Microsoft Word durratun nosihiyn ziyouz com doc



Yüklə 490,58 Kb.
səhifə53/85
tarix31.12.2021
ölçüsü490,58 Kb.
#49502
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   85
Usmon ibn Hasan Xubariy. Durratun nosihiyn (2)

Qirq uchinchi majlis


MA’SIYAT VA ZULMNING MAZAMMAT QILINGANI HAQIDA

Alloh taolo aytadi: «Odamlar qilgan qilmishlari sababli quruqlikda ham, dengizda ham (turli ofat) balolar yuz berdi. (Bu balo va ofatlar odamlar gunoh-ma’siyatlardan) qaytishlari, ularga qilgan ayrim gunohlarining (jazosini) tottirib ko‘rish uchundir» (Rum surasi, 41-oyat).


Fuzola ibn Obid aytadilar: «Bir kishi namozida duo qildiyu, salovot aytmadi. Shunda unga dedilar:

«Sizlardan biringiz duo qilsa, avval Allohga hamdu sano va Payg‘ambariga salovot aytsin, so‘ngra xohlagan duosini qilsin». Umar raziyallohu anhu aytadilar: «Nabiyga salovot aytmaguncha, duolar osmon bilan yerning o‘rtasida muallaq qolib, Allohga yetib bormaydi». Ibn Mas’uddan raziyallohu anhu rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalardan bir jamoaga qarata:

«Ummatimdan bir necha qavmga Alloh qiyomat kuni: «Ey bandalarim! Jannatga kiringlar», deydi. Ular Alloh jannat yo‘lini ko‘rsatmagunicha, qiyomat maydonida yo‘l topolmay hayratlanib qolishadi», dedilar. Shunda sahobalar: «O’ Rasululloh! Ular kimlar?» deb so‘rashganida: «Ular huzurlarida men zikr qilinganimda sahv va g‘aflat sababli salovot aytmaganlardir», deb javob berdilar.

Avvalda yer go‘zal, yam-yashil bo‘lgan. Odam bolalari qaysi daraxt oldiga kelmasin, uning mevalari pishib yotardi. Dengizlar suvi esa chuchuk bo‘lgan. Sher sigirlarni, bo‘ri qo‘ylarni yemasdi. Qobil Hobilni o‘ldirgach, daraxtlar tikanli bo‘ldi, yer qoraydi, dengizlar suvini sho‘r bosdi. Xabarlarda kelishicha, qaysi mahallada bitta benamoz bo‘lsa, o‘sha yerga har kuni yetmishta la’nat tushadi.

«La’natning xossatan o‘sha benamozga emas, ommatan butun mahallaga tushishidan hikmat nima?» deyilsa, aytish mumkinki, mahalla ahli uning ishidan xabarda bo‘lsa-da, bunga beparvo edi. Shuning uchun Allohning azobi ularga ommaviy bo‘ldi. Ushbu hadis buni tasdiqlaydi: «Haqni aytmasdan sukut saqlagan kimsa soqov shaytondir».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Ey odamlar! Rabbingizdan qo‘rqinglar! Sizlardan birortangiz birodariga zulm qilmasin. Kim mo‘minga zulm qilsa, Alloh qiyomat kuni undan intiqom oladi».

Iymonning olib qo‘yilishiga sabab bo‘ladigan eng xavfli gunoh qaysi?» Javob quyidagicha: Iymonga shukr qilmaslik, o‘layotganda iymonsiz ketishdan xavflanmaslik, bandalarga zulm qilish. Aksar ushbu sifatlarga ega bo‘lgan kimsalar bu dunyodan kofir holatda ketgan.

Hadisi qudsiyda vorid bo‘lgan: «Ey odam bolasi! O’lim sirlaringni ochadi. Qiyomat qilgan amallaringning xabarini beradi. Agar gunoh qilsang, uning kichikligiga qarama, balki kimga osiy bo‘layotganingga qara. Agar senga rizq bersam, uning ozligiga qarama, lekin senga rizq berayotganga qara. Kichkina gunohni haqir sanama, chunki qaysi gunoh sababli senga g‘azab qilishimni bilmaysan. Mening makrimdan xotirjam bo‘lma. U qorong‘u kechada toshning ustida o‘rmalab yurgan chumolidan ham maxfiyroqdir. Ey odam bolasi! Menga osiy bo‘lganingda Mening g‘azabimni esla va gunohdan tiyil. Senga omonat qo‘ygan kimsaning omonatini ado etdingmi? Senga yomonlik qilganga yaxshilik qildingmi?! Senga zulm qilganni afv etdingmi?! Sen bilan gaplashmay qo‘ygan kimsa bilan gaplashdingmi?! Sendan aloqani uzgan kishi bilan aloqani bog‘ladingmi?! Senga xiyonat qilgan kimsaga insof etdingmi?! Ulamolardan din-dunyoga taalluqli bo‘lgan ishlar haqida so‘radingmi?! Men sizlarni suratingizga qaramayman, balki qalblaringizga va niyatlaringizga qarayman. Bu xislatlar bilan sizlardan rozi bo‘laman».

Umar raziyallohu anhu kechalari ko‘chalarda ko‘p yurardilar. Bir eshikning oldidan o‘tayotganlarida yig‘i tovushini eshitdilar va to‘xtab quloq soldilar. Bir ayolning: «O’zim bilan Umarning o‘rtasiga Allohni qo‘ydim», deyayotganini eshitdilar. Umar raziyallohu anhu bu ayolning qalbidagi qayg‘uni ketkizmoqni istadilar va eshikni taqillatib: «Umar senga nima qildi?» dedilar. U kishini tanimagan ayol: «Umar erim falonchini g‘azotga yuborib, menga yosh bolalarim bilan tashlab qo‘ydi. Menda bularni ovqatlantirish uchun hech narsa yo‘q. Bizning ahvolimizdan amirul mo‘minin g‘aflatdadir», dedi. Umar raziyallohu anhu borib Baytul-moldan un va go‘sht olib, yelkalariga
qo‘ydilar. U kishi bilan birga bo‘lganlar: «Bizga bering, biz ko‘taramiz», deyishganda, Umar raziyallohu anhu: «Sizlar bu dunyoda yukimni ko‘tarishingiz mumkin, lekin oxiratda mening gunohimni ko‘tara olmaysizlar», dedilar-da, kampirning uyigacha yig‘lab bordilar. Uyga kirgach, unni xamir qilib qordilar va o‘choqni yoqdilar. Non bilan go‘shtni pishirdilar. So‘ng bolalarni to to‘ygunlaricha qo‘llari bilan taomlantirdilar.

Bir hikoyada aytilishicha. chigirtkaning qanotiga «Biz Allohning qo‘shinlaridan bir qo‘shinmiz. Fasod va zulm zohir bo‘lganda odamlarning shaharu qishloqlarini vayron qilishimiz uchun bizni ular ustida sulton qiladi», deb yozilgan ekan.



Bir yili Makkada qurg‘oqchilik bo‘ldi. Odamlar yomg‘ir so‘rab uch kun istisqo namozini o‘qidilar, ammo yomg‘ir yog‘madi. Abdulloh ibn Muborak aytadilar: Menda odamlar orasidan chiqib, yolg‘iz holda Allohga duo qilish fikri tug‘ildi. Shoyad, Parvardigorning rahmi kelib, duoimni ijobat qilsa, deb o‘yladim. Bas, odamlardan chetlanib, g‘orlardan biriga kirdim. Ko‘p o‘tmay, bir qora g‘ulom ham kirib keldi. Ikki rak’at namoz o‘qib, boshini sajdaga qo‘ydi va Allohga duo qila boshladi. Men uni eshitib turardim, u shunday iltijo qildi: «Ilohim! Albatta, bu bandalaring uch kun yomg‘ir so‘radilar, sen ularga bermading. Izzating haqqi, hatto yomg‘ir yubormaguningcha boshimni ko‘tarmayman». U boshini ko‘tarmasdanoq yomg‘ir yog‘a boshladi. U turib ketgach, men unga ergashib bordim. Shaharga yetib kelgach, u bir hovliga kirib ketdi. Hovlidan biror odam chiqqunicha kutishni niyat qilib, eshikning oldiga o‘tirdim. Bir odam chiqqach: «Bu hovli kimniki?» deb so‘radim. U: «Falonchiniki», dedi. Men kirdim va qul sotib olish niyatida ekanimni aytdim. Uyning egasi menga bir g‘ulomni ko‘rsatdi. Men: «Bundan boshqasini xohlayman. Yana bormi?» deb so‘radim. U esa: «Mening yana bitta g‘ulomim bor, lekin u senga to‘g‘ri kelmaydi», dedi. «Nima uchun?» deb so‘radim. «Chunki u dangasa», dedi. Men qulni ko‘rsatishini iltimos qildim. Uni ko‘rganimda: «Shuni sotib olaman, qanchaga sotasan?» dedim. «Men buni yigirma dinorga sotib olganman, lekin o‘n dinorga ham arzimaydi. Agar xohlasang, o‘n dinorga sotaman», dedi. Men yigirma dinorga sotib oldim. G’ulom esa menga: «Ey Ibn Muborak, nima uchun meni sotib olding, men senga xizmat qilmayman», dedi. Men uning ismini so‘raganimda: «Ahbo», deb javob berdi. Uni uyimga olib keldim. U tahorat qilishni xohladi. Men unga suv keltirdim. U tahorat qilib namoz o‘qidi va sajda qildi. Men nima deyayotganini eshitish uchun unga yaqinlashdim, u esa: «Ey sirlarning sohibi, albatta, sir zohir bo‘ldi. Men esa mashhur bo‘lganimdan keyin yashashni xohlamayman», der edi. So‘ng bir muddat jim bo‘lib qoldi. Uni turtib ko‘rsam, vafot etan ekan».

Jobir raziyallohu anhu aytadilar: «Zulm qilishdan ehtiyot bo‘linglar. Albatta, zulmat qiyomat kuni zulumot bo‘ladi».

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Olti kishi olti narsa sababli do‘zaxga kiradi: Hokimlar zulm, a’robiylar mutaassiblik, nodon-ilmsizlar jaholat, boshliqlar kibr, tujjorlar xiyonat, ulamolar hasad sababli».

Odam alayhissalom aytardilar: «Albatta, Alloh Muhammadning ummatiga menga bermagan afzalliklarni berdi. Birinchisi, mening tavbam Makkada qabul qilindi. Muhammadning ummati qaerda tavba qilsa, Alloh ularning tavbasini qabul qiladi. Ikkinchisi – men kiyimda edim, osiy bo‘lganimda yalang‘och qoldim. Muhammadning ummati esa yalang‘och holda osiy bo‘lsalar ham, ularni liboslantiradi. Men osiy bo‘lganimda men bilan ayolimning orasi ajratildi. Ammo Muhammadning ummati Allohga osiy bo‘lsalar ham, ayollari bilan oralari ajratilmaydi. To‘rtinchisi – men jannatda osiy bo‘ldim, natijada u yerdan chiqarildim, ammo Muhammadning ummati jannatdan tashqarida osiy bo‘lsalar-da, agar tavba qilsalar, Alloh ularni jannatga kiritadi».




Yüklə 490,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   85




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin