Oltmish uchinchi majlis
RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING MO‘JIZALARI HAQIDA
Alloh taolo aytadi: «(Qiyomat) soati yaqinlashib qoldi va oy ham bo‘lindi. Agar ular (Quraysh kofirlari Muhammad alayhissalomning haq payg‘ambar ekanliklariga dalolat qiladigan) biron oyat-mo‘‘jiza ko‘rsalar (ham u Payg‘ambarga iymon keltirish o‘rniga) yuz o‘girurlar va: «(Bu) har doimgi sehr-ku!» derlar. Ular (Payg‘ambarni) yolg‘onchi qildilar va havoyi nafslariga ergashdilar. Har bir ish (o‘z) joyini topguvchidir (ya’ni, garchi kofirlar yuz o‘girsalar-da, bu haq din Yer yuzida qaror topur)» (Qamar surasi, 1–3-oyatlar).
Quraysh raislaridan Valid ibn Mug‘iyra, Abu Jahl, Os ibn Voil va boshqalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib, shunday dedilar:
Ey Muhammad, agar sen bizga mo‘‘jiza ko‘rsatadigan bo‘lsang, iymon keltiramiz. Sen Alloh yuborgan payg‘ambar bo‘lsang, osmondagi oyga ishora qil, u ikkiga bo‘linsin. O’shanda sening so‘zingga ishonamiz.
Shu kecha oy o‘n to‘rt kunlik bo‘lib, ayni to‘lishgan vaqti edi. Ular talabiga binoan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oyga barmoq ko‘tarib ishorat qildilar. Alloh amri bilan to‘lin oy ikkiga bo‘lindi. Bir bo‘lagi o‘z o‘rnida qolib, ikkinchi bo‘lagi Jaroa tog‘ining to‘g‘risiga kelib turdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
Mana, ko‘ringlar Allohning qudratini! – deb nido qildilar. Ammo kofirlar shunday ulug‘ mo‘‘jizani ko‘rib ham, iymon keltirishmadi. Balki:
Muhammad bizni sehr qildi, ko‘z boyladi,– deyishdi. Shu payt ulardan bir kishi turib:
Atrofdan kelgan yo‘lovchilardan so‘rab ko‘raylik, bizni sehr qilgan bo‘lsa ham, uzoqdagilarga sehr qila olmagay, – dedi.
Har tomondan keluvchi kishilardan so‘rashganida: «Shu tunda ushbu soatda biz falon joyda edik. Oy ikki bo‘lakka ajralganini ko‘rdik», deb hammalari guvohlik berishdi. Makka mushriklari bu bilan ham tavfiq topmadi. Ammo mo‘minlarning iymoniy quvvati yana ham ziyoda bo‘ldi. Baxtsiz kishilarga shundoq ulug‘ ne’matdan zarracha bahra yetmadi. Bu mo‘‘jiza hijratdan besh yil ilgari Makka shahrida bo‘lgan edi. Ikki parcha bo‘lib yorilgan oy shu holida, bir-ikki soatcha turib, so‘ngra qo‘shildi. Mana shu paytda «(Qiyomat) soati yaqinlashib qoldi va oy ham bo‘lindi…» oyati nozil bo‘ldi. Bu oyat mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, oy yorilishi qiyomat alomati ekan. Bu mo‘‘jizaga shubha qilmoq musulmon kishiga loyiq emas. Chunki bu mo‘‘jizaning haqligi yuqoridagi oyat bilan ham bilan sobit bo‘lgan.
Mo‘‘jizalaridan yana biri daraxtlar tilga kirib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salom berishidir. Bu ishga yuzga yaqin sahoba guvoh bo‘lishgan.
Hazrati Umar hikoya qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan g‘azot safariga chiqdik. Yo‘lda bir a’robiyni ko‘rib: «Qayoqqa ketyapsan?» deb so‘radilar. «Uyimga boryapman», dedi u.
«Yaxshilik topmoqqa qandaysan?» deb so‘radilar. U rozilik bildirdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Meni Alloh taolo butun yer yuziga payg‘ambar qilib yubordi, yaxshilikka yetganing shudir». A’robiy aytdi: «Men sening payg‘ambarligingni qaydan bilaman? So‘zing rostligiga kim guvohlik bera olur?» Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam soy ichida ko‘rinib turgan daraxtga qarab: «Ana shu daraxt mening payg‘ambarligimga guvohlik berur. Uning oldiga borib: «Seni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam chaqiryapti», degil, kelib guvohlik bersin», dedilar.
A’robiy borib, daraxtga shu so‘zni aytdi. Daraxt oldi, orqasi, ikki yoniga egilib, qimirladi. Yer yorilib tomirlarini sudraganicha to‘g‘ri Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldlariga kelib:
«Assalomu alayka, yo Rasululloh», deb salom berdi. A’robiy aytdi: «Daraxtga buyuring, yana o‘z o‘rniga qaytsin». Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyurgach, ildizlarini chuvalantirganicha qaytib borib, joyiga o‘rnashdi. Bu ulug‘ mo‘‘jizani ko‘rgach, a’robiy darhol iymon keltirdi. So‘ngra:
«Yo Rasululloh, ruxsat bering, sizga sajda qilurman», dedi. Shunda Rasululloh: «Maxluqqa sajda qilmoq joiz emas. Agar mumkin bo‘lganida, xotinlarni erlariga sajda qilishga buyurgan bo‘lar edim», dedilar. «Bo‘lmasa, ruxsat bering, qo‘l-oyoqlaringizni o‘payin», dedi. O’pishga ruxsat qildilar. Pir-ustozlarning oyoq-qo‘llarini o‘pish shundan qolgandir.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makka ko‘chalarining birida kelayotib Rukona degan bir kishiga yo‘liqib qoldilar. U Quraysh yigitlari ichida eng atoqli bahodirlardan edi. Unga: «Ey Rukona, Allohdan qo‘rq, men Allohning payg‘ambariman, iymon keltirib, musulmon bo‘l», dedilar. U:
«Ey Muhammad, payg‘ambarligingga bir alomat ko‘rsatsang, iymon keltirar edim. Dalil-hujjatsiz qanday musulmon bo‘lurman?» dedi. Rasululloh naridagi bir tup daraxtga qarab: «Allohning izni bilan oldimga kel», dedilar. Shu zahoti daraxt teng o‘rtasidan yorilib, ikkiga ajraldi. Yarmi turgan joyida qoldi, qolgan yarmi yerni yorganicha Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldlariga kelib, salom berdi. Buni ko‘rib lol qolgach, u: «Ey Muhammad, eng ulug‘ ishni ko‘rsatding, unga buyurgil, yana o‘z joyiga borsin», dedi. «Agar buyursam, o‘z joyiga borib qo‘shilsa, iymon keltirurmisan?» dedilar Nabiy. «Albatta, iymon keltirurman», deb va’da berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyurgach, Allohning qudrati bilan daraxtning yarmi oldingi yarmiga yopishib, asl holiga keldi. Ammo Rukona shundoq ulug‘ qudratni ko‘rib turib, ham iymon keltirmadi.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xodimlari Anas ibn Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hazrati Abu Bakr Siddiq, Umar va Usmon raziyallohu anhumlar bilan birga Uhud tog‘ining ustiga chiqqanlarida, tog‘ titray boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Uhud, to‘xta. Sening ustingdagi kishilardan biri Allohning payg‘ambari, birisi uning yori siddiq, ikkovi shahiddir», deyishlari bilan tog‘ titrashdan to‘xtadi. Bu voqeada uch mo‘‘jiza bor: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tog‘ tepasiga chiqishlarida uning titrab ketishi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning so‘zlarini eshitib, darhol to‘xtashi. Uchinchi mo‘‘jiza esa keyin bo‘ladigan voqeadan xabar berishlaridir. Haqiqitdan ham, hazrati Umar, hazrati Usmon ikkovlari shahid bo‘lishdi.
Payg‘ambar alayhissalomning yana bir mo‘‘jizalari barmoqlari orasidan suv chiqqani va uning ko‘payganidir. Bu g‘aroyib voqeani Anas, Jobir hamda Ibn Mas’ud kabi ko‘pgina sahobalar rivoyat qilishgan.
Anas raziyallohu anhu aytadilar: «Rasulullohni asr namoziga ozgina vaqt qolganda uchratdim. Odamlar tahorat olish uchun suv topolmay zir yugurib yurishardi. Payg‘ambar alayhissalom tahorat olinadigan bir idishga qo‘llarini tiqqan edilar, barmoqlari orasidan suv otilib chiqa boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shu suvdan tahoratga olishga buyurdilar. Odamlar birin-ketin kelib, idishlarini to‘ldira boshlashdi. Idishdan tahorat olgan odamlar soni uch yuztadan oshib ketdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning birgina harak’atlari va duolari bilan oziq-ovqatning barokotli bo‘lib ketgani ham u kishining mo‘‘jizalaridandir.
Abu Talhaning raziyallohu anhu rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Anas raziyallohu anhu qo‘ltig‘iga qisib kelgan bir necha arpa non bilan yetmishdan ortiq kishini to‘ydirganlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam nonlarni mayda ushatib, Alloh rozi bo‘ladigan duolarni o‘qib, dam solganlar.
Xandaq g‘azotida Rasululloh uch kiloga yaqin arpa va bitta uloqchaning go‘shti bilan ming odamga yetadigan ovqat tayyorlatganlar. Jobirning aytishicha, o‘sha kuni odamlar to‘yib ketganidan ham ovqat ortib qolgan, hatto ortgan xamirdan non ham yopishgan. Payg‘ambar alayhissalom xamir bilan qozonga dam solishlari tufayli beadad baraka kirgan.
Abu Ayyub rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Abu Bakr ikkalasiga yetgulik ovqat pishirdim. Payg‘ambar alayhissalom ushbu ovqatni 180 kishiga yetkazdilar».
Jobir ibn Abdulloh deydi: «Masjidning xurmo yog‘ochidan qilingan ustuni bor edi. Rasululloh shu ustunga suyanib, xutba o‘qirdilar. Minbar yasalib, xutba o‘shanda o‘qiladigan bo‘lgach, ustunning
xuddi jonli hayvondek nola qilganini eshitdik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning oldiga borib, qo‘llarini qo‘yganlaridan keyin jimib qoldi».
Dostları ilə paylaş: |