Microsoft Word durratun nosihiyn ziyouz com doc


Ellik beshinchi majlis TAVBA FAZILATI HAQIDA



Yüklə 490,58 Kb.
səhifə66/85
tarix31.12.2021
ölçüsü490,58 Kb.
#49502
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   85
Usmon ibn Hasan Xubariy. Durratun nosihiyn (2)

Ellik beshinchi majlis TAVBA FAZILATI HAQIDA

Alloh taolo aytadi: «U bandalaridan tavba-tazarru’ qabul qiladigan, yomonliklarni afv etadigan va qiladigan amallaringizni biladigan zotdir. U iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarning (duolarini) ijobat qilur va ularga (so‘ragan narsalarni ado etib yana) O’z fazlu karamidan ziyoda qilur. Kofirlar uchun esa qattiq azob bordir» (Sho‘ro surasi, 25–26-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Uch toifa inson mening yuzimni ko‘rmaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan, sunnatimni tark qilgan va men uning oldida zikr qilinsamu, menga salovot aytmagan kishi».

Alloh taolo: «Rahmatim-mehribonligim esa hamma narsadan kengdir», oyatini nozil qilganda, iblis alayhi la’na: «Men ham Allohning maxluqotlaridan biriman, shunday ekan men uchun ham Allohning rahmatidan nasiba bordir», deb umid qildi. Qachonki, Alloh taolo: «Men uni (rahmatimni) taqvo qiladigan, zakotni beradigan zotlarga va Bizning oyatlarimizga iymon keltiruvchi bo‘lgan kimsalarga yozurman», oyatini nozil qilgach, iblis Allohning rahmatidan umidini uzdi. Alloh: «Ular shunday kishilarki, ummiy (savodsiz) payg‘ambarga, Tavrot va Injilda yozilgan holda topishadigan – elchimizga ergashadilar», oyatini nozil qilgach, yahud, nosarolar ham Allohning rahmatidan umidini uzdilar. Allohning rahmati mo‘minlarga xos bo‘lib qoldi.

Shoshilish shaytondandir. Ammo besh o‘rinda shoshilish sunnatdir: mayyitni dafn qilishda qizlarni turmushga berishda, qarzlarni ado etishda, gunoh sodir qilib qo‘ysa, tavba qilishda va musofir-mehmonga taom hozirlashda.

Abu Zarrdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Har bir dardning da’vosi bor, gunohlarning da’vosi istig‘for aytishdir», dedilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Ey odamlar, Allohga tavba qilinglar. Men bir kunda yuz marta tavba qilaman».

Boshqa hadisda esa: «Kim bir kunda ikki marta Allohga istig‘for aytmasa, batahqiq, o‘ziga zulm qilibdi», deganlar.

Imom Buxoriy rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Istig‘forlarning sayyidi ushbudir: «Ey Alloh! Mening Rabbimsan va Sendan boshqa iloh yo‘qdir. Men Sening qulingman. Qurbim yetganicha Sening ahd-paymoning va va’dangda turibman. O’zim qilgan narsalar yomonligidan Sendan panoh so‘rayman. Sening menga bergan barcha ne’matlaringni ham, qilgan gunohlarimni ham e’tirof etaman. Meni mag‘firat etgin. Albatta, faqat Sengina gunohlarni kechiruvchisan!» Kech kirganda ushbu duoni chin ixlos bilan aytgan kishi shu kechasida vafot etsa, jannatga kiradi. Kunduzi ham shunday».

Hikoya qilinishicha, Bani Isroildan bir bola yigirma yil Allohga ibodat qildi, so‘ngra yana yigirma yil Allohga osiy bo‘ldi. Kunlarning birida ko‘zguga qarab soqoliga oq oralaganini ko‘rdi va bu sabab g‘amgin bo‘ldi. «O’ Parvardigor, Senga yigirma yil ibodat qildim, so‘ng yana yigirma yil osiy bo‘ldim. Agar Senga qaytsam, meni qabul qilasanmi?» dedi u. Shunda: «Sen Bizga ijobat qilgan eding, Biz ham Senga ijobat qilgan edik va sen Bizni tark qilding, natijada Biz ham seni tark qildik va senga muhlat berdik. Agar sen Bizga qaytsang, Biz ham senga ijobat qilamiz», degan nidoni eshitdi.

Shayx Imom Abu Nasr Samarqandiy hikoya qiladi: «Hasan Basriy avvalgi hollarida go‘zal, kelishgan yigit bo‘lib, chiroyli liboslarni kiyib Basra ko‘chalarida sayr qilib yurardi. Kunlarning birida husniqomat, sohibjamol ayolni ko‘rib qolib, unga ergasha boshladi. Ayol unga qarab: «Hayo qilmaysanmi?» dedi. Hasan Basriy: «Kimdan?» deganida, «Ko‘zlarning xiyonatiniyu, qalbdagi maxfiy narsalarni bilguvchi Zotdan», dedi. Shunda Hasan Basriyning qalbida bir qo‘rquv paydo bo‘ldi. Lekin sabr qilishga ojiz bo‘lib, o‘ziga egalik qila olmadi va yana unga ergasha boshladi. Shunda ayol: «Nima uchun izimdan ergashmoqdasan?» deb so‘radi. U kishi: «Meni sening ko‘zlaring maftun qildi», dedi. Ayol: «Shu yerda o‘tirib tur, senga xohlagan narsangni yuboraman», dedi. Shunda Hasan Basriy, bu
ayol ham menga oshiq bo‘lib qoldi, deb o‘ylab, kuta boshladi. Shu payt bir joriya keldi, uning qo‘lida ro‘mol yopilgan idish bor edi. Joriya idishdan ro‘molni oldi. Unda bir juft ko‘z yotardi. Joriya aytdi:

«Sohibam: «Men sababli biror kimsaning fitnalanishini xohlamayman», dedi». Hasan Basriy bu so‘zni eshitgan vaqtida vujudi titrab ketdi, soqollarini ushlab, o‘zini koyidi: «Soqol senga hayf, bir ayolchalik bo‘lolmading». Nadomat qilib, shu ondayoq tavba qildi. Uylariga qaytib, kechasi bilan yig‘lab chiqdi. Tong otgach, ayoldan rizolik so‘rash uchun uning hovlisiga yo‘l oldi. Borsa, ayol vafot etgan ekan. Hasan Basriy uch kun tinimsiz yig‘ladi. Uchinchi kechada tush ko‘rsa, haligi ayol jannatda o‘tirgan ekan. Shunda undan rozilik so‘radi. Ayol: «Men sendan roziman, chunki men sen sababli Alloh tarafidan ko‘p yaxshiliklarga erishdim», dedi. «Menga va’z-nasihat qil», dedi Hasan Basriy. U: «Agar xoli qolsang, Allohni zikr qil. Tong va kech paytlari Allohga istig‘for ayt va Allohga tavba qil», dedi. Hasan Basriy uning so‘zini qabul qildi, natijada, zuhd va toat-ibodat bilan odamlar orasida mashhur bo‘ldi hamda valiylik darajasiga yetdi».

Odam alayhissalom aytadilar: «Alloh Muhammadning ummatiga menga bermagan to‘rtta afzallikni berdi. Birinchisi, mening tavbam Makkada qabul bo‘ldi. Muhammad ummati qaerda tavba qilsa ham, Alloh ularning tavbasini qabul qiladi. Ikkinchisi, men osiy bo‘lgan vaqtimda, Alloh mening libosimni olib qo‘ydi, ammo Muhammadning ummati yalang‘och hollarida osiy bo‘lsalar ham, Alloh ularni liboslantiradi. Uchinchisi, osiy bo‘lgan vaqtimda ayolim bilan oramiz ajratib qo‘yildi. Ammo Muhammadning ummati osiy bo‘lsalar-da, ular bilan xotinlarining orasi ajratib yuborilmaydi. To‘rtinchisi, men jannatda osiy bo‘lgan edim, Alloh meni u yerdan chiqarib yubordi. Ammo Muhammadning ummati jannatdan tashqarida Allohga osiy bo‘ladi, lekin tavba qilsa, Alloh ularni jannatga kiritadi».

Hukamolar aytadi: «Kimga to‘rt narsa berilsa, to‘rt narsadan mahrum bo‘lmaydi. Kimga duo qilish nasib etsa, ijobatdan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Qur’oni karimda Alloh: «Menga duo qilinglar, Men sizlarga ijobat qilaman», degan. Kimga istig‘for aytish berilsa, mag‘firatdan mahrum bo‘lmaydi. Alloh taolo: «Parvardigoringiz (Alloh)dan mag‘firat so‘ranglar, albatta, u o‘ta mag‘firatli bo‘lgan zotdir», deydi. Kimga shukr qilish berilsa, ne’matlarning ziyoda qilinishidan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Qur’oni karimda Alloh: «Agar shukr qilsalaring, batahqiq sizlarga ziyoda qilaman», degan. Kimga tavba qilish nasib etsa, qabuldan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Alloh taolo: «U (Alloh) bandalaridan tavbalarni qabul qiladigan, gunohlarni afv qiladigan zotdir», deya marhamat qilgan.

Abu Hoshim Sufiy rivoyat qiladi: «Basraga otlandim. Bir kemaning oldiga keldim, unda bir kishi va uning joriyasi bor edi. U kemada joy yo‘qligini aytdi. Shunda joriya undan meni ham olishni so‘ragach, u meni oldi. Yo‘lga tushgan vaqtimizda kishi joriyasiga nonushta keltirishni buyurdi. Bas, nonushta keltirdi. Joriya: «Ana u miskinni ham chaqir», dedi. Birgalashib nonushta qildik. Nonushtadan keyin kishi: «Ey joriya, sharob keltir», dedi. Sharob ichgach, menga ham uzatishni buyurdi. Men bosh tortganimdan keyin Joriya: «Mehmonning haqqi bor» degan edi, meni tark etdi. U sarxush bo‘lib: «Ey joriya, nayingni keltir», dedi. Joriya nayni olib kuylay boshladi. Kishi menga qarab: «Shunaqa hayot kechirish yaxshimi?» dedi. «Menda bundan yaxshiroq narsa bor», dedim. «U nima ekan?» dedi. Shunda men: «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym», deb ushbu oyatlarni o‘qiy boshladim: «Quyosh o‘ralib (nursizlanib) qolganida. Yulduzlar ham (o‘z falaklaridan) to‘kilganida. Tog‘lar ham (o‘z joylaridan) jildirilganida…» Shunda u yig‘lay boshladi. Men: «(Nomai a’mol) sahifalari ochilganida» oyatiga yetganimda, u: «Ey joriya, bor, sen Allohning roziligi uchun ozodsan», dedi va sharobni to‘kib yubordi, nayni sindirdi. Meni kelib quchoqladi-da: «Ey birodar, nima deysan, tavba qilsam, Alloh qabul qiladimi?» dedi. Men esa: «Albatta, Alloh tavba qilguvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutuvchilarni yaxshi ko‘radi», dedim. U men bilan birodar tutindi. Biz to uning o‘limiga qadar qirq yil inoq do‘st bo‘ldik. Birodarim vafot qilgach, uni tushimda ko‘rdim va unga: «Ey birodar, nimaga erishding?» dedim. U: «Jannatga erishdim», dedi. «Jannatga nima bilan erishding?» deb so‘raganimda, u: «Sening «(Nomai a’mol) sahifalari ochilganida» oyatini qiroat qilishing bilan», deb javob berdi».


Yüklə 490,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   85




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin