Savol: Sayyidimiz Odam (a.s.)ning qabrlari qaerda? Javob: Odam (a.s.) – bashariyat otasidirlar. Alloh u zotni O’zi bevosita yaratdi va
unga farishtalarni sajda qildirdi. Jannatda yashatib, hamma narsaning ismini o‘rgatdi.
Zurriyotlarini ikrom etdi va o‘zlarini birinchi payg‘ambar qildi.
Hadis va tarix kitoblarida kelishicha, Odam (a.s.) ming yil yashaganlar. Ibn Kasir «Al-
Bidoya van-Nihoya» kitoblarida naql qilishlaricha, Odam (a.s.)ni yuvish, kafanlash va
dafn etishni farishtalar bajarganlar. Lekin dafn etish joyi haqida ixtilof qilingan. Mashhur
fikr shuki, u zot o‘zlari jannatdan tushgan yer – Hindistonning bir tog‘iga dafn
qilinganlar. Bir fikrga ko‘ra, Makkadagi Abu Qubays tog‘iga ko‘milganlar.
Aytilishicha, to‘fon zamonida Nuh (a.s.) Odam va Havvo (a.s) larni bir tobutga yuklab,
Baytul-maqdisga dafn etganlar.
Odam (a.s.)ning qabrlari haqida rivoyatlar shunday so‘zlaydi. Ishning haqiqatini esa,
Aliym va Xobiyr – Alloh biladi.
Savol: Muso (a.s.) zamonlarida g‘arq bo‘lgan Fir’avnning ismi nima bo‘lgan? Javob: Qadimgi Misr lug‘atidagi Fir’avn so‘zining ma’nosi «Buyuk uy» bo‘lgan.
Avvalda bu so‘z qadimiy Misr davlati zamonidan beri podshoh qasriga na’t va sifat
o‘laroq ishlatilgan. Keyinchalik miloddan oldingi ming yillikdan boshlab, u Misr
podshohlarining nomiga aylangan.
«Kisro» so‘zi qadimgi hamma fors podshohlarining, «Qaysar» so‘zi esa rum
qirollarining va «Najoshiy» bo‘lsa, hamma habash podshohlarining nomi bo‘lganidek,
«Fir’avn» ismi qadimiy Misrning barcha podshohlariga nisbatan ishlatilgan.
Muso (a.s.) zamonlarida Qizil dengizga g‘arq bo‘lgan Fir’avnning ismi ahli kitob
nazdida Qobus bo‘lgan. Uning to‘liq oti Valid ibn Mus’ab ibn Rayyon edi.
Lekin aksar muarrixlarning fikriga ko‘ra, Muso Fir’avnining ismi Minfitoh bo‘lgan. U o‘n
to‘qqizinchi oilaning to‘rtinchi Fir’avni bo‘lib, Ramzes ikkinchining farzandlaridan edi.