Microsoft Word durratun nosihiyn ziyouz com doc



Yüklə 490,58 Kb.
səhifə73/85
tarix31.12.2021
ölçüsü490,58 Kb.
#49502
1   ...   69   70   71   72   73   74   75   76   ...   85
Usmon ibn Hasan Xubariy. Durratun nosihiyn (2)

Oltmish ikkinchi majlis


O’MON GUMON QILISH VA G‘IYBAT HAQIDA

Alloh taolo marhamat qiladi: «Ey mo‘minlar, ko‘p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ayrim gumon(lar) gunohdir! (O’zgalarning ayblari ortidan) josuslik qilib yurmanglar va ayrimlaringiz ayrimlarni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi?! Ana yomon ko‘rdingizmi?! (Bas, gunohi bundan-da ortiq bo‘lgan g‘iybatni ham yomon ko‘ringiz!) Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qilguvchi, mehribondir» (Hujurot surasi, 12-oyat).


Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:

«Majlislaringizni menga salovot aytish bilan bezanglar, chunki aytgan salovotlaringiz qiyomat kuni sizlar uchun nur bo‘ladi». Boshqa hadisda esa: «Yuzimni uch toifa odam ko‘rmaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan kimsa, sunnatimni tark qilgan va uning oldida zikr qilinganimda, menga salovot aytmagan kimsa», deganlar.

Rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «G’iybat zinodan ham yomonroqdir». Sahobalar hayratlanib: «Qanday qilib, yo Rasululloh», deyishdi. U kishi aytdilar:

«Kishi zino qilib, so‘ngra tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. G’iybatchini g‘iybat qilingan kimsa kechirmagunicha, Alloh uning gunohini kechirmaydi». Bu hadisdan g‘iybat gunohi kabiralardan ekani ma’lum bo‘ladi.

Alloh Muso alayhissalomga vahiy qilib aytdi: «Kim g‘iybat qilishdan tavba qilib o‘lsa, jannatga kiradiganlarning oxirgisi bo‘ladi. Kim g‘iybat qilgan holida vafot etsa, do‘zaxga kirguvchilarning avvalgisi bo‘ladi».

Ikrimadan rivoyat qilinadi: «Uzun bo‘ylik bir ayol Payg‘ambarimizning huzurlariga keldi. U chiqib ketgan vaqtda Oisha onamiz: «Bo‘yi juda uzun ekan», dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «G’iybat qilding», dedilar. Oisha onamiz: «Axir men undagi bor narsani gapirdim-ku?» deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Unda qarih ko‘rilgan narsani zikr qilding», dedilar. Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, g‘iybat kishidagi mavjud narsani uning yo‘g‘ida gapirishdir. Unda mavjud bo‘lmagan narsani gapirish esa bo‘hton, tuhmat hisoblanadi. Bu esa g‘iybatdan ham yomonroq. Bunda uch o‘rinda tavba qilish zarurdir. Birinchisi, bo‘hton qilgan majlisga borib: «Men sizlarning oldingizda falonchi haqida bunday deb, yolg‘on gapirgan edim», deydi. Ikkinchisi, bo‘hton qilingan kimsaning oldiga borib, uning roziligini oladi. Keyin Allohga istig‘for aytib, tavba qiladi. G’iybat o‘zga kimsaning aqlida, kiyimida yoki so‘zi va nasabida uchraydigan bir kamchilikni gapirishdir.

A’lo ibn Horisdan rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilarki: «Bo‘htonchi, g‘iybatchi va chaqimchilar qiyomat kunida mahsharga it suratida to‘planadilar».

Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Ikki kishining orasida chaqimchilik qiluvchi qiyomatgacha qabrida olov bilan kuydirib azoblanadi», deganlar.

Ka’bul Ahbor aytadilar: «Bani Isroilga qurg‘oqchilik musibati yetdi. Muso alayhissalom qavmi bilan birga yordam so‘rab uch kun istisqo namozini o‘qidilar, ammo yomg‘ir yog‘madi. Shunda Muso alayhissalom aytdilar: «Parvardigoro, bandalaring uch kun yomg‘ir so‘rab, namoz o‘qidilar, ammo ularning duolarini ijobat qilmading». Alloh vahiy qildi: «Ey Muso, Men ichida chaqimchisi bo‘lgan qavmning duosini qabul qilmayman». Muso alayhissalom: «Yo Parvardigor, uning kimligini bizga bildirgin, uni oramizdan chiqarib yuboramiz», deganlarida, Alloh: «Chaqimchilikdan qaytarib, o‘zim chaqimchilik qilayinmi?» dedi. Keyin ularning barchasi tavba qilgach, Alloh taolo yomg‘ir yog‘dirdi». Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kim umrida bir marta g‘iybat qilsa, Alloh uni o‘nta uqubat bilan azoblaydi: Allohning rahmatidan uzoqlashadi; farishtalar unga hamroh bo‘lmaydi; o‘lim vaqtida jon berish qiyin bo‘ladi; do‘zaxga nomzod kimsaga aylanadi; jannatdan uzoqlashadi; qabrda azobi qattiq bo‘ladi; qilgan amallari puchga
chiqadi; u sababli mening ruhim bezovta bo‘ladi; Alloh unga g‘azab qiladi; qiyomat kunida muflis kimsalardan bo‘ladi».

Abu Umoma aytadilar: «Qiyomat kuni bir bandaga nomai a’moli beriladi. Unda o‘zi qilmagan savoblarni ko‘rib: «Bular qaerdan keldi?» deb so‘raydi. Alloh unga: «Bular seni g‘iybat qilgan odamlarning amali», deb javob beradi.

Hasan Basriyning oldilariga bir kishi kelib: «Sizni falonchi g‘iybat qildi», deganda, g‘iybat qilgan kimsaga bir tovoq shirinliklar yuborib: «Sen menga savoblaringdan hadya qilding, men esa senga bularni hadya qildim», degan ekanlar.

Alidan raziyallohu anhu rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «G’iybatdan saqlaninglar, chunki g‘iybatchida uchta ofat bor: uning duosi ijobat etilmaydi; savoblari qabul qilinmaydi; gunohlari ziyodalashadi», dedilar.

Jobir ibn Abdulloh Ansoriy deydilar: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga edik. Shu payt sassiq, badbo‘y hid keldi. U kishi: «Bu qanday hid ekanini bilasizlarmi?» dedilar. Sahobalar:

«Alloh va Uning rasuli biluvchiroqdir», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu mo‘minlarni g‘iybat qilayotgan kishilardan kelayotgan hiddir», deb javob berdilar».

«Islomning avvalida g‘iybatdan chiqqan badbo‘y hid bilinganu, bizning zamonimizga kelib u nima uchun bilinmay qoldi», degan savol tug‘ilishi tabiiy. Hozirgi paytga kelib, g‘iybat shu darajada ko‘paydi-ki, burunlar u bilan to‘lib, badbo‘yligi bilinmay qoldi. Masalan, teri oshlovchining hovlisiga kirgan kimsa u yerda bir soat ham tura olmaydi. Xolbuki, u yerda yashovchilar bemalol o‘tiraverishadi, chunki ular terining hidiga o‘rganib, moslashib qolgan bo‘lib, ularga sassiqligi bilinmaydi.

Ulamolarning aytishlaricha, g‘iybat to‘rt xil bo‘ladi: Muboh bo‘lgan g‘iybat, bunda g‘iybatchi gunohkor bo‘lmaydi; gunoh sanalgan g‘iybat, bunda g‘iybat egasi gunohkor bo‘ladi; nifoq g‘iybat, buning egasi munofiq bo‘ladi; to‘rtinchisi kufr g‘iybat bo‘lib, bu holatda g‘iybat qiluvchi kofir bo‘ladi. Muboh g‘iybat gunoh va bid’atni oshkora qilguvchini g‘iybat qilish bo‘lib, bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Fojirdagi narsalarni zikr qilaveringlar, chunki odamlar undan ehtiyot bo‘lishlari lozimdir», deganlar. Gunoh g‘iybat g‘oyib insonning aybini bir jamoatning oldida uning ismini aytib zikr qilishdir. Bunday kimsa osiy bo‘lib, tavba qilishi vojib. Nifoq g‘iybati bir insonni boshqa birovning oldida ismini aytmasdan zikr qilish. Ahli majlis g‘iybat qilinayotgan odamni bilsa- da, g‘iybatchi o‘zini taqvodor ko‘rsatib, uning ismini aytmaydi. Bu esa munofiqlikdir. Kufr g‘iybati esa g‘iybatchi bir insonning aybini ma’lum bir jamoat oldida ismini aytib, zikr qiladi. Agar unga:

«G’iybat qilma», deyilsa, «Bu g‘iybat emas, men to‘g‘risini aytyapman», deydi. Alloh harom qilgan narsani halol sanagani uchun bu ish kufrga hukm qilinadi.

Huzayfadan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Chaqimchi jannatga kirmaydi», dedilar.

Hammod ibn Salama aytadilar: «Bir kishi qulini sotayotib, xaridorga: «Bu qulning ig‘vogarlikdan boshqa aybi yo‘q», dedi. Xaridor bu aybni nazariga ilmasdan, qulni sotib oldi. Qul bir necha kun o‘tgandan keyin mavlosining xotini oldiga kelib dedi: «Ering seni yaxshi ko‘rmaydi, shuning uchun boshqaga uylanmoqchi. Sen uning o‘zingga bog‘lanib qolishini istaysanmi?» Xotin: «Ha», deb javob berdi. Qul unga: «Ustarani olib, ering uxlagan vaqtida soqolidan bir tutam kesib olgin», dedi. So‘ng mavlosining ham oldiga kelib: «Xotining sendan boshqaga turmushga chiqish niyatida va seni o‘ldirishga chog‘lanmoqda. Buning haqiqatligini bilishni xohlaysanmi?» dedi. U: «Ha», deb javob bergach: «Bugun kechasi o‘zingni uxlaganga solib hushyor yot», dedi. Kechasi er o‘zini uxlaganga solib yotgan vaqtda xotin ustara bilan unga yaqinlashdi. Shunda eri: «U meni o‘ldirmoqchi», deb o‘yladi-da, xotinidan ustarani tortib oldi va uni o‘ldirdi. Xotinning qarindoshlari kelib, erni o‘ldirishdi. So‘ng erning qarindoshlari keldi, natijada ikki o‘rtada urush chiqib, qonlar to‘kildi».

Hikoya qilinadiki, Abu Lays Buxoriy hajga chiqdilar va cho‘ntaklariga ikki dirham solib, shunday qasam ichdilar: «Agar Makkaga borib-qaytguncha birovni g‘iybat qilsam, ushbu ikki dirhamni sadaqa qilaman». U kishi uylariga qaytganlarida ham o‘sha dirhamlar cho‘ntaklarida edi. Bu haqda


so‘rashganida shunday javob berdilar: «Chunki bir marta g‘iybat qilish yuz marta zino qilishdan yomonroqdir. Lekin besh o‘rinda g‘iybat qilishga ruxsat etilgan. Birinchisi, mazlum kishining zolim ustidan qoziga murojaat qilishi. Ikkinchisi, fatvo beruvchidan fatvo so‘ragan kimsa Abu Sufyonning xotini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam oldlariga fatvo so‘rab kelganida: «Abu Sufyon bir xasis kimsaki, menga kifoya qiladigan narsani bermaydi…» degan edi. Uchinchisi, musulmon kishini birovning yomonligidan ogohlantirish uchun. To‘rtinchisi cho‘loq, g‘ilay, shol kabi ism-laqab bilan tanilgan bo‘lsa. Ulamolarning fikricha, kim hayo kiyimini tashlagan bo‘lsa, uni zikr qilish g‘iybat bo‘lmaydi».


Yüklə 490,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   69   70   71   72   73   74   75   76   ...   85




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin