www.ziyouz.com kutubxonasi
38
o‘lim topish va odam bolasi topolmaydigan qilib dafn etilishi uchun O’rdasiga qaytdi.
* * *
Bu tomonlarda poezdlar g‘arbdan sharqqa va sharqdan g‘arbga qatnagani-qatnagan...
1953 yil fevral oyining o‘rtalarida Sario‘zak dashtlari orqali sharqdan g‘arbga qatnaydigan yo‘lovchi
poezdlar orasida bosh tomoniga maxsus vagon qo‘shilgan bir poezd bor edi. Yuk vagonining
shundaygina orqasidagi nomersiz bu vagon tashqi ko‘rinishidan boshqa vagonlardan hecham farq
qilmas edi, faqat tashqaridan shunday edi — aslida maxsus vagonning bir qismi pochta bo‘limi,
ikkinchi qismi esa pochta blokidan mahkamlab ajratib qo‘yilgan edi, vagonning ana shu qismi davlat
xavfsizlik organlari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan kishilarni yo‘lda tergov qilishga
mo‘ljallangan xos xona vazifasini o‘tar edi. Qozog‘iston Davlat xavfsizligi komiteti operativ
organlaridan birining katta tergovchisi Tansiqboev qo‘zg‘atgan jinoiy ish yuzasidan qamoqqa olingan
Abutalip Quttiboev ana shu xonada ketayotgan edi. Uni Tansiqboevning o‘zi hamda bir to‘p soqchilar
boshqa jinoyatchilar bilan yuzlashtirish uchun ehtiyotkorlik bilan olib ketishayotgan edi.
Tansiqboev ko‘zlagan maqsadi yo‘lida charchash nima ekanini bilmas ekan — Quttiboevni
poezdda ham so‘roq qilib bordi. Tansiqboevning vazifasi noma’lum bir holatda fashistlar asirligidan
qochib Yugoslaviyaga borib qolgan va u yerda bo‘lajak yugoslav revizionistlar bilangina emas, balki
Angliya razvedkasi bilan ham bevosita muloqot qilib turgan kishilardan iborat dushmanlarning maxsus
xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan qo‘poruvchilik tarmoqlarini qadam-baqadam ochib
tashlashdan iborat edi. Sovet hokimiyatining xorijiy razvedkaga yollangan va jinoyat muddati
tugaguncha yashirinib yurgan dushmanlarini tinimsiz so‘roq qilish, ma’lumotlarni, bevosita va bilvosita
dalillarni qiyoslash yo‘li bilan fosh qilish zarur edi; tergov ishining tantana qilishi, ya’ni aybdorlarning
o‘z ayblarini to‘la tan olishlari hamda qilgan ishlariga pushaymon bo‘lishlari ayniqsa muhim edi.
Bu ishga zamin tayyorlangan edi — so‘roqlar jarayonida Abutalip Quttiboev Yugoslaviyada jang
qilgan sobiq asirlardan o‘nga yaqinining nomini tilga oldi, tekshirish oqibatida asirda bo‘lganlarning
ko‘pchiligi mamlakatning turli burchaklarida sog‘-salomat yashab turganligi aniqlandi. Bu odamlar
qamoqqa olindi va ular ham o‘z navbatida so‘roq paytlarida yana ko‘p kishilarning nomlarini tilga
olishdi, shunday qilib, Yugoslaviyaga sotilganlarning ro‘yxati yanada to‘ldirildi. Bir so‘z bilan aytganda,
ish yangi kishilarni o‘z qa’riga tortdi va dushman unsurlarni fosh etishda oldindan ko‘rilgan tadbirlar
hech qachon zarar yetkazmaydi degan printsipga amal qiladigan do‘kaylarning marhamati ila ish endi
jiddiy bosqichga yetdi. Yugoslaviya kompartiyasi bilan xalqaro maydonda ro‘y berayotgan ixtilof
sharoitida, Titoga Stalinning o‘zi mafkuraviy la’nat o‘qiyotgan bir vaziyatda bu ish muvaffaqiyatli
chiqadigan bo‘lsa, hammaning oshig‘i olchi bo‘ladi, shu protsessning tashabbuskori bo‘lgan
Tansiqboevgina emas, balki uning boshqa shaharlardagi ko‘pgina hamkasblari ham katta «hosil»
olishadi, bu ishdan hamma manfaatdor bo‘lishining sababi ana shunda edi — Hammalari vaziyatdan
foydalanib yuqoriroq amalga minib olish niyatida edilar. Shu maqsadda ular kelishib harakat qilar
edilar. Shuning uchun bo‘lsa kerak oblast markazlari hisoblangan Chkalov (sobiq Orenburg)
Kuybishev, Saratov shaharlarida yuzlashtirish uchun va chaparasta so‘roqqa tutish uchun Abutalip
Quttiboevni olib kelayotgan Tansiqboevni sabrsizlik bilan kutar edilar.
Tansiqboev vaqtni qo‘ldan boy bermas, sur’at bilan, shiddat bilan ishlashni xush ko‘rar edi.
Tansiqboev tergov qilayotgan odamga qamoq joyidan olib chiqilganligi qanday ta’sir etganiga, g‘izillab
borayotgan vagonning panjarasidan mahbusning stantsiyalar yonidagi shahar-ovullarga qanchalik
alam bilan boqayotganiga ham ahamiyat berdi. Tansiqboev Quttiboevning qalbida tug‘yon urgan hisni
tushundi va mumkin qadar ishonchli bir ohangda unga yomonlik istamasligini uqtirmoqchi bo‘ldi,
uning taxminicha Quttiboevning aybi u qadar katta emas emish, mamlakatda favqulodda vaziyat ro‘y
berganda maxsus xizmatlar tomonidan rezerv sifatida tashkil qilingan josuslik tarmog‘ining rahbari —
rezidenti u, ya’ni Abutalip Quttiboev emasligi aniq emish va agar Quttiboev josuslikning boshlig‘i —
rezindentini topishda tergovga yordam bersa va eng muhimi, yuzlashtirgan chog‘da buni ochib
tashlasa, qat’iy isbot qila olsa, u o‘zining gunohini kamaytirgan bo‘lur emish. Aybini yengillashtirar
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov