www.ziyouz.com kutubxonasi
12
Paxtakor Ko’ngli- paxtasidek oppoq. Fe’li-paxtasidek yumshoq. Mehri- paxtasidek qaynoq… faqat
bitta aybi bor: “paxta qo’yish”ni bilmaydi.
Kapalak va toshbaqa Toshbaqa guldan-gulga qo’nib yurgan kapalakni ko’rib g’ashi keldi.
“Bir kunlik umriga uchishini qara!”
Kapalak toshbaqani ko’rib kuldi.
“Yuz yillik umriga sudralib yurishini qara!”
Ko’ngil Odam hamma narsaga to’yishi mumkin. Boylikka… Amalga ham… Shon-shuhratga…
Xudoning o’zi kechirsin-ku, hatto… hayotga ham… Qarib-churiganida “omonatingni ola
qol, yaratgan Egam”, deydiganlar, chin dildan gapiradi…
Odam hamma narsaga to’yishi mumkin. Faqat bir narsaga-Mehrga to’ymaydi. Bu
masalada shohu-gado barobar.
Holbuki, dunyoda bundan arzon narsa yo’q.. bir og’iz shirin So’z, bir chimdim Mehr kimni
o’ldiribdi! Biz esa shuni ham bir-birimizdan ayaymiz...
Sharq fojiasi Sharq ayoli bir qadar zabun bo’lgan.
G’arb ayoli bir qadar erkin bo’lgan.
Sharq podshosining harami bo’lgan. Haramda rasman tan olingan kanizaklar bo’lgan.
Xohlasa o’nta, xohlasa qirqta…
G’arb qirolining harami bo’lmagan. Ammo uning rasman tan olingan jazmanlari-
favoritkalar bo’lgan. Xohlasa o’nta, xohlasa qirqta.
Sharqda to’rt nikohga ruxsat berilgan.
G’arbda bitta nikoh tan olingan.
Sharqda to’rt xotinning har biri o’z bolasini taxtga da’vogar qilib tarbiyalagan.
G’arbda o’nlab favoritkalarning birontasi bolasini taxtga da’vogar deyishga haqqi
bo’lmagan.
Sharqda ne-ne saltanatlar o’gay aka-ukalar o’rtasida xomtalash bo’lib, parchalanib
ketgan.
Ga’rbda bu muammo bo’lmagan…
Xulosa: G’arb qiroli bir qadar dono, ayollar esa bir qadar erkin va… anchayin soda
bo’lgan. Sharq podshosi bir qadar soda, ayollar esa bir qadar zabun va … anchayin
makkor bo’lgan!
Sharqning eng katta fojiasi-rasman qonunlashtirib qo’yilgan ko’p xotinlilik!