Alloh taolo aytadi: «Ey mo‘minlar, shaytonning izidan ergashmanglar! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, (shayton) buzuqlik va yomonlikka buyurur. Agar sizlarga Allohning fazlu marhamati bo‘lmasa edi, sizlardan biror kishi (biron gunohdan) pok bo‘lmas edi. Lekin Alloh (fazlu marhamati) bilan O’zi xohlagan kishini poklar. Alloh eshitguvchi, bilguvchidir» (Nur surasi, 21-oyat).
Shaqiq ibn Balxiydan rivoyat qilinadi: «Ibrohim ibn Adham Basra bozorlarida yurganida u kishining atrofida odamlar jamlanib: «Ey Ibrohim! Alloh Qur’oni karimda: «Menga duo qilinglar, sizlar uchun ijobat qilaman», degan. Ammo biz ancha vaqtdan beri duo qilamiz-u Alloh bizlarga ijobat qilmayapti», deyishdi. Shunda Ibrohim ibn Adham quyidagicha javob berdilar: «Ey ahli Basra! Sizlarning qalblaringiz o‘nta narsa sababli o‘lgandir, endi qanday qilib, Alloh sizlarning duolaringizni ijobat etsin?! Birinchisi, Allohni taniysizlar-u, haqqini ado qilmaysizlar. Ikkinchisi, Qur’oni karimni o‘qiysizlar, lekin unga amal qilmaysizlar. Uchinchisi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni yaxshi ko‘rishni da’vo qilasizlaru, u kishining sunnatlarini tark etasizlar. Shaytonga dushmanlikni da’vo qilasizlar, ammo unga itoatdasizlar. Beshinchisi, jannatga kirishni xohlaysizlar, lekin uning uchun amal qilmaysizlar. Oltinchisi, do‘zaxdan najot topishni da’vo qilasizlar-u, o‘zlaringizni unga otasizlar. Yettinchisi, «Albatta o‘lim haq», deb unga hozirlik ko‘rmaysizlar. Sakkizinchisi, birodarlaringizning ayblari bilan shug‘ullanib, o‘zlaringizning ayblaringizni ko‘rmaysizlar. Parvardigoringizning ne’matlarini yeb, Unga shukr qilmaysizlar. O’ninchisi, o‘liklaringizni dafn qilasizlar-u, o‘zlaringiz ulardan ibrat olmaysizlar».
Xabarlarda kelishicha, namoz vaqti bo‘lganda iblis alayhi la’na o‘z lashkarlariga odamlarning oldiga borib, ularni namozdan chalg‘itishga buyurarkan. Shaytonlar namoz o‘qishni xohlab turgan odamlarning oldiga kelib, ularni vasvasa qiladi, hatto namoz vaqti o‘tib ketganini sezmay qolishadi. Agar bunga qodir bo‘lmasa, namozda ruku’, sajda, qiroat va tasbehlarni komil qilishga xalaqit beradi. Agar buni uddalay olmasa, ularning qalbini dunyoviy ishlar bilan mashg‘ul qilib qo‘yadi. Bularning barchasiga qodir bo‘lmagach, xastalanib, umidsizlangan holatda qaytib ketadi. Iblis esa bu shaytonning qo‘l-oyog‘ini bog‘latib, dengizga uloqtiradi. Bordi-yu yuqoridagilardan birortasini eplasa, uni izzat-ikrom qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Odam bolasi uchun shaytondan bir vakil, farishtadan bir vakil bo‘lib, shaytonning vakili yomonlik va yolg‘onga, farishtaning vakili esa yaxshilik va rostlikka chaqiradi. Kim buni sezsa, Alloh tarafidan ekanini bilsin va Unga hamd aytsin. Kim avvalgisini sezsa, toshbo‘ron qilingan shaytondan panoh tilasin».
Farishta ham, shayton ham inson qalbini ilhomlantiradi. Faqat farishtaniki ilhom, shaytonniki vasvasa deyiladi.
