www.ziyouz.com kutubxonasi
57
Ibtidoiy tabiat mavjudligidan buyon shunday: har safar vaqti yetganda — erta ham emas, kech
ham emas — har yili bir xil vaqtda qushlar uzoq safarga otlanadi. Ular albatta uchib ketadi, uchganda
ham faqat ana shu uchar qushlargagina ma’lum o‘zgarmas havo yo‘llari bo‘ylab uchib, dunyoning u
chekkasidan bu chekkasiga boradi. Momaqaldiroqlaru bo‘ronlardan o‘tib, kechayu kunduz qanot qoqib
uchadi, hatto uchayotib uxlab ketadi. Ularning tiriklik mohiyati shunda: tabiat dunyosida narsalarning
o‘zgarmas tartibi mavjud. Qush karvonlari shimolga, azim daryolar bo‘ylariga, azaldan uya yasab bola
ochadigan joylarga uchib boradi. Kuzda esa, voyaga yetgan bolalari bilan janubga uchib keladi, shu
zaylda bu jarayon uzluksiz takrorlanaveradi...
Mana, biz qancha kunlardan beri uchib ketyapmiz. Ana shu osmonu falakda, ana shu sovuq
hukmron yuksaklikda shamol mangu daryo kabi shovqin solib oqib yotadi. Bu daryo cheksiz Koinotda
nozohiriy Vaqtning noma’lum tomonga tinim bilmay qilayotgan harakatidir.
Bizning bo‘yinlarimiz kamon o‘qi, tanamiz yurak bo‘lib charchoq nima ekanini bilmasdan shiddat
bilan harakatda. Hali safar uzoq, tolmasdan qanot qoqaveramiz, qanot qoqaveramiz...
Biz borgan sari baland ko‘tarilib parvoz qilmoqdamiz... Endi tog‘lar tekislikdek bo‘lib qoldi, keyin
esa, umuman ko‘rinmay ketdi, kurrai zamin bo‘lsa uzoqlashgandan uzoqlashib, yer yuzasi chaplashib
ketganday bo‘ldi — qaerda Osiyo, qaerda Ovrupa, qaerda okeanlaru qaerda quruqlik ekanini farqlab
bo‘lmay qoldi. Gir-atrofimizda bo‘shliq hukmron, cheksiz Koinotda faqat bizning Yer sayyoramizgina
cho‘lda adashgan bo‘taloq kabi olam kezmoqda, sekin suzib onasini qidirib yuribdi. Xo‘sh, o‘sha ona
tuya qani? Yerning onasi, onaizori qani? Savol — javobsiz! Faqat shamol, xilvat yuksakliklarning
shamoli g‘uvillaydi, faqat Yer kurrasi yosh bolaning boshidek yakka-yolg‘iz suzib, chayqalib
qo‘ymoqda — yerimiz beqaror, yerimiz beqaror. Nahotki, ana shu yer shunchalik Yaxshiliklar maskani,
shunchalik Yovuzliklar makoni bo‘lsa?! Yo‘q, yovuzlikka erk bermaslik kerak, o‘tinaman, kadxudolar,
so‘zamollar, ijodkorlar!
Men ana shu parvoz qilayotgan galada bor-yo‘g‘i bir qushman. Men turnalarga qo‘shilib uchib
ketyapman va o‘zim ham turnaman. Men turnalar bilan birga qorong‘u kechada yulduzlarga qarab,
kunduzi ekinzorlar va shaharlar ustidan uchaman. O’ylarga tolaman...
Qushlar galasi uzoqda ko‘zda g‘oyib bo‘ladi. Qanotlari ko‘rinmay ketadi. Mana, gala osmonda bir
kichkina nuqtaga o‘xshab qoldi va u ham g‘oyib bo‘ldi...
hademay, yana bahor keldi va yana osmoni azimda turnalar “qur-qur”i yangray boshladi...