www.ziyouz.com kutubxonasi
40
to‘xtab o‘tsa! Shunday xayol nish urishi bilan Abutalipning dili ikki qiynoq iskanjasida qoldi: poezdning
to‘xtab o‘tishi uning uchun chindan ham bir olam baxt bo‘lar edi, ikkinchi tomondan azobi jon ham
edi — avvalo o‘zi bolalarini ko‘rganda yuragi yorilib o‘lishi hech gap emas, shu bilan birga
farzandlariga ham oson bo‘lmas edi. Otalarini temir panjara ortida ko‘rishsa, dodlab yig‘layverib
holdan toyishlari turgan gap... Yo‘q, yo‘q, yaxshisi, ko‘rmasin ham, kuymasin ham...
Demak, eng yaxshisi uzoqdan bo‘lsa ham bola-chaqasini ko‘rib qolishni iltijo qilishdan yaxshisi
yo‘q. Shu ezgu niyatda ko‘nglida hisob-kitob qila boshladi — ilgari ko‘rib yurgan bekatlaridan qaysi
birlari ortda qolib, yana qanchasi oldinda turibdi, agar poezd shu tezlik bilan yuradigan bo‘lsa, Bo‘ronli
bekatiga qachon yetadi — u yerdan kunduzi o‘tadimi, kechasi o‘tadimi — uning fikri-zikri shunda
bo‘lib qoldi. Chamalab ko‘rsa yomon bo‘lmas ekan — poezd bekatdan kunduzi o‘tar ekan, lekin baribir
uning dilini hamon shubha va xavotir kemiraverdi, chunki biron sabab bilan poezd ushlanib kechikib
qolishi, yoki birdan bo‘ron quturib yo‘lni qor bosib qolishi mumkin-ku, eng yomoni poezd bekatdan
kechasi o‘tib ketsa-yu, Zaripa bolalari bilan dong qotib uxlab yotgan bo‘lsa, yonlaridan otalari o‘tib
borayotganini bilishmasa — bundan zo‘r armon bo‘lishi mumkinmi? Ha, shunday bo‘lib chiqishi ham
mumkin, Abutalip o‘zining butunlay ojizu-notavon ekanligidan, taqdiriga tan berishdan bo‘lak iloji
yo‘qligidan yanada besh battar yuragi vayron bo‘ldi.
Abutalip yana bir boshqa narsadan xavotirga tushib qoldi — lochin ko‘z tergovchi poezd Bo‘ronli
bekatidan o‘tib ketayotgan paytda navbatdagi so‘roqni boshlab qolsa-chi!
Tovba, odam bolasining o‘z oila a’zolarini bir ko‘rib qolsam degan pok niyati yo‘lida ham
shunchalik qarshiliklar va xavf-xatar g‘ov bo‘ladimi, ozodlikdan mahrum qilindi degani shu bo‘lsa
kerak. Abutalipning ko‘ngliga taskin va ishonch berayotgan bir narsa bor edi — avaxta kameraning
oynasi ketayotgan poezdning o‘ng tomonida edi, xudo yorlaqab Bo‘ronli bekati ham shu tarafda edi.
Ana shu o‘y-xayollar, qo‘rqinch va shubhalar Abutalipni tamoman o‘z komiga tortib olgan edi, u
o‘zining ayanchli qismatini unutib, butun borlig‘i bilan diydor onlariga cho‘mgan, o‘z joni ko‘ziga
ko‘rinmas edi, bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa to‘zar qabilida ish ko‘rib, o‘ziga qo‘yilgan dahshatli ayblarning
oxir-oqibatda nimalarga olib kelishi haqida o‘ylagisi ham kelmas edi, Tansiqboev bo‘lsa uyat-andishani
bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, tish-tirnog‘i bilan Abutalipga qo‘yilgan ayblarini bo‘yniga olishni talab
etar edi, tergovchining bosh maqsadi esa go‘yo urush yillaridan boshlaboq ish ko‘rib kelgan dushman
josuslari uyasini fosh qilish, uni tag-tomiri bilan yulib tashlab, davlat xavfsizligini saqlab qolish edi.
Josuslik haqidagi uydirma ham Tansiqboev xayolotining mahsuli edi.
Na Xudodan qo‘rqadigan na shaytondan hayiqadigan Tansiqboev o‘zi Xudo, o‘zi iblis yanglig‘
hammasini hisob-kitob qilib qo‘ygan, endi buyog‘ini reja bilan amalga oshirish, yurak yutib ish ko‘rish
kerak, xolos. Uning Abutalip Quttiboevni boshqa shaharlarda biqib yotgan josuslar bilan
yuzlashtirishdan maqsadi ham shu masalani uzil-kesil hal qilish edi.
Xuddi shu paytda Abutalipning Xudodan bittayu-bitta tilagi bor — u jigarporalari Ermek bilan
Dovulni, qiyomatli umr yo‘ldoshi Zaripani bir ko‘rib qolish, oxirgi marta bir ko‘rib qolishni so‘rar edi.
Ha, Xudodan so‘ragani faqat shu, boshqa iltijosi yo‘q, peshonaga yozilgani shu ekanini sezgan,
taqdiriga tan bergan edi. Bola-chaqasiga ko‘z qirini tashlay olsa, bu Abutalip uchun baxtning eng
so‘nggi onlari bo‘lajak, boisi uning o‘z oilasiga, uyiga hech qachon qaytmasligiga ko‘zi yetib turibdi.
Unga qo‘yilgan ayblar shu qadar dahshatli ediki, biron iloj qilish uchun holsiz, majolsiz, Tansiqboev
oldida esa himoyasiz, huquqsiz edi. Binobarin qudratli hokimiyat oldida himoyasiz, huquqsiz edi,
bunday ayblar qo‘yilgan odam sog‘ qoladimi-yo‘q, oldinmi, keyinmi, yo otib tashlanadi yo lagerda
chirib o‘ladi. Abutalip Tansiqboevning qo‘lida qurbon bo‘lishiga uzil-kesil ishonch hosil qildi.
Tansiqboevning o‘zi ham ulkan bir sistemaning — Har qadamda dushmanni izlagan, izlaganda ham
sotsializmning butun dunyodagi harakatini to‘xtatishga, kommunizmning butun dunyoda tantana
qilishiga monelik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan dushmanlarga qarshi tinimsiz kurash olib boradigan jazokor
sistemaning, o‘zini o‘zi qayrab o‘tkirlab turadigan yuho sistemaning arzimas bir murvati edi.
Sotsializmga, kommunizmga xiyonat qildi degan ayb hech kimning bo‘yniga taqilmasin, taqilsa
bormi, omon qolish yo‘q, albatta jazolanadi — yigirma besh yil, o‘n besh yil, kam deganda o‘n yil
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov