Qirq birinchi majlis QIYOMAT SOATINING BAYONI
Alloh taolo aytadi: «Ey insonlar, Parvardigoringizdan qo‘rqingiz! Zero (qiyomat) soati (oldidagi) zilzila ulug‘ dahshatli narsadir. Uni ko‘rar kuningizda emizayotgan (onalar) emizib turgan (bolasini) unutar va barcha homilador (ayollar) o‘z homilasini tashlab yuborar. Odamlarni mast-alast holda ko‘rursiz, holbuki, ular mast emaslar. Lekin Allohning azobi qattiqdir» (Haj surasi, 1–2-oyatlar).
Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qaysi bir qavm bir majlisda yig‘ilsayu, menga salovot aytmasdan tarqalsa, jirkanch narsaning ustidan tarqalgan bo‘ladi», dedilar.
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim menga salovot aytishni unutsa, jannatning yo‘lidan adashadi», deganlar.
Ali ibn Abu Tolib aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Odamlarga bir zamon keladiki, islomning faqat ismi, dinning rasm-rusumi, Qur’ondan faqat dars qilish qoladi. U zamonda masjidlar obod bo‘ladilar. Lekin ular hidoyat jihatidan xarob bo‘ladi. Mana shu zamonda odamlarning eng yomoni ulamolar bo‘ladi. Ulardan fitna chiqadi va o‘zlariga qaytadi. Bular qiyomatning alomatidir».
Huzayfadan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarning oldimizga chiqib keldilar va: «Nima haqda suhbat qilyapsizlar?» deb so‘radilar. Biz:
«Qiyomat haqida suhbatlashyapmiz», dedik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomatning o‘nta alomati bor, o‘shalar sodir bo‘lmaguncha, qoyim bo‘lmaydi: tutun, dajjol, yer hayvoni quyoshning mag‘ribdan chiqishi, Iso alayhissalomning tushishi, Ya’juj va Ma’juj, uch marotaba – mashriq, mag‘rib va arab yarim orolida yer yutishi. Bularning oxirida Yamandan bir o‘t chiqadi va odamlarni Mahsharga quvadi», deb aytdilar.
Dajjol katta bir balo bo‘lib, Odam alayhissalom davridan qiyomatgacha unga o‘xshashi bo‘lmagan. U ko‘p g‘ayritabiiy narsalarni amalga oshiradi. Ilohlikni da’vo qiladi. Uning bir ko‘zi ko‘r bo‘lib, peshonasiga «kofir» deb yozilgan.
Tutun mag‘ribdan mashriqqacha bo‘lgan barcha narsani qoplaydi, qirq kuncha miqdorda turadi. Kofirlarning og‘izlaridan kirib, quloq, burun va orqalaridan chiqadi. Ular xuddi mastga o‘xshab qoladi. Yer hayvoni Makkadagi Safo tog‘idan chiqadi. Odamlarga o‘xshab gapiradi hamda yer yuzini adolatga to‘ldiradi. Unda Muso alayhissalomning hassalari va Sulaymon alayhissalomning uzuklari bo‘lib, agar hassa bilan mo‘minning peshonasiga ursa, «Bu mo‘mindir», deb yoziladi. Uzuk bilan
kofirning peshonasiga ursa, «Bu kofirdir», deb yoziladi.
Iso alayhissalom Shomning oq minoralariga tushadilar. Dajjol Iso alayhissalomni ko‘rgan vaqtda suvga tushgan tuzdek eriy boshlaydi. Iso alayhissalom uni o‘ldiradilar.
Ya’juj-Ma’juj ikki turli bo‘ladi. Bir turi juda kichkina, ikkinchi turi juda katta bo‘ladi. Ular hozir ham mavjud bo‘lib, Iskandar Zulqarnayn qurdirgan to‘g‘onning orqasidalar. Ularning adadlari behisob, katta ko‘lning yonidan o‘tsalar, ko‘lda bir tomchi ham suv qolmaydi. Qiyomatga yaqin to‘g‘on ochilgach, ular chiqadilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomat soati shartlari: bozorlarning kasodga uchrashi, yomg‘ir va ekindan barakasi ketishi, valadi zinolar xalqning ustiga kelishi, moldorlar ulug‘lanishi, masjidlarda fosidlar ovozining yangrashi, ahli munkarning haq ahlidan g‘olib kelishi», dedilar.
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Omonat zoe qilinishi, zakotning qarz o‘laroq berilishi, dinni manfaat uchun o‘rganish, er xotinga itoat etib, onasiga oq bo‘lishi, do‘stiga yaqin bo‘lib, otasidan uzoqlashishi, qabilaning fosiqi ularga raisi bo‘lishi, yomonligidan qo‘rqilgan kimsa odamlarning hurmatlirog‘i bo‘lishi qiyomat alomatlaridandir», dedilar».
