www.ziyouz.com kutubxonasi
39
emish. Oradan besh-olti yil o‘tdi deguncha oilasiga, bola-chaqasining bag‘riga qaytar emish. Har
qanday bo‘lganda ham tergovning adolatli bo‘lishiga yordam bergan, oliy jazo — otib o‘ldirishdan
qutulib qolgan bo‘lur emish, va aksincha, u qancha ko‘p qaysarlik qilsa, ishni chalkashtirsa, jazo
organlaridan haqiqatni yashirsa, unga shu qadar yomon bo‘lar emishki, oqibatda u o‘z oilasi boshiga
so‘ngsiz-adadsiz baxtsizlik keltirarmish. Agar ochiq sud bo‘lsa, Quttiboevning umri kul bo‘lib kuyib
ketishi ham hech gap emas emish.
Tansiqboevning qo‘lida yana bir kuzir bor edi, uni ham ishga soldi, agar sen, Abutalip Quttiboev,
— dedi u, — mening gapimga ko‘nib tergovning olib borilishiga ko‘maklashsang, o‘shanda sen xalq
og‘zidan yozib olganlaringni, ayniqsa «Manqurt haqida afsona» va «Sario‘zakdagi qotillik» degan
rivoyatlarni sening jinoiy ishingga qo‘shmaymiz, va aksincha, agar bunga ko‘nmaydigan bo‘lsang,
sening yozuv-chizuvlaring millatchilikni targ‘ib qilish deb qaraladi. Masalan, «Manqurt haqidagi
afsona» — ota-bobolarning unutilgan va hech kimga keraksiz tilini tiriltirishga chaqiriq, millatlarning
bir-birlari bilan qo‘shilishib ketishiga qarshi qaratilgan zararli shiordir, «Sario‘zakdagi qotillik» esa
kuchli oliy hokimiyatni qoralash, davlat manfaatlarining shaxs manfaatlaridan ustunligi g‘oyasining
ildiziga bolta urish, chirigan burjua shaxsiyatparastligini yoqlash, kollektivlashtirishning umumiy
yo‘liga, ya’ni kollektivning yagona maqsad yo‘lida birlashuviga qarshi chiqish va binobarin
sotsializmga salbiy munosabatda bo‘lish, demakdir. Ma’lumki, sotsializm printsiplari va manfaatlariga
qarshi har qanday harakat qattiq jazolanadi... Daladan ruxsatsiz moshoq terib olganlarning o‘n yil
qamoqqa hukm etilishi bejiz emas. Mafkuraviy «moshoq» tergan jinoyatchi haqida esa so‘z bo‘lishi
mumkin emas. Ana shunday ayb qo‘yilganda sud qo‘shimcha modda asosida qo‘shimcha ayblar
qo‘yishi mumkin. Yana ishonchli bo‘lsin uchun Tansiqboev Quttiboevning yozganlari yuzasidan
o‘zining ochiq-oydin xulosalarini ovozini chiqarib bir necha marta o‘qib berdi; bu rivoyatlar
Quttiboevning qamoqqa olinishiga va jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga birinchi signal bo‘lgani bejiz emasligini
har galdagidek ta’kidlab qo‘ydi.
Poezdning yo‘lga chiqqaniga ikki kun bo‘ldi. Abutalip suzib o‘tayotgan bo‘shliqlarga panjarali
deraza orqali boqar ekan, Sario‘zak dashtiga yaqinlashgan sari ko‘proq hayajonlana boshladi.
So‘roqdan bo‘sh soatlarda Tansiqboevning o‘rinsiz pand-nasihatlari va dahshatli do‘q-po‘pisalaridan
so‘ng Abutalip temir qoplangan avaxta-kupeda o‘zi bilan o‘zi xayolot og‘ushida qolar edi. Poezdning
kupesi demasa, bu ham Olmaotadagi yarim yerto‘la singari turma edi, bu yerda ham derazaga undan
ham pishiq panjara qoqilgan, bu yerda ham turma nazoratchisi kichkinagina oyna «ko‘zcha» orqali
kuzatib turadi, lekin nima bo‘lsa ham bir joyda turmasdan u yo‘lda ketayotgan yangi-yangi
manzaralarni ko‘rib borayotgan edi va nihoyat, tepada ko‘zni ko‘r qilib kechayu kunduz porlab
turadigan la’nati chiroq yo‘q edi. Eng muhimi — Bo‘ronli bekatida bolalarimni, xotinimni uzoqdan
bo‘lsa ham chala-yarim ko‘ra olarmikinman degan umid chirog‘i bir yonib bir o‘chib diliga tinchlik
bermas edi. Axir, oradan qancha vaqt o‘tdi, bola-chaqalarga bir marta ham xat yoza olmadi, biron
xabar bera bilmadi, ulardan ham jilla qursa bir enlik xat kelmadi.
Abutalip Olmaota yaqinidagi bekatda turmaning yopiq mashinasida kelib ana shu avaxta kupega
tushgandan buyon uning yuragi umid bilan umidsizlik o‘rtasida hapqirar edi. U poezdning Sario‘zak
dashti tomon yo‘l olayotganiga ishonch hosil qilgach, yuragi yanada kuchliroq hovliqib, bolalarimga,
Zaripaga ko‘zim tushsa, qorasini bir ko‘rib o‘lsam armonim yo‘q edi deb o‘ylab borardi. Ularni shu
qadar sog‘ingan ediki, fikri-zikri oila a’zolarida edi, Xudodan poezdning Bo‘ronli bekatidan kunduz kuni
o‘tishini, qorong‘ida emas, yorug‘ paytda o‘tishini, yorug‘ bo‘lganda ham Zaripa bilan bolalarini
eshikda yurgan kezda, ularni bir lahza bo‘lsa-da ko‘rib qoladigan daqiqalarda o‘tishini so‘rar edi.
Shu edi uning taqdiridan so‘ragani, faqat shugina edi. Bor yo‘g‘i bola-chaqalarini ko‘z qiri bilan
bo‘lsa ham ko‘rish hozir Abutalip uchun eng katta orzu edi. Chindan ham shunday bo‘lishi mumkin,
Abutalip Bo‘ronli bekatidan o‘tib ketayotganda bolalari eshikda o‘ynayotgan, Zaripa esa kir yoyibmi
biron ish bilan ovora bo‘libmi eshikda yurgan bo‘lsa, ular dukurlab o‘tib ketayotgan poezd vagonlariga
qarab qolishsa Abutalip ularni temir panjara orqali ko‘rib qolishga ulgursa, axir shunday bo‘lishi ham
mumkin-ku. Bunaqasi kam bo‘ladi, albatta... qani edi xudo berib poezd bekatda bir necha daqiqa
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov