Ellik oltinchi majlis SHA’BON OYINING FAZILATI
Alloh taolo aytadi: «Alloh bandalariga mehribondir. U o‘zi xohlagan kishilarga (keng-mo‘l) rizq berur. U kuchli, qudratlidir. Kim (o‘z amali bilan) oxirat eshigini (ya’ni, savobini) istar ekan, Biz unga ekinini(ng hosilini) mo‘l-ziyoda qilurmiz. Kim dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o‘shandan (dunyo matolaridan) berurmiz va uning uchun oxiratda biron nasiba bo‘lmas!» (Sho‘ro surasi, 19–20-oyatlar).
(Izoh: Bu oyati karimada har qanday yaxshi amal faqat oxiratdagi mukofotni ko‘zlab qilinsagina Alloh taolo uning ajru savobini komil qilib berishi, ammo agar mol-dunyo va shon-shuhratga yetish g‘arazida riyokorlik bilan qilingan amallar uchun esa oxiratda hech qanday savob yo‘qligi uqtirilmoqda.)
Alloh bandalariga mehribondir, ya’ni tavba qilguvchi va istig‘for aytuvchilarga rahm qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Hech bir ovoz gunohkor bandaning tavba qilayotganidagi ovozidan ko‘ra Allohga suyukliroq emasdir».
Xabarlarda aytilishicha, qiyomat kuni bir banda keltiriladi va unga gunohlari ko‘rsatiladi. Shunda Alloh: «Gunohlarni qilayotganingda Mendan uyalmadingmi?» deydi. Banda baland ovoz bilan yig‘lay boshlaydi. Shunda Alloh: «Ovozingni chiqarma, toki Muhammad eshitib qolmasin. Men sening gunohlaringni dunyoda berkitgan edim, endi ularni mag‘firat qilaman», deydi. Banda xursand bo‘lganidan avvalgisidan ham qattiqroq yig‘laydi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam uning tovushini eshitib: «Parvardigoro, Sen rahmlilarning rahmlirog‘isan, uni menga ber», deydilar. Alloh esa: «Uni sizga berdim, habibim, aslo g‘amgin bo‘lmang!» deydi».
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Sha’bon oyining boshqa oylardan afzalligi mening boshqa payg‘ambarlardan afzalligim kabidir». Boshqa hadisda esa: «Nima uchun uning «sha’bon» (shox-novdalar chiqaruvchi, degani) deyilishini bilasizmi? Uning bunday nomlanishiga sabab, bu oyda daraxtlar shoxlab, novdalar chiqargani kabi yaxshiliklar ko‘p bo‘ladi», deyilgan.
Imom Muslim Abu Hurayradan raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Alloh o‘z rahmatini yuz qism qilgan bo‘lib, to‘qson to‘qqiz qismini o‘z huzurida saqlab qo‘ygandir. Bir qisminigina yerga tushirgan. Mana shu yerga tushirgan rahmati sababli maxluqotlar bir-biriga rahm qiladi, hatto jonivorlar bolasiga ozor yetkazib qo‘yishdan qo‘rqib oyog‘ini ko‘tarib yuradi». Boshqa rivoyatda: «To‘qson to‘qqiztasini qiyomatga olib qo‘yganki, u bilan mo‘min bandalariga rahm qiladi», deyilgan.
Yahyo ibn Muoz aytadilar: «Sha’bonda beshta harf bordir. Shin – sharafu shafoat, ayn – azizligu karomat, bo – birr-ezgulik, alif – ulfatu inoqlik, nun – nur-yorug‘likdir».
«Rajab oyi badanni, sha’bon oyi qalbni, ramazon esa, ruhni poklash uchundir. Kim rajab oyida badanni poklasa, sha’bonda qalbni poklaydi va kim qalbini sha’bonda poklasa, ramazonda ruhini poklaydi. Agar rajabda badanni, sha’bonda qalbni poklamasa, ramazon oyida qanday qilib ruhni poklash mumkin? Shuning uchun ham donishmandlar aytishadiki: «Rajab oyi gunohlarga istig‘for aytish uchun. Ramazon qalblarni munavvar qilish uchun. Laylatul qadr esa Allohga qurbat hosil qilish uchun».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim sha’bon oyining avvalida, o‘rtasida va oxirida uch kundan ro‘za tutsa, xuddi yetmish yil ibodat qilgandek savob oladi. Agar shu yili vafot etsa, shahidlar o‘limini topadi», deganlar. Boshqa rivoyatda esa: «Kim sha’bonni ulug‘lab, Allohdan taqvo qilsa va solih amallar qilib, ma’siyatlardan o‘zini tiysa, Alloh uning gunohlarini mag‘firat qiladi hamda shu yilda bo‘ladigan har qanday balolar va kasalliklardan omonda saqlaydi», deganlar.
Muhammad ibn Abdulloh Zohidiy aytadi: «Do‘stim Abu Xafs vafot etdi. Men uning janozasini o‘qidim. Sakkiz oy qabrini ziyorat qilmadim. So‘ng uni ziyorat qilishni qasd qilib, yo‘lga chiqdim. Shu kechasi uxlaganimda, uni tushimda ko‘rdim: qarasam, yuzi o‘zgargan, rangi sarg‘aygan. Unga salom
bersam, javob qaytarmadi. Men: «Subhonalloh, nima uchun salomga javob qaytarmayapsan?» dedim. U: «Salomga javob qaytarish ibodatdir. Biz esa ibodat qilishdan kesilganmiz», dedi. Men: «Nima bo‘ldiki, men seni yuzing o‘zgargan holatda ko‘ryapman, holbuki, yuzing go‘zal edi-ku?!» deb so‘raganimda, u: «Men qabrga qo‘yilganimda, bir farishta kelib, boshimning oldiga turdi va: «Ey yomon qariya», deya gunohlarimni sanab ketdi. Keyin meni gurzi bilan bir urdiki, butun jasadim olov bo‘lib yondi. So‘ng menga qabrim gapira ketdi: «Rabbimdan gunoh qilishga hayo qilmadingmi?» deb meni siqdi, hatto qovurg‘alarim bir-biriga kirishib ketdi. Toki sha’bon oyi chiqquncha men shu tariqa azoblanaverdim. Sha’bon oyi chiqqanda bir nido qilguvchi: «Ey farishta, uni xoli qo‘ygin, chunki umrida bir marta sha’bon kechasi uxlamay ibodat qilgan edi va bir kun ro‘za tutgan edi», deb nido qildi. Shundan so‘ng u menga jannat va rahmat xushxabarini berdi», dedi.
Sahih hadislarda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sha’bon oyida boshqa oylarga nisbatan ko‘proq ro‘za tutar ekanlar. Ammo sha’bon oyining o‘rtasidagi kecha, ya’ni Baroat kechasiga kelsak, ulamolar bu haqda ixtilof qilganlar.
Shom ahlidan Xolid ibn Ma’don va Luqmon ibn Omir kabi tobe’inlar bu kechani ulug‘lab, ibodat qilganlar. Bu narsa mashhur bo‘lib ketgach, odamlar ixtilof qila boshladilar. Hijoz ahlining ulamolari buni inkor qilib, ushbu amalni bid’at sanaganlar. Shuni aytish kerakki, ixtilof Baroat kechasi o‘z uyida ibodat qilib, bedor bo‘lish xususida bo‘lgan va aksar ulamolar buni bid’atga chiqarganlar. Ammo masjidlarda va uylarda jamlanib ibodat qilishga kelsak, ulamolarning barchasi bu ishni bid’at sanaganlar.
Bugungi kundagi ko‘p masjidlarda katta jamoat yig‘ilib olib, nafl namozi o‘qishlari makruhdir. Bu Shom ahlining imomi, olimi va faqihi Avzoiyning so‘zidir. Bu kechada masjid va boshqa joylarda jamoat bo‘lib, nafl ibodat qilish qabih bid’at bo‘lib, undan chetlashish vojibdir. Chunki fuqaholar taroveh (ramazon oyida o‘qiladigan nafl namoz), kusuf (oy yoki quyosh tutilganda o‘qiladigan nafl namoz) va istisqo (yomg‘ir so‘rab o‘qiladigan nafl namoz)dan boshqa nafllarni jamoat bo‘lib o‘qishning makruhligiga ittifoq qilganlar. Ammo bu kechada jamoat bo‘lib o‘qiladigan va baroat namozi deb nomlanadigan namozga kelsak, u ham bid’atdir. Chunki bu sahobalar davrida ham, tobe’inlar davrida ham bo‘lmagan, faqatgina hijratning 400 yillaridan keyin zohir bo‘lgandir. Aniqrog‘i, hijriy 448 yili Masjidul Aqsoda paydo bo‘lib, u haqda Imom Tarsutiy quyidagilarni zikr qilgan: «Bir kishi Baytul Maqdisga kelib, sha’bon oyining 15-kechasida Masjidul Aqsoga kirib namoz o‘qiy boshladi. Odamlar asta-sekin unga iqtido qilishdi. So‘ngra keyingi yil ham kelib, xuddi shu kechasi namoz o‘qidi. Yana odamlar unga qo‘shilib, namoz o‘qishdi. Bu asta-sekin masjidlarga, shaharlarga tarqaldi va odamlar ichida sunnat bo‘lib qaror topdi. Ulamolardan ko‘pchiligi buni mazammat qilib qoralaganlar va uni ko‘p munkar ishlarni o‘z ichiga qamrab olguvchi qabih bid’atligini ravshan isbotlaganlar. Bas, shunday ekan, bu qabih ishni o‘zgartirishga qodir bo‘lmagan kimsaga shu kechasi masjid jamoatiga kelmasligi, balki namozini uyda o‘qimog‘i lozimdir. Namozni masjidda jamoat bilan o‘qish sunnatdir. Lekin ahli bid’atning safini ko‘paytirish nahiy qilingandir. Nahiy etilgan ishni qilmaslik vojibdir. Ayniqsa, odamlar ichida taqvosi va ilmi bilan mashhur bo‘lgan kimsalarga bunday odatlar joriy etilgan masjidga bormaslik vojib bo‘ladi. Chunki olim kishi bu amalni inkor etmay masjidda hozir bo‘lsa, omma bu amal muboh yoki targ‘ib qilingan ekan, deb o‘ylaydi. Agar u odatini tark qilib, shu kechasi masjidga kelmasa va qo‘li, tili bilan odamlarni ham qaytarsa, yoki qaytarishdan ojiz bo‘lib, qalb bilan buni inkor qilsa, gunohdan salomat qoladi. Shunda odamlarning ba’zisi bu amal Allohning huzurida maqbul emasligini sezadi. Ulamolarning ba’zisi: «Bu kechada qoim bo‘lish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ham, sahobalardan ham sobit bo‘lmagan bid’atdir», deganlar. Xulosa qilib shuni aytamizki, musulmonlar har xil bid’at-xurofotlarga mayl bo‘lish va ularga aldanib qolishdan saqlanishlari va dinlarni qon-qonlariga singib ketgan bid’atlardan himoya qilishlari lozimdir. Chunki bu bid’atlar halok qilguvchi zahar bo‘lib, kamdan-kam insonlargina bundan salomat qoladi
Dostları ilə paylaş: |