AYYUB ALAYHISSALOMNING SABRLARI HAQIDA
Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad), bandamiz Ayyubning Parvardigoriga nido qilib:
«Darhaqiqat, meni shayton balo va azob bilan ushladi», degan paytini eslang!» (Sod surasi, 41-oyat).
Hadisda kelishicha, «Agar biror bandaning farzandi vafot etsa, Alloh farishtalarga: «Bandam qalbining mevasini qabz qildinglarmi?» der ekan. Ular: «Ha» deyishadi. Shunda Alloh: «Bandam nima dedi?» deb so‘raganida: «Senga hamd aytdi, shukr qildi va istirjo aytdi (ya’ni, «inna lillahi va inna ilayhi roji’un», dedi»), deyishadi. Shunda Alloh: «Bu bandam uchun jannatda bir uyni barpo qilinglar va uni hamd uyi, deb nomlanglar», deydi.
Vahb ibn Munabbah shunday deydilar: «Kitoblarda ketma-ket kelgan to‘rtta hikmatni topdim. Birinchisi – kim Allohning kitobini mutolaa qilsa-yu, meni Rabbim mag‘firat qilmaydi, deb o‘ylasa, u Allohning oyatlarini masxara qiluvchidir. Ikkinchi hikmat – kim boyga boyligi uchun tavozu’ qilsa, dinining uchdan biri ketibdi. Uchinchisi – kim qo‘ldan boy bergan narsasiga xafa bo‘lsa, Allohning qazoi qadaridan g‘azablanibdi. To‘rtinchi hikmat shuki, kim musibatidan shikoyat qilsa, Rabbidan shikoyat qilibdi».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mukofotning kattasi sinovning kattasi bilandir. Agar Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rib qolsa, uni biror balo bilan sinaydi, agar sabr qilsa, undan rozi bo‘ladi», deganlar.
Hikoya qilinishicha, Muso alayhissalom kunlardan birida Yu’sha ibn Nun bilan birga safarga chiqdilar. To‘satdan bir oppoq qush kelib, Muso alayhissalomning yelkalariga qo‘ndi va: «Ey Allohning payg‘ambari, bugun meni o‘limdan saqlab qol», dedi. Muso alayhissalom: «Kimdan?» deb so‘raganlarida, «Qirg‘iydan, u meni yeyishni xohlamoqda», deb javob berdi va Muso alayhissalomning qo‘yinlariga kirib oldi. Shu payt qirg‘iy kelib: «Ey Allohning payg‘ambari, mendan ovimni to‘smagin», dedi. Muso alayhissalom: «Men senga qo‘ylarimdan birini so‘yib beraman», deganlarida,
«Menga qo‘yni go‘shti yoqmaydi», dedi. «Unday bo‘lsa, mening sonim go‘shtidan yegin», dedilar. U esa: «Men faqatgina ko‘z qorachig‘ingdan yeyman», dedi. Muso alayhissalom rozi bo‘lib chalqancha yotdilar. Qirg‘iy kelib ko‘kraklariga qo‘ndi va ikki ko‘zlaridan cho‘qimoqchi bo‘ldi. Shunda Yu’sha ibn Nun: «Ey Allohning payg‘ambari, bitta qushni deb ko‘zingizga e’tiborsizlik qilasizmi?!» dedilar. Shu payt qo‘ynilaridagi qush uchib ketdi. Qirg‘iy uning orqasidan uchdi. Bir ozdan so‘ng ikkalasi ham qaytib kelib, biri Jabroil, ikkinchisi Mikoil ekanini bildirishdi» va: «Alloh taolo bizlarni Rabbingizning qazosiga sabr qilishinizni sinash uchun yubordi», deyishdi.
Ibn Muborak raziyallohu anhu aytadilar: «Musibat aslida bitta bo‘lib, agar unga sabrsizlik qilinsa, ikkita bo‘ladi: birinchisi musibatning o‘zi bo‘lsa, ikkinchisi uning ajr-savobi ketishidir. U musibatdan ham yomonroqdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sabr uchtadir: musibatga sabr, toat-ibodatga sabr, gunoh-ma’siyat qilmaslikka sabr. Kim ma’siyatga sabr qilsa, martabasi 300 darajaga ko‘tariladi, kim toat-ibodatga sabr qilsa, martabasi 600 darajaga ko‘tariladi, kim gunohlardan qaytishga sabr qilsa, martabasi 900 darajaga ko‘tariladi. Har darajaning orasi yeru osmon orasidek keladi», deganlar».
