...;
b) Yuqoridagilardan tashqari, qo‘shma termin elementlarning «sifat+sifat» (qo‘shyelkali richag, qo‘shkurakli shamolparrak)...singari tiplari ham bor» (Madvaliyev, 1991, 53).
O‘zbek adabiy tilida, xususan, terminologik sistemalaridagi -li affiksli lug‘aviy birliklarning birikmalar hosil qilishdagi faolligi kasb-hunarmandlik terminologiyasida ham kuzatildi.
Mazkur qolipli birikmalar yaxlitligicha quyidagi ma’nolarni ifodalab kelayotir:
1. Naqshning biror turi yoki narsa-predmetlar aksi tushirilgan, tikilgan, to‘qilgan, yasalgan narsa-buyumlarni: kashtali olacha, kashtali do‘ppi/qalpoq, gulli gilam, shoxli gilam, bargli ena-bola, sirli tavoq, yo‘rmali/jo‘rmali tikish, shaxmatli gilam va b.
2. Kasb-hunarmandlikda ishlatiladigan asbob-qurollar, moslamalarni: ilmakli bigiz (yo‘rmado‘zlikda ishlatiladigan bigiz turi), uchli nimtakach (do‘ppichilikda unga qog‘oz o‘ralib, do‘ppi tepchigiga tiqishda ishlatiladigan maxsus simlar).
3. Muayyan belgisi ko‘rinib, ajralib turadigan, biror maqsad uchun foydalaniladigan qo‘shimcha elementdan iborat narsa-buyumlarni: patli gilam, o‘kchali etik, po‘pakli qalpoq/do‘ppi, patli nonpar va b.
-li affiksli birikma terminlarning aniqlovchi komponenti tuzilishiga ko‘ra quyidagi turlardan iborat leksemalar keng qo‘llanishdadir:
1. Birikmaning aniqlovchi komponenti yasama sifatlardan iborat bo‘ladi: qo‘chqaraqli (qo‘chqar-«qo‘chqor») olacha, qalqonli/qolqonli gilam, gulli sandiq, keshtali/kashtali olacha, zarli to‘n, gilmoyali tandir kabilar.
2. Birikmaning aniqlovchi komponenti qo‘shma sifatlardan iborat bo‘ladi: bunday qo‘shma sifatlarning birinchi komponenti quyidagi leksik-semantik ma’noli leksemalardan tashkil topgan:
a) o‘simliklar nomlari: archagulli gilam, boqgulli hashiya (hoshiya), atirgulli chachaq (sochaq);
b) hayvonlar nomlari: chumchuqgulli gilam, yo‘lbarsli/jo‘lbarsli gilam, oqsoq kiyikli gilam, tovusli kashta;
v) har xil narsa-predmetlar nomlari: sochaqgulli gilam, pichoquchli naqsh, chaynakgulli kashta;
g) astronomik obyektlarning nomlari: yulduzgulli gilam, oftobnusxali kashta, oy/mohnaqshli kashta;
d) son turkumiga oid so‘zlar: ikkigulli gilam, ikkidungilli gilam, yettidungilli gilam, to‘rtgulli gilam, birqo‘chqorakli gilam, ikki-qo‘chqorakli gilam, to‘rtqalqonli gilam, oltiqalqonli gilam va b.
Kasb-hunarmandlar nutqida birinchi komponenti -li affiksi bilan yasalgan har xil ma’nolarni aniqlashtiruvchi birikma terminlar keng foydalanilgan va foydalanib kelinmoqda; birikma terminlar tarkibidagi sifatlar, yasama yoki qo‘shma bo‘lishidan qat’iy nazar, yakka holida (ya’ni birikmadan tashqarida) termin emas, balki termin element sifatida namoyon bo‘ladi.
II. -ma affiksli «leksema + ot» qolipli birikmalar. Uzoq o‘tmishda ham -ma affiksi sifat turkumiga oid ko‘plab leksemalarni hosil qilishda ishtirok etgan. Bundan -ma affiksli birikmalarning ham real lisoniy dalil ekanligi ayon bo‘ladi.
To‘plangan materiallardan kasb-hunar leksikasida ham -ma affiksi ishtirokida yasalgan qator birikma terminlarning mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
1. -ma affiksli birikma kasb-hunarmandlar qo‘lidan chiqqan buyumlar, narsa-predmetlar nomlarini ifodalab keladi: qoqma gilam, ag‘darma etik, jo‘rma kashta, burma ko‘ylak, quyma kalish, tovlama kosa, purma kosa, bosma qalpoq, tikma gilam.
2. Mazkur affiks to‘qilgan, tikilgan, yasalgan buyumlarning naqshlari (gullari) nomlarini ifodalovchi birikmalarni yuzaga keltirish uchun xizmat qiladi: o‘yma naqsh, tugma naqsh, bo‘rtma naqsh, chekma gul, sanama gul.
3. -ma affiksi bilan yasalgan birikmalar buyumlarni to‘qish, tikish, tayyorlash uchun ishlatiladigan asbob-qurollar, moslamalar nomlarini hosil qiladi: chekma qalam, bosma qolip, qirma iskana, juflama/japlama eshik, ilma(k) cho‘p, yo‘rma bigiz, bosma yog‘och.
4. Bu affiks ishtirokida yasalgan birikma terminlar to‘qish, tikish, yasash va hokazo jarayonlarda qo‘llaniladigan usullarga aloqador tushunchalarni izohlab keladi: yoyma pardoz, ilma(k) tikish, yo‘rma/jo‘rma tikish, sanama tikish.
III. «-lik affiksli leksema + ot» qolipli birikmalar. Narsa-predmetlarning asosdan anglashilgan narsa-predmetga mo‘ljallangan buyum ekanligini ifodalaydi; bunda birikmaning aniqlanmish komponenti egalik qo‘shimchasiz ishlatiladi: tokchalik sandiq, taxmonlik sandiq, kelinlik sandiq, etiklik charm, gilamlik jun, tandirlik loy, o‘tovlik kigiz, jiyaklik ip, kulollik charxi, etikdo‘zlik do‘koni, kashtachilik iplari, zardo‘zlik kasbi, qalpoqdo‘zlik yelimi, hunarmandlik rastasi.