Metodik ko’rsatma: Mikrobiologiya texnikasida mikroblarni bo’yash uchun quyidagi anilin bo’yoqlari ishlatiladi: qizil bo’yoqlardan – asosiy fuksin, eritrozin; ko’k bo’yoqlardan- metilin ko’ki, tionin; binafsha bo’yoqlardan – gentsian violet, metil violet va boshqa bo’yoqlar ishlatiladi. Mikroblar quyidagi usullarda bo’yaladi:
Oddiy usul. Bunda fiksatsiya qilingan preparatlar faqat bir hil fuksin, metilin ko’ki, gentsian violet kabi bo’yoqlar bilan bo’yaladi.
Murakkab usul. Bunda fiksatsiya qilingan preparat bir necha xil bo’yoq bilan bo’yaladi. Masalan: bakteriyalarni Gramm va bakteriya sporalarini Tsil-Nilsen usulida bo’yash.
GRAMM USULIDA BO’YASH. Mikroorganizmlar Gramm usulida bo’yalish-bo’yalmasligiga qarab ikki guruhga bo’linadi:
Gramm usulida musbat bo’yaluvchi (gramm-musbat) mikroorganizmlar (binafsha rangda bo’yaladi).
Gramm usulida manfiy bo’yaluvchi (gramm-manfiy) mikroorganizmlar (qizil rangda bo’yaladi).
Gramm usulida bo’yash mikroorganizmlarning turini aniqlash uchun asosiy belgi bo’lib, u quyidagilardan iborat:
quritilgan va fiksatsiya qilingan mazokka gentsian-violet bo’yog’idan quyilib, 1-2 minut saqlanadi. So’ngra bo’yoq suv bilan yuvib tashlanadi va mazokka Lyugol eritmasi (Kj dagi j eritmasi) tomizilib, 1-2 minut qo’yiladi. Bu eritma ham suv bilan yuvib tashlanib, mazok spirtga 0,5-1 minut solib qo’yiladi. So’ngra preparat yana suv bilan yuviladi va unga fuksin bo’yog’idan quyiladi, 3-4 minutdan keyin bo’yoq suv bilan yuvilib, mazok havoda quritilgach, unga bir tomchi immersion moy tomiziladi va mikroskopda immersion ob’ektiv bilan qaraladi. Gramm-musbat usulida bo’yaladigan mikroorganizmlar protoplazmasida gentsian-violet bilan yod eritmasining birikmasi vujudga keladi, bu eritma spirtda erimaydi; bunday mikroblar spirtga botirilganda rangini yo’qotmay, to’q binafshaligicha qolaveradi. Gramm-musbat usulida bo’yalmaydigan mikroblarning protoplazmasida gentsian-violet bilan yod birikmasi hosil bo’ladi, lekin spirtda erib ketadi. Natijada mikroblar rangini yo’qotadi. Rangsizlangan mikroblar fuksin bilan bo’yalganda qizil tusga kiradi. Gramm-musbat mikroblar mikroskopda to’q binafsha, gramm-manfiy mikroblar esa qizil bo’lib ko’rinadi.
Namuna uchun preparat tish g’uboridan tayyorlanadi. Bunda gramm-musbat mikroblar va gramm-manfiy mikroblar ham bo’ladi. Gramm-musbat mikroblar bo’yalish jihatidangina emas, bir qancha biologik xossalari bilan ham gramm-manfiy bakteriyalardan farq qiladi. Antibiotiklar gramm-manfiy mikroblardan ko’ra gramm-musbat mikroblarga tezroq ta’sir etadi. Mikroblarning Gramm usulida qanday bo’yalishiga qarab, unga turli antibiotiklarning qanday ta’sir etishini oldindan bilish mumkin.