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:
«Alloh osmonlaru yerni yaratgan vaqtda surni ham yaratdi. Surning o‘n bitta doirasi bo‘lib, Alloh taolo uni Isrofil alayhissalomga bergan. Isrofil alayhissalom bo‘yruq kelishini kutgan holda surni og‘ziga solib, ko‘zlari bilan Arshga tikilib turibdi. Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Sur nima?» deb so‘raganlarida: «U nurdan bo‘lgan ulkan surnaydir. Meni haq payg‘ambar qilib yuborgan Allohga qasamki, Isrofil alayhissalomning og‘zi tarafidagi har bir doiraning kengligi osmonlaru yerning kengligichadir. Isrofil alayhissalom unga uch marta puflaydi. Birinchi nafhada odamlar qo‘rquv-dahshatga tushadi. Ikkinchi nafxada halok bo‘ladi. Uchinchi nafhada qayta tiriladi. Alloh taolo Isrofil alayhissalomga birinchi nafhani buyurganida nafxa soladi. Shunda osmonlaru yerdagi jamiki jonzotlar qo‘rquvga tushadilar, hatto sut emizayotgan barcha emizuvchilar o‘z bolalarini tark etadilar, homiladorlar homilalarini tashlaydilar. O’sh bolalarning qo‘rquvdan sochlari oqarib ketadi. Odamlar Alloh xohlagancha turadilar, so‘ngra Alloh Isrofil alayhissalomni ikkinchi nafhaga buyuradi. Isrofil alayhissalom ikkinchi bor nafha uradi. Shunda osmonlaru yerdagi jamiki jonzotlar halok bo‘ladi. Faqat Alloh xohlagan kimsalargina qoladilar. Ular Jabroil, Mikoil, O’lim farishtasi va Arshni ko‘tarib turgan farishtalardir. Alloh taolo o‘lim farishtasiga ularning jonini olishni buyuradi, bas, ularning ham joni oladi. Shunda Alloh: «Ey O’lim farishtasi! Mening xalqimdan kimlar qoldi?» deb so‘raydi. O’lim farishtasi: «Ey Rabbim! Zaif bandang bo‘lmish men qoldim», deydi. Alloh: «Ey O’lim farishtasi, Meni
«Har bir nafs o‘limni totuvchidir», deganimni eshitmaganmisan», bas, o‘zingning joningni ol», deydi. O’lim farishtasi jannat bilan do‘zaxning o‘rtasiga kelib, o‘zining jonini ola boshlaydi. Shunday qattiq qichqiradiki, agar Allohning bandalari tirik bo‘lganlarida, hammalari uning qichqirig‘idan halok bo‘lur edi. So‘ngra: «Agar o‘limning shiddat va alamini bilganimda mo‘minlarni jonini yengilroq olgan bo‘lardim», deb vafot etadi. Maxluqotlardan biror kimsa tirik qolmaydi. Yer qirq yil xarob bo‘ladi. Shunda Alloh: «Ey dunyo! Qani podshohlar? Qani podshohlarning bolalari? Qani zolimlar? Qani Mening rizqimni yeb, Mendan boshqaga ibodat qilganlar», deydi. Javob beradigan hech bir kimsa topilmaydi. So‘ng Alloh taolo kuchli shamol yuboradi. Shunday bir shamolki, uning igna teshigidan chiqadigan miqdorini Od qavmiga yuborgan edi. Bu kuchli shamol birorta tog‘ni ham, tepalikni ham qoldirmay vayron qiladi. Yer tep-tekis bo‘ladi. So‘ng Alloh osmonga buyuradi. Osmon qirq kun yomg‘ir yog‘diradi. Hatto suv o‘n gaz balandlikka ko‘tariladi. Odamlar bu yomg‘ir sababli o‘simlikka o‘xshab o‘sa boshlaydilar, hatto jasadlari avvalgidek komil holatda bo‘ladi. So‘ngra Alloh Arshni ko‘tarib turuvchi farishtalarni va Jabroil, Isrofil, Mikoil, Azroilni tiriltiradi. Keyin Alloh Rizvon jannatiga buyuradi. Ularga Buroq, Toj, Kiyim va Tug‘ beradi. Ular yer bilan osmon o‘rtasida turadilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Ey yer, Muhammadning qabri qani?» deb so‘raydi. Yer esa: «Seni haq bilan yuborgan Allohga qasamki, Alloh menga kuchli shamolni yubordi. U shamol meni vayron qildi. Men u zotning qabrini bilmayman», deb javob beradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qabrlaridan nurli ustun osmonga ko‘tariladi. Shundagina Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qabrlari oldiga keladi va yig‘lay boshlaydi. Oldidagi farishtalar: «Nima uchun yig‘layapsiz?» deb so‘rashadi. Shunda u: «Nega yig‘lamayin, hozir Muhammad alayhissalom turib, mendan ummatlari haqida so‘raydi. Men esa ummatlari qaerdaligini bilmayman», deb javob beradi. Shunda Nabiy alayhissalomning qabrlari harak’atga tushadi va yer yoriladi. Muhammad alayhissalom turadilar va boshlaridagi tuproqni qoqadilar va o‘ngu so‘llariga qaraydilar, ammo birorta imoratni ko‘rmaydilar. So‘ng: «Ey Jabroil! Bu qanday kun?» deb so‘raydilar. U: «Bu hasrat, nadomat, qiyomat kuni, siz bu kunda shafoat qilasiz», deb javob beradi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam:
«Ey Jabroil! Ummatim qani? Balki siz ularni jahannamning bir chetiga olib borib tashlagandirsiz», deb so‘raydilar. Jabroil alayhissalom: «Alloh saqlasin! Allohga qasamki, biror kimsa sizdan oldin turgan emas», deydi va tojni boshlariga kiygizib, Buroqqa mindiradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey birodarim Jabroil! Mening ashoblarim bo‘lmish Abu Bakr, Umar, Usmon va Alilar qani?» deb so‘raydilar. Ular ham Allohning izni bilan turadilar. Farishtalar kiyimlarni keltirib, ularga kiygizadilar va Buroqqa ularni mindiradilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarini
sajdaga tashlaydilar va yig‘lab turib: «Ummatim! Ummatim!» deydilar. Shunda Alloh Isrofil alayhissalomga: «Surni chal!» deya buyuradi. Isrofil surni chalgan vaqtlarida surdan asalariga o‘xshash ruhlar chiqadi va osmonlaru yerni to‘ldirib yuboradi, so‘ng u ruhlar jasadlarga kiradi. Shunda jamiki insonlaru jinlar tirilib, mashharga to‘planadi
Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan:
«U kunda sur chalinur, bas, sizlar to‘p-to‘p bo‘lib (mahshargohga) kelursizlar!» degan oyat haqida xabar berishlarini so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yig‘ladilar, hatto ko‘z yoshdan kiyimlari ho‘l bo‘lib ketdi. So‘ng dedilar: «Ey Muoz! Sen mendan buyuk ish haqida so‘rading. Ummatim o‘n ikki guruh bo‘lib, mahsharga keladi. Birinchi guruh qo‘l-oyoqsiz bo‘ladi. Ular qo‘shnilariga aziyat berganlar bo‘lib, bu ularning jazosidir, ularning boradigan joyi do‘zax bo‘ladi. Ikkinchi guruh to‘ng‘iz suratida keladi. Ular namozga beparvo bo‘lib, bu ularning jazosi shunday bo‘ladi. Ularning ham boradigan joyi do‘zaxdir. Uchinchi guruhning qorinlari tog‘day bo‘lib, ichi xachirdek keladigan chayon-ilonlar to‘la, ular zakot bermaydiganlardir, bu – ularning jazosi, ularning boradigan joyi do‘zaxdir. To‘rtinchi guruh og‘izlaridan qonlari oqib keladi, ular oldi-sotdida yolg‘on gapirganlardir, bu – ularning jazosi, ularning ham boradigan joyi do‘zaxdir. Beshinchi guruh sassiq hid tarqatib keladilar, ular Allohdan qo‘rqmay, balki odamlardan qo‘rqib, gunohlarini berkitganlardir, bu – ularning jazosi, boradigan joyi esa do‘zaxdir. Oltinchi guruh og‘izlari, halqumlari kesilgan holatda keladi. Ular yolg‘on guvohlik bergan kimsalardir. Bu ularning jazosi bo‘lib, boradigan joyi do‘zaxdir. Yettinchi guruh tillari kesilgan, og‘izlaridan qon va yiringlar oqqan holda keladi. Unday kimsalar guvohlikka chaqirilganda guvohlik bermagandir, bu – ularning jazosi, ularning boradigan joyi do‘zax. Sakkizinchi guruh oyoqlari osmonda, o‘zlari yuztuban bo‘lib keladi. Ular zinokorlar bo‘lib, tavba qilmay o‘lganlardir. Bu – ularning jazosi, ularning borar joyi do‘zax. To‘qqizinchi guruh yuzlari qora, qorinlari olov bilan to‘lgan holatda keladi. Ular yetimlarning molini zulm bilan yegan. Bu – ularning jazosi, ularning borar joyi do‘zax. O’ninchi guruh badanlari pes-moxov bo‘lib keladi. Ular ota-onalariga oq bo‘lgandir, ularning boradigan joyi do‘zax. O’n birinchi guruh ko‘zlari ko‘r, tishlari ho‘kizning shoxidek bo‘lib keladi, tillari qorinlarigacha osilgan, qorinlaridan yiring oqayotgan bo‘ladi. Ular mast qiluvchi ichimliklarni ichadiganlardir, ularning ham borar joyi do‘zax. O’n ikkinchi guruh qabrlaridan yuzlari to‘lin oydek porlab turadi, ular sirot ko‘prigidan yashindek o‘tadi. Ular solih amallar qilgan, ma’siyatlardan chetlangan, namozlarini muhofaza qilganlardir, ularning mukofotlari jannat, mag‘firat, rahmatdir».
Dostları ilə paylaş: |