Abu Lays Samarqandiy aytadilar: «Bilgilki, sening to‘rtta dushmaning bo‘lib, ularning har biri bilan kurashishga muhtojsan. Birinchisi dunyodir. Zero, Alloh: «Dunyo hayoti sizlarni aldab qo‘ymasin», degan. Ikkinchisi nafsing, u dushmanlarning eng yomonidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Dushmanlaringning eng yomoni o‘zingning nafsingdir», deganlar. So‘ngra jinlardan bo‘lgan shaytondirki, Allohdan uning yomonligidan panoh berishini so‘ra. Zero, Qur’oni karimda: «Albatta, shayton sizlar uchun ochiq-oydin dushmandir», deyilgan. To‘rtinchisi odamlardan bo‘lgan shaytonlardir, ulardan ehtiyot bo‘l. Chunki u jinlardan bo‘lgan shaytondan ham qo‘rqinchliroqdir. Jinlardan bo‘lgan shaytonlar faqat vasvasa bilan adashtirsa, odamlardan bo‘lgan shaytonlar yuzma-yuz turib adashtiradi».
Vahb ibn Munabbah aytadilar: «Alloh taolo shaytonga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga borib, u kishining savollariga javob berishni buyurdi. Shayton hassalik chol ko‘rinishida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldi. Shunda ul zot: «Sen kimsan?» deb
so‘radilar. «Shaytonman», dedi u. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Nima uchun kelding?» deb so‘radilar. «Alloh meni sizning savollaringizga javob berish uchun yubordi», deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘radilar: «Ey iblis, ummatimdan sening nechta dushmaning bor?» Shayton quyidagicha javob berdi: «O’n beshta. Siz ularning eng avvalisiz. So‘ng odil boshliq, tavozu’li boy, rostgo‘y savdogar, namozlarini xushu’ bilan o‘qiydigan olim, nasihat qiluvchi mo‘min, rahmdil mo‘min, tavbasida sobit turuvchi, haromdan taqvo qiluvchi, davomli tahoratda bo‘luvchi mo‘min, ko‘p sadaqa qilguvchi, xulqi chiroyli mo‘min, odamlarga foydasi teguvchi, Qur’onni yodlab, uni qiroat qiluvchi kishi va odamlar uxlayotganda kechalari turib namoz o‘qiguvchi». Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey iblis, ummatimdan do‘stlaring kim?» deb so‘ragan edilar, u: «Zolim boshliq, takabbur boy, xiyonatkor savdogar, mast qiluvchi ichimlik ichuvchi, chaqimchi, riyokor, yetimning molini yeguvchi, namozga beparvo kimsa, molining zakotini bermaydigan boy, orzu-havasni ko‘p qiladigan kimsa. Bularning hammasi mening do‘stlarimdir», deb javob berdi.
Bani Isroilda bir kishi bo‘lib, u hujrasida tinimsiz ibodat qilardi. Odamlar uni «Obid Barsiso», der edilar. U shu darajaga yetdiki, duo qilsa, ijobat bo‘lmasdan qolmasdi. Uning duosi sababli kasallar shifo topar edilar. Iblis alayhi la’na kunlarning birida barcha shaytonlarni chaqirib: «Kim bu kimsani fitna qilib, yo‘ldan adashtiradi», dedi. Ular ichidan Ifrit bu taklifni bo‘yniga oldi. Bani Isroil podshohlaridan birining husnda tengi yo‘q qizi bor edi. Qiz ota-onasi va aka-ukalari davrasida o‘tirganida, Ifrit ularning oldiga kelib, qattiq qichqirdi. Barchalari qattiq qo‘rqib ketishdi. Qiz esa majnun bo‘lib qoldi. Oradan bir necha kun o‘tsa ham, dardi yengillamadi. Shundan so‘ng, Ifrit odam suratida kelib: «Agar uning tuzalishini xohlasanglar, falonchi rohibning oldiga olib boringlar, rohib duo qilsa, bemor shifo topadi», dedi. Ular qizni Barsisoning oldiga olib bordilar. Rohib duo qilgan edi, qiz tuzaldi. Lekin uylariga qaytgach, yana majnun bo‘lib qoldi. Shayton ularga: «Agar uning butunlay tuzalib ketishini xohlasanglar, rohibning oldida bir necha kun qoldiringlar», dedi.
Ular qizni Barsisoning oldiga qaytadan olib kelib, rohib unamasa ham, bir necha kunga qizni qoldirib ketishdi. Rohib qizni dasturxonga taklif qilib, uni taomlantirdi. Qiz bir necha kun uning oldida qoldi. Kunlarning birida rohib qizga shahvat nazari bilan qaradi va uning go‘zalligiga maftun bo‘ldi. Shaytonning vasvasasi tufayli sabr etolmay, qizga yaqinlik qildi. So‘ng qiz undan homilador bo‘ldi. Shunda shayton rohibning oldiga keldi va unga: «Qiz sendan homilador bo‘ldi. Endi podshohdan qutila olmaysan, faqat qizni o‘ldirsanggina omon qolasan. Agar uni so‘rab kelishsa: «O’lib qoldi», desang, ular senga ishonadilar», dedi. Rohib qizni o‘ldirib hujrasining oldiga ko‘mib qo‘ydi. Uni so‘rab kelishganida: «U o‘lib qoldi», dedi. Ular ham rohibning gapiga ishonib, qaytib ketishdi. Shunda shayton podshohning oldiga kelib: «Rohib qizingning nomusiga tegdi va qilgan ishidan qo‘rqib, uni o‘ldirdi va hujrasining oldiga ko‘mib qo‘ydi», dedi. Podshoh odamlari bilan rohibni oldiga keldi. Qabrni ochishganda, uni so‘yilgan holatda topdilar. Shunda ular rohibning qo‘l-oyoqlaridan osib, mixlab qoqib qo‘ydilar. Shayton rohibning oldiga kelib: «Agar menga sajda qilsang, men seni qutqaraman», dedi. «Men senga bu ahvolda qanday qilib sajda qilayin», dedi rohib. Shayton: «Boshing bilan ishora qilgan holda sajda qilsang ham roziman», dedi. U boshi bilan sajdaga ishora qilgan edi, shayton: «Men sendan bariy-pokman, albatta men odamlarning parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqaman», dedi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Rohib Bariso esa kofir holida o‘lib ketdi va abadiy do‘zaxiylardan bo‘ldi.
Tavbaning sharti uchtadir: gunohdan qaytish, qilgan amaliga nadomat qilish, gunohga aslo qaytmaslikka azmu qaror etish.
Jobirdan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Bir arobiy masjidga kirdi: «Ey Alloh, men senga istig‘for aytaman va tavba qilaman», deb takbir aytib, namozga kirishdi. Namozdan forig‘ bo‘lgach, uni Ali raziyallohu anhu chaqirib: «Ey kimsa, istig‘forni til uchida aytib qo‘yish yolg‘onchilarning tavbasidir. Sen bu ahvolingdan tavba qilishing kerak», dedilar. Shunda arobiy: «Ey amirul mo‘minin, menga rostgo‘ylarning tavbasi qanday bo‘lishini o‘rgating», dedi. Ali raziyallohu anhu dedilar:
«Avvalida qilgan gunohga nadomat qilish, zoe bo‘lgan farzlarning adosini o‘tash, qilingan zulm uchun rozilik olish, nafsni toat-ibodat uchun chiniqtirish, ma’siyat vaqtidagi kulgu uchun yig‘lash», dedilar.
Hadisi qudsiyda «Alloh taolo aytadi: «Kim Menga bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir gaz yaqinlashaman, kim Menga bir gaz yaqinlashsa, Men unga bir quloch yaqinlashaman». Ya’ni, bandaki Allohga tavba va toat-ibodat bilan yaqinlashsa, Alloh unga rahmat, tavfiq va madad bilan yaqinlashadi. Agar banda amallarni ziyoda qilsa, Alloh ham rahmatini ziyoda qiladi.
Dostları ilə paylaş: |