Ayyub alayhissalom asli rumlik bo‘lib, onalari Lut alayhissalomning qizi edi. Aqlli, ozoda, halim, donishmand kishi edilar. Otalari boy-badavlat kishi bo‘lib, tuya, sigir, qo‘y, xachir podalari bor edi. Shom yerida unga teng keladigan kishi bo‘lmagan. Otalari vafot etganidan keyin jamiki mol-dunyolari Ayyub alayhissalomga o‘tdi. Ayyub alayhissalom Yusuf alayhissalomning nevaralari Rahimaga uylandilar. So‘ngra Alloh taolo ul zotni o‘z qavmlariga payg‘ambar qilib yubordi. Alloh u kishiga husni xulq va yumshoqlikni ato etgan ediki, biror kimsa u kishini yolg‘onga chiqara olmasdi va ota-onalarining sharaflari sababli hech kimsa u kishini inkor qilmasdi. Ayyub alayhissalom Allohning hukmlarini joriy qilib, masjidlar bino qildilar, faqir-miskinlar va mehmonlar uchun dasturxon yozdilar.
Yetimlarga mehribon ota, bevalarga rahmli er, zaiflarga suyukli birodar kabi muomala qildilar. Biror bir so‘rovchini rad qilmas edilar. U kishining mollari yildan-yilga ko‘payib borsada, bundan shodlanib ketmas edilar. Aksincha: «O’ Parvardigoro, bular dunyo zindonida bandalaringga ato etgan ne’matlaringdir. Jannatdagi bandalaringga ato etgan ne’matlaring qanaqa bo‘larkin», derdilar. Shunchalik mol dunyolari ko‘p bo‘lsa ham, qalblari aslo ne’matlarga shukr qilishdan g‘aflatda qolmasdi. Shu sababli shayton: «Ayyub ikki dunyoda ham ne’matlarga erishmoqda», deya hasad qildi. Bu ne’matning ikkalasini ham, hech bo‘lmasa, birini yo‘qotishni xohladi. Shayton alayhi la’na kunlardan birida yettinchi osmonga chiqdi. Shunda Alloh: «Ey la’in, bandam Ayyub haqida nima deysan! Uni hech chalg‘ita oldingmi?!» dedi. Shunda shayton: «O’ Parvardigor, Ayyub faqatgina unga dunyoda kengchilik va ofiyat berganing uchun senga ibodat qilmoqda. Agar bu ne’matlar unga berilmaganda, senga aslo ibodat qilmasdi. U faqat ofiyatning bandasidir», dedi. Shunda Alloh:
«O’lg‘on gapirding, Men bilamanki, agar unda bu kengchiliklar bo‘lmasa ham, menga ibodat qiladi va shukr aytadi», dedi. Shayton: «O’ Parvardigoro, Ayyubning ahvolini menga topshir, shunda men uni Senga ibodat qilish va zikr aytishdan chalg‘itganimni ko‘rasan», dedi. Alloh Ayyub alayhissalomning tili va ruhidan boshqa hammasini shaytonga topshirdi. Shunda shayton dengiz sohiliga kelib, qattiq qichqirdi. Uning tovushini barcha jin va shaytonlar eshitib, huzuriga yig‘ildilar va: «Ey sayyidimiz, senga nima bo‘ldi?» dedilar. U: «Albatta, men Odamni jannatdan chiqarganimdan beri erishmagan bir fursatga erishdim. Menga Ayyubga qarshi yordam beringlar. Sizlar tezda tarqalib, Ayyubning mollarini kuydirib, halok qilinglar», deb buyurdi. So‘ng o‘zi Ayyub alayhissalom huzurlariga keldi. Ayyub alayhissalom masjidda namoz o‘qiyotgan edilar. Shayton unga dedi: «Rabbinggga ibodat qilaverasanmi?! Vaholanki, Alloh osmondan olov yuborib, jamiki mol-qo‘ylaringki kuydirib, yo‘q qildi». Ayyub alayhissalom to namozni tugatgunlaricha hech narsa demadilar. Namozdan forig‘ bo‘lgach: «O’zi berib, O’zi qaytarib olgan Allohga hamd bo‘lsin», dedilar va yana namoz o‘qiy boshladilar. Iblis muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan nadomat qilib, g‘oyib bo‘ldi. Ayyub alayhissalomning yetti o‘g‘il va yetti qizi bo‘lib, ular har kuni bitta dasturxon atrofida ovqatlanishardi. Shaytonlar kelib, uyni o‘rab olishdi va farzandlarining ustiga ag‘nashdi. Barchalari bitta dasturxon ustida vafot etishdi. So‘ng Iblis Ayyub alayhissalomning oldilariga keldi, u kishi namozda qoim turgan edilar. Iblis: «Allohga ibodat qilaverasanmi?! Uying bolalaring ustiga qulab tushdi va hammalari vafot etdi», dedi. Ayyub alayhissalom namozlarini tugatmagunicha hech narsa demadilar. Namozni tugatgach: «Ey la’in, menga ato etgan, so‘ngra mendan qaytarib olgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Mol-dunyo va bolalar fitnadir. Shu sababli, Rabbimning ibodati uchun xoli bo‘lmog‘im uchun ularni mendan oldi», dedilar. Iblis bu safar ham hech narsaga erisha olmay, g‘azablangan holda qaytib ketdi. Boshqa safar namoz o‘qiyotgan vaqtlarida kelib, sajda qilayotgan vaqtlarida og‘iz-burunlariga pufladi. Shundan so‘ng Ayyub alayhissalomning badanlarida sassiq hid tarqaldi, qattiq terlab o‘zlarida bir og‘irlik sezdilar. Shunda ayollari Rahima: «Bu mol-dunyoga qayg‘urish va bolalarning musibati sabablidir. Siz kechalari namozda qoim turasiz, kunduzi ro‘za tutasiz, ozgina rohatlanishni o‘ylamaysiz ham», dedi. So‘ngra Ayyub alayhissalomning butun badanlariga – boshlaridan oyoqlarigacha chechak toshdi va yiring oqa boshladi. Bu holni ko‘rgan do‘stu qarindoshlar Ayyub alayhissalomni tark qilishdi. Ayyub alayhissalomning uchta xotini bo‘lib, ulardan ikkitasi o‘zlarini taloq qilishlarini talab etishdi. Bas, ularni taloq qildilar. Faqatgina Rahima qoldi. U kecha-yu kunduz Ayyub alayhissalomning yonlarida edi. Kunlarning birida qo‘shni ayollar chiqib: «Ey Rahima, Ayyubning balosi farzandlarimizga o‘tib ketishidan qo‘rqyapmiz. Agar uni bu yerdan olib ketmasang, biz uni majburan chiqarib tashlaymiz», deyishdi. Rahima Ayyub alayhissalomni yelkalariga ko‘tarib qishloqdagi bir xarobaga olib keldilar. Shunda hamqishloqlari Ayyub alayhissalomning ahvollarini ko‘rdilar-da: «Ey Rahima, eringni bizdan yiroqqa olib ket, bo‘lmasa itlarimizga talatamiz», deyishdi. Rahima Ayyub alayhissalomni qishloqdan yiroqqa olib ketdi. So‘ng bolta olib kelib, yog‘ochdan chayla yasadi. Kul olib kelib, ostlariga to‘shadi. Bir toshni boshlariga yostiq qildi. So‘ng qishloqqa yo‘l oldi. Shunda Ayyub alayhissalom: «Ey Rahima, agar meni tashlab ketadigan bo‘lsang, senga
vasiyat qilib qolay», dedilar. Rahima: «Qo‘rqmang, ey sayyidim, modomiki jonim tanamda ekan, sizni aslo tark etmayman», dedilar va qishloqqa ketdilar. U kun bo‘yi ishlab, bir burda non topar va u bilan Ayyub alayhissalomni taomlantirar edi. Qishloq ahli uning Ayyub alayhissalom xotini ekanini bilishgach, haydab solishdi. «Bizdan uzoqlash, yo‘qol! Biz sendan jirkanamiz», deyishdi ular. Rahima yig‘lab: «O’ Parvardigor, ahvolimni ko‘rib turibsan. Odamlar bu dunyoda bizdan jirkanmoqda, Sen oxiratda bizdan jirkanma. O’ Parvardigor, odamlar bizni hovlimizdan quvib yubordi, qiyomat kuni Sen jannatingdan bizni quvma», dedi. So‘ng nonvoyning xotini oldiga borib: «Habibim Ayyub och qolgan, menga bitta nonni qarzga ber», dedi. Xotin: «Seni erim ko‘rmasdan ko‘zimdan yo‘qol! Ammo menga kokilingni bersang non beraman», dedi. Rahimaning o‘n ikkita kokili bo‘lib, ular yerga tegib turardi. Ayyub alayhissalom bu kokillarni judayam yaxshi ko‘rardilar. Rahima qaychi bilan kokillarini kesib, to‘rtta non evaziga nonvoyning xotiniga berdilar. Ayyub payg‘ambar yangi, yumshoq nonni ko‘rganlarida qattiq siqildilar va: «Xotinim o‘zini sotibdi», deb gumon qildilar. «Agar Alloh menga shifo bersa, yuz darra uraman», deb qasam ichdilar. Shuning uchun ham Alloh buning kafforatiga:
«Qo‘lingga bir bog‘ (novdani) olib, u bilan (xotiningni) urgin – qasamingni buzmagin», dedi. Rahima bo‘lgan voqeani aytib berganlaridan keyin Ayyub alayhissalom yig‘ladilar. Rahima: «Yig‘lamang, sochim bundan-da chiroyli bo‘lib o‘sadi», deb, Ayyub alayhissalomni taomlantirdilar.
Rivoyatlarga qaraganda, kasallik 18 yil davom etdi. Kunlardan birida Rahima Ayyub alayhissalomga: «Siz Allohning suyakli payg‘ambarisiz. Agar Parvardigoringizga duo qilsangiz, sizga shifo beradi», dedilar. Ayyub alayhissalom: «Ey Rahima, necha yil farovon turmush qurdik?» deganlarida: «80 yil», deb javob berdi. Shunda Ayyub alayhissalom: «Mening balolangan kunlarim farovonlik kunlarimga yetmaguncha, Allohga duo qilishga hayo qilaman», dedilar. Badanlarida go‘sht qolmagach, qurtlar bir-birini yeya boshladi. Oxiri ikkita qurt qoldi. Butun badanni aylanib go‘sht topmadilar. Shunda biri kelib qalblarini, biri kelib tillarini tishladi. Mana shu vaqtda Ayyub alayhissalom Rabbilariga nido qildilar: «Darhaqiqat, meni shayton balo va azob bilan ushladi va Sen rahmlilarning rahmlirog‘isan», dedilar. Ayyub alayhissalom sabrsizlik tufayli bunday demadilar, balki Allohni zikr qilishdan uzilib qolishdan qo‘rqib, shunday dedilar. Shuning uchun ham Alloh Qur’oni karimda: «Darhaqiqat, biz (Ayyubni) sabr qilguvchi holda topdik. U naqadar yaxshi bandadir. Haqiqatan, u (Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lga) butunlay qaytguvchidir», dedi. «Shunda u zotga aytildi:
«Oyog‘ing bilan (ostingdagi yerni) tep!» (U Allohning amrini bajargan edi, o‘sha yerdan bir chashma otilib chiqdi. So‘ng yana aytildi: «Mana shu muzdek cho‘miladigan va ichimlik suvdir» (Qachonki Ayyub u suvda cho‘milib, so‘ng undan ichgach, uning barcha zohiriy va botiniy dardlari darhol davo topdi). Va Biz O’z tomonimizdan mehribonlik ko‘rsatib, aql egalari uchun eslatma-ibrat bo‘lsin deb, (Ayyubga) ahli oilasini va ular bilan qo‘shib, yana o‘shalarning mislicha (bola-chaqa) hadya qildik».
Muqotil raziyallohu anhu aytadilar: «Alloh vafot etganlarni tiriltirdi va yana shunchasini berdi».
Muhammad ibn Maslama rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Moli qo‘lidan ketmaydigan, tanasiga kasallik yetmaydigan bandaga yaxshilik yo‘qdir. Chunki Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rsa, uni bir balo bilan imtihon qiladi. U banda esa balo kelganda sabr qiladi», dedilar».
Dostları ilə paylaş: |