Ellik uchinchi majlis
FARISHTALARNING MO‘MINLAR UCHUN ISTIG‘FOR AYTISHI
Alloh taolo marhamat qiladi: «Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishtalar) Parvardigoriga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar hamda iymon keltirgan kishilarni mag‘firat qilinishlarini so‘rarlar: «Parvardigoro, O’zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas, tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin. Parvardigoro, ularni ham, ularning ota-bobolarini, jufti halollari va zurriyotlari orasidagi solih-mo‘min bo‘lgan kishilarni ham O’zing ularga va’da qilgan mangu jannatlarga doxil qilgin. Albatta, Sening O’zinggina qudrat va hikmat sohibidirsan. O’zing ularni barcha yomonliklardan asragin. Kimni o‘sha kundagi (qiyomatdagi) yomonliklardan asrasang, bas, haqiqatan unga rahm-shafqat qilibsan. Mana shu buyuk baxtdir» (G’ofir surasi, 7–8-oyatlar).
Imom Qurtubiy aytadilar: «Ahli mufassirlar Arsh haqida quyidagicha fikr bildirganlar: «Arsh taxt bo‘lib, Alloh yaratgan jismdir. Alloh farishtalarni uni ko‘tarish va tavof qilishga, Allohni ulug‘lab ibodat qilishga buyurgan. Xuddi Alloh yerda bir uyni yaratib, Odam bolalarini uni tavof qilish va unga yuzlanishga buyurganga o‘xshash».
Imom Abu Lays Samarqandiy A’rof surasidagi «So‘ngra U arshga istibo qildi», degan oyatning tafsiri haqida aytadilar: «Ulamolarning ba’zilari, bu oyat mutashobih oyatlardan bo‘lib, uning ta’vilini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi, degan bo‘lsalar, Yazid ibn Marvon bu oyatning ta’vili haqida so‘ralganida: «Uning ta’vili unga iymon keltirishdir», degan. Imom Molik huzurlariga bir kishi kelib:
«Rohman arshga istivo qildi» oyati haqida so‘radi. Shunda Imom Molik: «Bunga iymon keltish vojib, bu haqda so‘rash bid’atdir. Men seni haqiqatdan adashgan kimsa, deb bilaman. Bas, buni chiqarib yuboringlar» deganlar. Muhammad ibn Ja’far ham shunday fikr bildirganlar».
Rivoyatlarga ko‘ra, arshni ko‘tarib turuvchi farishtalar sakkiztadir. Oyatda: «Iymon keltirurlar» deyilishdan murod – Allohning yagonaligini, Uning sherigi va tengi-o‘xshashi yo‘qligini tasdiqlaydilar. Agar: «Parvardigoriga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar», oyatida iymon keltirurlar jumlasi: «poklab tasbeh ayturlar» so‘zidan keyin kelmoqda, tasbeh aytish faqatgina iymon keltirgandan keyin bo‘ladi-ku?!» degan savol tug‘ilsa, «Bundan maqsad iymoning sharafi, uning fazliga baho berish va unga targ‘ib qilishdir», deb javob berish mumkin. «Farishtalarning «Tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin», deyishlaridan foyda nima? Holbuki, insonlar tavba qilib, solih amallar qila boshlasalar, Alloh ularni mag‘firat etishga va’da bergan bo‘lsa, Alloh aslo va’dasiga xilof ish qilmaydi-ku?!» deyilsa, biz aytamiz: «Mag‘firat talab qilish shafoat manzilidir. Uning foydasi o‘sha bandalarning savobi va mukarramligining ziyoda bo‘lishidir». Ba’zi ulamolar: «Farishtalarning ular uchun istig‘for, mag‘firat so‘rashlari, «U yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan kimsalarni (xalifa) qilasanmi? Holbuki, biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Sening nomingni mudom pok tutamiz», degan oyatning muqobilidir», deyishgan. Farishtalar avvalo, bilmagan narsalarini aytganlaridan keyin, bu qilmishlariga yarasha ular uchun mag‘firat tiladilar. Bu narsada boshqalarga ham tanbeh bor. Agar kimda-kim boshqa birov haqida noloyiq gaplarni gapirgan bo‘lsa, bu qilmishiga uzr aytgan holda, o‘sha kimsa uchun istig‘for aytishi vojib bo‘ladi.
Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Alloh arshni yaratgach, farishtalarga uni ko‘tarishga buyurdi. Farishtalarga uni ko‘tarish og‘irlik qilganida, Alloh: «Subhonalloh», denglar, dedi. Farishtalar: «Subhonalloh», deyishgach, arsh yengillashdi. Ular ko‘tarib turganlarida tinmay:
«Subhonalloh», dedilar. Alloh Odam alayhissalomni yaratgach, Odam alayhissalom aksa urdi. Alloh Odam alayhissalomni «Alhamdulillah» deyishga ilhomlantirdi. Shunda Odam alayhissalom:
«Alhamdulillah», dedi. Alloh taolo: «Yarhamukallohu (ya’ni, senga Alloh rahm qilsin). Mana shuning uchun Men seni yaratgandim», dedi. Farishtalar: «Bu buyuk kalimadir. Bizlar bundan g‘aflatda qolmasligimiz lozim. Buni avvalgisiga qo‘shaylik», dedilar. Ular: «Subhonallohi valhamdulillah», deya zikr qila boshladilar. Shunda arshni ko‘tarish yanada yengillashdi. Ular shu zikrda davom etdilar, toki Alloh Nuh alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborgunicha. Ilk bor butlarga ibodat qilganlar Nuh alayhissalomning qavmi bo‘lib, Alloh Nuh alayhissalomga qavmini «La-a ilaha illalloh» kalimasiga da’vat etmoqni buyurdi. Shunda farishtalar: «Bu uchinchi buyuk kalimadir, buni avvalgi ikkitasiga qo‘shaylik», dedilar. Endi ular tinmay: «Subhonallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illalloh», deya boshladilar. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborguncha shu uchta kalimani aytishda davom etdilar. Alloh Ibrohim alayhissalomni payg‘ambar etib, u kishiga o‘g‘illarini qurbon qilishga buyurdi. So‘ngra o‘g‘illari evaziga jannatdan qo‘chqor yubordi. Ibrohim alayhissalom qo‘chqorni ko‘rganlarida shodlanib: «Allohu akbar», dedilar. Shunda farishtalar: «Bu to‘rtinchi ulug‘ kalimadir. Buni ham avvalgi uchtasiga qo‘shaylik», dedilar va tinmay: «Subhonallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar», deya boshladilar. Jabroil alayhissalom bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga so‘zlab bergan vaqtlarida, ul zot ajablanib: «La-a havla va la-a quvvata illa billahil aliyyil ‘aziym» dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Bu kalimani ham avvalgi to‘rt kalimaga qo‘shamiz», dedi.
Imom Qashiriy deydilar: «Farishtalardan biri: «O’ Parvardigor, Men arshni ko‘rishni xohlayman», dedi. Shunda Alloh unga o‘ttiz ming qanot berdi. U o‘ttiz ming yil uchgach, Alloh: «Arshga yetdingmi?» deb so‘radi. U: «Yo‘q, haligacha arshning bir oyog‘ining o‘ndan biriga yetmadim», dedi va Allohdan o‘zining makoniga qaytishga izn so‘radi».
Alloh taolo eng avvalo qalamni, so‘ngra lavhni yaratdi. So‘ngra qalamga qiyomatgacha bo‘ladigan narsalarning hammasini lavhga yozishni buyurdi. Keyin o‘zining azaliy xohishiga ko‘ra, xohlagan narsasini yaratdi. So‘ngra arshni va uni ko‘tarib turuvchi farishtalarni yaratdi. Keyin yeru osmonlarni yaratdi. Alloh taolo arshni bandalari duoda yuzlanishlari uchun yaratdi. Xuddi ibodat vaqtida Ka’baga yuzlanganlari kabi».
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Kursiy arshning oldiga qo‘yilgandir. U kursiy osmonlar va yerdan kengdir».
Muqotil raziyallohu anhu deydilar: «Kursiyning har bir oyog‘ining uzunligi yetti osmon va yetti yer miqdoricha keladi. U arshning oldidadir». Alloma Suyutiy aytadilar: «Abu Zarrdan raziyallohu anhu rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Ey Abu Zarr, yetti osmon kursiyning oldida keng qo‘lga tashlangan yettita uzukdek keladi. Kursiy esa, arshning oldida cho‘lga tashlangan uzukdekdir».
Dostları ilə paylaş: |