Toza buyum oynasiga pipetka bilan toza suvdan bir tomchi tomiziladi. Keyin spirt lampasi alangasida cho’g’ bo’lguncha qizdirilgan bakteriologik sirtmoq bilan zarur mikroorganizmlar olinib, suv tomchisiga qo’shib aralashtiriladi. Shundan keyin sirtmoq qizdirilib, undan qolgan mikroblar yo’q qilinadi. Mikroblar aralashtirilgan suv tomchisi qoplog’ich oyna bilan yopiladi, tomchi shu tariqa ezilib, mikroskopda o’rtacha katta qilib qaraladi.
qoplog’ich oynani tomchi chetiga qirrasi bilan qo’yib, keyin asta-sekin butun tomchini yopish kerak.
OSILGAN TOMCHI TAYYORLASH. Osilgan tomchi tayyorlash uchun o’rtasida dumaloq chuqurchasi bo’lgan mahsus buyum oynalaridan foydalaniladi. Chuqurchaning tashqi chetlariga vazelin surtiladi, so’ngra toza qoplog’ich oynaning o’rtasiga bakteriologik sirtmoq bilan yuqorida aytilgan usulda bakteriyalar aralashgan kichik suv tomchisi surtiladi. Shundan keyin qoplog’ich oyna tomchili tomoni bilan shunday ag’darib qo’yiladiki, undagi tomchi buyum oynasidagi chuqurchaning o’rtasi ustidan osilib turadi, qoplog’ich oynaning chetlari chuqurcha chetlariga surtilgan vazelinga yopishadi. Vazelin surtilganligi uchun chuqurchaga havo kirmaydi va tomchi qurib qolmaydi.
Ezilgan va osilgan tomchi preparatlari bakteriyalarning harakatini tekshirishga imkon beradi.
MAZOK (quruq preparat) TAYYORLASH. Mikroblarni immersion ob’ektiv bilan katta qilib ko’rish uchun o’ldirilgan mikroblardan quruq preparat tayyorlanadi. Shu maqsadda moyi ketkazilgan buyum oynasiga bakteriologik sirtmoq bilan bir tomchi toza suv surtib, unga mikroblar aralashtiriladi. Mikroblar aralashgan shu tomchi buyum oynasiga yupqa qilib yoyilib, havoda quritiladi. Bunday quruq preparat mazok deyiladi. Tayyorlangan mazok fiksatsiya qilinadi (qotiriladi), ya’ni spirt gorelkasi alangasiga uch marta tutib olinadi. Umuman preparatlarni fiksatsiya qilish uchun spirt gorelkasi alangasi, spirt bilan efir va kislota bilan formalin aralashmalari ishlatiladi.
Mazokni bir necha minut davomida eritmaga solib ham fiksatsiya qilish mumkin. Mazok fiksatsiya qilinganda buyum oynasidagi mikroblar o’lib, oynaga yopishadi va yaxshi bo’yaladi, buning sababi, bo’yoq tirik protoplazmaga ko’ra, o’lik protoplazmaga yaxshiroq o’tadi.