www.ziyouz.com kutubxonasi
37
Bo‘lsa, sendan ayarmidim? Endi sut yo‘q ekan deb yana yig‘laysan. O’shandan seni qanday qilib
ovutaman? Bu yog‘iga la’nati cho‘lda qanday kun kechiramiz? Nima uchun meni aldading deb
yig‘laysan-da! Bo‘lsa, aldarmidim? Umrim cho‘rilikda o‘tib ketayotir, hech qachon hech kimni aldagan
banda emasman, rahmatli onam bolaligimda Chin-Mochinda bizning urug‘imizda hech kim birovni
aldagan emas, deb menga aytguvchi edi. Shunaqa. Emaver, endi sut yo‘g‘ini bilib olasan.
Oltun shu zaylda sho‘rpeshona bola bilan sho‘rpeshona enagani qismat yanada kuchliroq siquvga
olajagini ko‘z oldiga keltirdi. Lekin enaga bolaning sutsiz ko‘krakni qo‘yib yubormay, aksincha, yayrab-
yashnab rohat bilan emayotganiga tajjublandi.
Oltun ko‘kragini bolaning og‘zidan sekingina tortib olgan edi, o‘zining yuziga oq sut sachraganday
bo‘ldi, u hayron qolib, ko‘kragini yana bolaga berdi va bunga ishonch hosil qilish uchun ko‘kragini
bolaning og‘zidan yana tortib oldi. Oltunning ko‘kragiga sut kelibdi. Endi u butun tanasida qandaydir
yangi bir kuch seza boshladi.
— Tangrim! — shuursiz xitob qildi Oltun. — qudratingdan aylanay, menga sut ato qilding. Em,
emaver bolatoy. Men ona bo‘lay. Sen mening o‘g‘limsan. Endi sen o‘lmaysan, Tangri bizning
iltijoimizni eshitdi. Men senga ne mashaqqatlar bilan yetishdim. Mening G’unonim, bu otni sening
otang bilan onang qo‘ygan. Ota-onang seni dunyoga keltirganlari uchun o‘lib ketishdi. Sening
rahmingni yeb, menday bechoraning ko‘kragiga sut bergan Xudoyi taologa tasanno ayt!
Bunaqangisi tushiga ham kirmagan. Oltunning tanasi qizib, ter chiqdi. Hadsiz, hududsiz cho‘lu
biyobonda o‘ngu-so‘liga alang-jalang boqar ekan, Oltun na bir jonni, na bir jonivorni ko‘rdi, faqat
osmonu taoloda, quyosh hayotbaxsh nurini sochar, tepasida mo‘‘jazgina oq bulut girdi-kapalak bo‘lib
aylanib yurar edi. Chaqaloq sutga to‘yib, tani yayrab uxlab qoldi, onaizor qo‘lida uning mushtumdek
joni taskin topdi va bir maromda nafas ola boshladi; ayol bo‘lsa bugungi ko‘rguliklarni, dovullarning
hamon qulog‘ida jaranglayotgan dahshatli shovqinlarini unutib, onalik baxti dunyosining shirin onlari
sari xayolan qadam chekdi hamda yeru-osmon va sutning ajib hayotbaxsh ittifoqiga imon keltirdi.
Xuddi ana shu lahzalarda yurish davom etmoqda edi. Jahongirning dashtni titratgan buyuk
kuchlari g‘arbga tomon shaxdam qadam tashlab bormoqda edi. Cheriklar, ot-aravalar, poda-poda
mollar...
Soqchilar va a’yonlar qurshovida og‘zidan olov purkab turgan dahshatli ajdaholar timsoli
tushirilgan ipak yalovlar ortida charchoq nima ekanligini bilmaydigan sodiq do‘sti, taqdirning o‘zi kabi
betakror oq yolli, qora dumli yo‘rg‘asi ustida Chingizxon borar edi.
Yo‘rg‘aning cho‘yan tuyoqlari ostida yer zirqirar, ortga tomon qochib ketayotganday orqada qolar,
ammo cheksiz-chegarasiz, nihoyasiz ufq tobora kengayib borayotganday, yangi-yangi mavze-
maydonlarni o‘ziga qo‘shib olayotganday tuyular edi. Na intihosi, na ibtidosi bor edi bu ko‘hna
dunyosining. Kurrai zaminning cheksizligi-yu buyukligi qarshisida qum zarrachasi ila mengzagulik
xoqon o‘zi bilgan va ko‘rgan yerlargagina emas, balki uzoq-uzoqlarda aql nigohi vositasida tasavvur
qilgan o‘lkalarga ham egalik qilishga, o‘zini Rub’i maskunning hukmroni deya tan olishlariga orzumand
edi. Ana shuning uchun ham zabt etish ilinjida yurish qilayotgan va qo‘shinlarga bosh bo‘lib
ketayotgan edi.
Qamchisidan qon tomgan xoqonning bu gal ham qovog‘i osig‘liq, og‘zidan bir so‘zni sug‘urib olish
amri mahol, lekin uning dilidan qandaydir xayollar kechayotganini Xudodan boshqa hech kim bilmas
edi. Xoqon kutilmaganda otining boshini burib, shartta orqaga qaytayotganining sababini ham hech
kim tushunmay qoldi, u shaxt bilan otiga shu qadar tez qamchi bosdiki, ortda borayotgan suvoriylar
unga to‘qnashib ketishdan qo‘rqib, zo‘r-bazo‘r o‘zlarini chetga olishdi. Xoqon tashvishga tushib, hatto
qaltirayotgan qo‘lini ko‘ziga soyabon qilib, har qancha ko‘kka boqmasin, oq bulutdan asar ham
ko‘rmadi — na oldinda, na orqada ko‘zga tashlanar edi bu oq bulut.
Xoqonning hamishalik hamrohi shu zayl birdan yo‘qoldi-qoldi. Ertasiga ham, ikki kundan keyin
ham, o‘n kun o‘tgandan keyin ham oq bulutdan darak yo‘q. Ha, bulut xoqonni tark etgan edi.
Idil daryosiga yetgach, Chingizxon Ko‘k Tangrining o‘zidan yuz o‘girganini tushundi. U nariga
yurish qilmadi. Ovro‘pani zabt etish uchun o‘g‘illariga va nevaralariga fotiha berdi-da, o‘zi orqaga,
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov