-i (-yi) affiksi quyidagi ma’noli leksemalarga qo‘shilib, termin hosil qilishi mumkin:
1. Kasb-hunar egalarini anglatuvchi asoslarga qo‘shilib keladi: zar-do‘zi, yo‘rmado‘zi, kashtado‘zi, piltado‘zi, zehdo‘zi/zekdo‘zi va b.
2. Toponimik va etnonimik asoslarga qo‘shilib keladi: kobuli, kandahori/qandahori, bulg‘ori, iroqi, no‘g‘oyi, parangi (farangi)26, kashmiri, arabi, eroni, juhuti kabi. Shunday lug‘aviy birliklar jumlasiga Respublikamizning biror regionida tayyorlangan tayyor buyum yoxud to‘qish, tikish usuli keng tarqalgan joylar nomlari-toponimlarni ham kiritish mumkin: toshkandi, urguti, kitobi, shahrisabzi, buxori, xorazmi, kattaqo‘rg‘oni, chusti, andijoni va b.
3. Narsa-predmetlarni ifodalovchi asoslar (turdosh otlar)ga qo‘shilib, buyum nomini yasaydi. Bunda quyidagi holatlarni e’tiborga olish lozim:
a) -i affiksi asbob-qurol nomlariga qo‘shilib, o‘sha qurol yordamida tayyorlangan buyum nomini bildiradi: bigizi (jiyakning bigizda tikilgan turi), so‘zani (so‘zan–maxsus igna bilan tikilgan buyum);
b) xilma-xil narsa-predmetlarni ifodalovchi asoslarga ham qo‘shilib, amaliy san’at buyumlari nomlarini yasab keladi: qalami, piyozi/ piyazi kabi.
-i (-yi) affiksli lug‘aviy birliklarning o‘zagini fors-tojikcha yoxud arabcha leksemalar tashkil etadi. Bunday vaqtda mazkur leksemalarga -i (-yi) affiksining yakka o‘zi emas, balki -do‘z qo‘shimchasi bilan birgalikda -do‘z+i shaklini olgan murakkab yasovchi qo‘shiladi: xomdo‘zi, kashtado‘zi, guldo‘zi, tagdo‘zi, piltado‘zi, so‘zanado‘zi, zamindo‘zi va boshqalar.
Shu bilan birga, -i (-yi) aniqrog‘i, uning -do‘zi tarzidagi murakkab shakli tub o‘zbekcha asoslardan ham kasb-hunarlarga oid terminlar yasayotganligini qayd etish lozim: yo‘rmado‘zi, simdo‘zi, to‘rdo‘zi va b.
Qisqasi, kasb-hunarmandlik terminologik tizimida -i (-yi) affiksi bilan yasalgan terminlar miqdorining elliktadan ortiq ekanligi (bunday lug‘aviy birliklarning barchasini to‘play oldik deya olmaymiz, chunki shu xildagi yasama leksemalar Respublikaning boshqa regionlarida ham ishlatilayotgan bo‘lishi mumkin) muhim lisoniy dalil hisoblanadi.
-po‘sh affiksi. -po‘sh (aslida fors-tojikcha «yoymoq, o‘ramoq, qoplamoq» ma’nosidagi po‘shidan fe’lidan) affiksi xususida o‘zbek tilshunosligida, xususan, uning so‘z yasalishi haqidagi o‘rinlarida to‘xtab o‘tilmagan.
Kasb-kor egalari nutqida ham, boshqa shaxslar nutqida ham o‘zbek adabiy tilida ishlatib kelinayotgan, aniqrog‘i, O‘TILda o‘z ifodasini topgan -po‘sh affiksli quyidagi terminlardan foydalanib kelinmoqda: kallapo‘sh, avratpo‘sh, jandapo‘sh, xaspo‘sh, hirqapo‘sh, sarpo‘sh.
Kasb-hunar leksikasida qayd etilganlardan tashqari, yana quyidagi -po‘sh affiksli lug‘aviy birliklar aniqlandi:
Bolishpo‘sh/bolishtpo‘sh/bolinpo‘sh, beshikpo‘sh27, kirpesh, tokchapesh, gilampesh, dostiqpesh, takiyapesh, yolpesh/jolpesh, zarrinpo‘sh/zarpo‘sh, yostiqpo‘sh/dostiqpo‘sh, tokchapo‘sh, shappo‘sh, sandalipo‘sh/sandalpo‘sh, joypesh/ jaypesh va b.
-cha affiksi. Mazkur affiks qadimiyligi bilan diqqatga sazovordir. -chaaffiksi yordamida ot, ravish kabi so‘z turkumlariga oid so‘zlar yasalib kelingan.
Hozirgi o‘zbek tilida -cha affiksi ko‘p funksiyalilik kasb etgan hamda faol qo‘llanayotgan so‘z formasi va leksema yasovchilar qatoridan o‘rin olgan desak, xatoga yo‘l qo‘ymagan bo‘lamiz. Chunki A.G‘ulomovning fikricha ham, -cha affiksi hozirgi bosqichda kichraytirish-erkalash ma’nosini reallashtirishidan tashqari, qisman yangi leksemalarni yasashga moyillik ko‘rsatmoqda (Gulyamov, 1955, 20).
Chevarlik leksik-semantik guruhida ham «...-cha affiksi ot va sifatlarga qo‘shilib, shu ot-sifatlardan anglashilgan ma’no bilan bog‘liq bo‘lgan buyum turlari, nusxa va naqsh nomlari yasaydi» (Tursunova, 1978, 86).
Kasb-korligining do‘ppichilik, kashtachilik, gilamchilik, poyabzalchilik, ko‘nchilik, kulollik kabi qator sohalarida -cha affiksi vositasida shakllangan yuzdan ortiq termin qo‘llanilmoqda.
Kasb-hunarmandlikning o‘zbek adabiy tilida ishlatib kelinayotgan qator terminlari kasb-korlari leksikonida ham ishlatiladi. Bunday terminlar ma’no jihatidan mushtaraklikka ega. To‘g‘ri, bu kabi mushtarak terminlarning miqdori barmoq bilan sanalarli darajada. Nimcha (kiyim), ro‘molcha (dastro‘mol), sholcha, naycha kabi terminlar O‘TILda ham qayd etilgan.
Hunarmandlar va qisman aholisi nutqida -cha affiksi bilan yasalgan yana bir qator leksemalar qo‘llanilgan va ayni paytda ham qo‘llanib kelinmoqda. Bular esa hozircha O‘TILda o‘z ifodasini topmagan. Bu tabiiydir. Chunki, bu lug‘atga tor doirada qo‘llangan barcha terminlar kiritilavermagan. Shunday bo‘lsa-da, -cha affiksli terminlarning mavjudligi, ularning ma’lum regionda bo‘lsa ham ishlatib kelinayotganligi muhim lisoniy dalil ekanligidan darak beradi. Chunki bu kabi lug‘aviy birliklarni to‘plash, ularning ma’noviy xususiyatlarini aniqlash yaratilajak xilma-xil lug‘atlar tuzish uchun imkon tug‘diradi. Qolaversa, bunday leksemalar umumo‘zbek tilining umumboyligi hisoblanadi. Shunday omillar e’tiborga olinishi lozimligidan kelib chiqib, quyida tadqiqot obyektimizda ishlatib kelinayotgan ayrim terminlarni namuna tariqasida keltiramiz. Yana bir bor ta’kidlaymiz: keltirilayotgan lug‘aviy birliklar faqat Mirmuhsinning “Me`mor” asaridagina emas, balki Respublikamizning barcha hududlari hunarmandlari nutqida ham ayni shu yoxud o‘zgacha ma’noda qo‘llanayotgan bo‘lishi mumkin: