www.ziyouz.com kutubxonasi
41
ozodlikdan mahrum qilinadi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Tuzoqqa ilinganlar yaxshi bilishar
edi. Aybdor ham, jazolanuvchi ham, ayblovchi (jazokor) ham shuni yaxshi bilishar ediki, «Sovet
tuzumiga qarshi ish ko‘rgan» degan ko‘pqirrali ayb kimga qo‘yilmasin jazolovchi hamma vaqt haq
bo‘lib chiqar, bugina emas, dushmanlarni tag-tomiri bilan yo‘qotish uchun har qanday vositalarni
ishga solishga yo‘l ochib berar edi, ayblanuvchi esa boshqacha maslakdagilarni qirib-yanchib
tashlaydigan jazo tegirmoniga solingandan keyin qilmagan gunohlarni qildim deb imzo chekishdan
o‘zga najot topa olmas edi.
Xuddi shunday bo‘lib chiqdi. Poezd Sario‘zak dashtida g‘izillab borar, do‘ngalaklar tinim bilmay o‘z
o‘qi atrofida girdikapalak edi. Tansiqboev va uning tergovidagi aybdor bir vagonda borishar edi,
ikkalasi bir ishni hamkorlikda, lekin har kim o‘z bilganicha ijro etishar edi — yashirinib olgan
navbatdagi mafkuraviy g‘animlarni fosh etishlari kerak edi, sotsializmni bunday kurashsiz tasavvur
ham qilib bo‘lmaydi, aks holda bu yangi tuzum o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi, ommaning ongidan
bug‘lanib uchib ketadi. Ana shuning uchun ham kim bilandir kurashmoq, kimnidir fosh qilib,
kimningdir kulini ko‘kka sovurmoq taqozo qilinadi.
Poezd sharaq-shuruq qilib ketayotir. Abutalip nochor-noiloj ekaniga ko‘zi yetgach, kulfat-
mushkulot peshanada bor ekan deb taqdiri azalga tan berishga majbur bo‘ldi. Endi balo-qazoga
ko‘nikib ham qoldi — dastlabki paytlarda qanchalik kuyib-pishib, jini qo‘zib hammasini inkor etgan
bo‘lsa, endi aksincha, butunlay umidsizlikka tushib barchasiga itoatkorona ko‘nikib qoldi. Abutalip
shunday xulosaga keldi: bordiyu onadan qaytadan tug‘ilgan taqdirda ham Tansiqboev bo‘lmasa inson
qiyofasini yo‘qotgan boshqa bir azozilning qo‘liga tushishi turgan gap. Ana shu kuch urushdan ham
dahshatli, asirda bo‘lishdan ham qo‘rqinchli edi, chunki bu bitmas-tuganmas yovuzlik, ehtimol, dunyo
yaratilgandan buyon kelayotgan ofat edi. Ehtimol, Quttiboev muallim, oddiy maktab muallimi yer
yuzida odam paydo bo‘lgunga qadar cheksiz koinot bo‘shliqlarida uzoq vaqt ishsiz yuraverish joniga
tekkan shaytoni lainning qo‘liga tushgan odamlardan biri bo‘lgandir; odam yer yuzidagi barcha
maxluqlar orasida birinchi bo‘lib iblis bilan til topishgan, o‘shandan buyon yovuzlik ketidan yovuzlik
qilib kelmoqda. Ha, faqat insongina yovuzlik desa o‘zini tomdan tashlaydi. Shu ma’noda Tansiqboev
Abutalip uchun iblisning o‘zi edi. Shuning uchun ikkalasi bir poezdda, bir vagonda, favqulodda muhim
bir ish yuzasidan yonma-yon ketishyapti. Bekatlarda Tansiqboevning tanish-bilishlari, xizmatdoshlari
poezd to‘xtadi deguncha kutib olish bahonasida yegulik-ichgulik ko‘tarib kelib yotishdi, Abutalip esa
bundan ich-ichidan xursand bo‘lar edi — ichsin yesin, kayfini sursin, shunda so‘roq uchun vaqt
kamroq qoladi. Qizilo‘rda vokzalida xizmatdoshlari, ayniqsa, quchoq yozib kutib olishdi — usti oq
choyshab bilan yopilgan katta laganni vagonga olib kirishdi. Vagon dahlizida turgan soqchilar laganni
qabul qilib olishar ekan, bittasi sekingina pichirlab qo‘ydi: «Qazi, qovurg‘a! hidini qara! Shaharda
bunaqasini topib bo‘psan. Ming qilsa ham dasht-da!».
Temir panjarali derazaning bir chetidan Tansiqboevning shinelini yelkasiga tashlab do‘stlar bilan
xayrlashish uchun perronga chiqqani ko‘rinib turdi. Kiyimiga sig‘maydigan semiz, hammasi birday
baqaloq, qorako‘l telpak kiyib olishgan, yuzlaridan qon tomadigan zobitlar yarim doira shaklida turib
olishgan, qo‘llari bilan imo-ishora qilib, xa-xalab kulishadi. Ehtimol yangi latifalar aytishayotgandir,
og‘izlaridan chiqqan nafaslari oppoq bug‘ bo‘lib taraladi, oyoqlari ostida qor g‘ichirlaydi. Sergak
militsiya oldida tirik jon o‘tib bo‘pti — poezdning bosh tomonidagi maxsus vagonning yonida
Tansiqboevchi militsionerlar dunyoda ulardan baxtli kishi yo‘qday kulib-yashnab turishibdi, ularning
yonginasida avaxta kupeda o‘z qo‘llari bilan turmaga tiqishgan bir bechora, o‘g‘rimi, zulmkormi,
qotilmi bo‘lsa ham mayli edi-ya, halolu pok, insofli, vijdonli bir kishi urush oloviyu asirlik zulmini
ko‘rgan, o‘z farzandlariyu xotiniga bo‘lgan muhabbatidan boshqa hech vaqosi yo‘q, hayotning bosh
mazmunini ana shu ayolmandlikka e’timodda deb bilgan xoksor muallim azobu uqubatdan joni
qiynalayotgani bilan hemirilik ishlari yo‘q edi.
Ular xuddi ana shunday dunyoda biron bir firqaga kirmagan, shuning uchun ham ont-qasam
ichmagan va tavba-tazarru qilmagan kishini go‘yo mehnatkash xalqning baxtiyor yashashi uchun
zindonga tiqishlari kerak edi.
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov