Microsoft Word durratun nosihiyn ziyouz com doc


Yetmish ikkinchi majlis ZULHIJJA OYINING O‘N KUNI HAQIDA



Yüklə 490,58 Kb.
səhifə83/85
tarix31.12.2021
ölçüsü490,58 Kb.
#49502
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   85
Usmon ibn Hasan Xubariy. Durratun nosihiyn (2)

Yetmish ikkinchi majlis ZULHIJJA OYINING O‘N KUNI HAQIDA

Alloh taolo aytadi: «Tongga qasam; (Zulhijja oyidagi avvalgi) o‘n kechaga qasam; juft va toq (rak’atli namozlar)ga qasam. O’tib borayotgan kechaga qasamki, (albatta kofirlar azobga giriftor bo‘lurlar)! Mana shu (qasam ichilgan narsalarda) aql egasi uchun (etarli) qasam bordir?!» (Val-fajr surasi, 1-5-oyatlar).

Hasan ibn Alidan raziyallohu anhu aytdilar: «Agar masjidga kirsang, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salom bergin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mening qabrimni saylgoh qilib olmanglar va uylaringizni esa qabr qilib olmanglar (ya’ni, uylaringizda ham namoz o‘qiyveringlar) va qaerda bo‘lsalaringiz ham menga salovot aytingiz, albatta sizlarning salovotlaringiz menga yetib turadi», deganlar.

Avsdan raziyallohu anhu rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Juma kuni menga salovotni ko‘p aytinglar, albatta sizlarning aytgan salovotlaringiz menga ko‘rsatib turiladi», deganlar. Salmon ibn Sihim aytadilar: «Men tushimda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘rdim va: «Yo Rasululloh! Odamlar sizni oldingizga kelib, sizga salom bermoqdalar, ularning salomlarini eshitasizmi?» deb so‘radim. U kishi: «Ha, eshitaman va salomlariga javob ham qaytaraman», dedilar».

Kim zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida ro‘za tutsa, Alloh o‘sha bandaga quyidagi yaxshiliklarni ato qiladi: umriga baraka beradi; molini ko‘paytiradi; ahli oilasini turli balo va ofatlardan saqlaydi; bu ro‘zani gunohlariga kafforat qiladi; solih amallarni ziyoda qiladi; jon berishini oson qiladi; qabrini yorug‘ qiladi, mezon tarozusida solih amallarni og‘ir qiladi; do‘zax otashidan ozod qilib, jannatda darajasini ko‘taradi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Alloh nazdida zulhijjaning o‘n kunidan ulug‘roq kun yo‘qdir. Hech qaysi amal ushbu o‘n kunda qilingan amalchalik Alloh taologa suyukli emas. Bas, o‘sha kunlarda tahlil, takbir va hamdni ko‘p aytinglar!» (Ahmad rivoyati)

Ushbu o‘n kun ichida kelgan juma esa ikki fazlni o‘zida jamlagani uchun boshqa jumalardan afzal sanaladi.

Alloh taolo yil kunlari ichidan uchta o‘n kunlikni tanlab olgan: Laylatul qadrning fazilati sababli ramazonning oxirgi o‘n kuni. Zulhijja oyining avvalgi o‘n kuni, chunki unda tarviya va arafa kuni, qurbonlik, talbiya, haj va boshqa turli ibodatlar mavjud. Uchinchisi, Ashuro kuni sabab Muharram oyining avvalgi o‘n kunidir.

Arafa kuni alohida fazl va xususiyatlarga ega bo‘lgani uchun uning fazilati va sharafi xususida batafsil to‘xtalib o‘tamiz. Birinchidan, arafa kuni dinimiz mukammallikka yetgan kundir.

Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Yahudlar menga kelib aytishdi: «Sizlar bir oyatni o‘qiysizlar. Agar o‘sha oyat bizga nozil bo‘lganda edi, uni bayram qilib olgan bo‘lardik». «Men o‘sha oyatning qachon va qanday nozil bo‘lganini, u nozil bo‘lganda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaerda turganlarini ham bilaman. Allohga qasamki, u arafa kuni bo‘lib, biz ham, Arafotda edik. Bu oyat ushbudir: «Bugun sizlarga diningizni komil qildim, ne’matimni benuqson, to‘kis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim» (Moida, 3-oyat)

Bundan tashqari, Alloh taolo haj ibodatini Ibrohim alayhissalom asoslariga qaytardi. O’sha yili haj mavsumidan boshlab hajda mushriklar ishtirok etishi ham, shirk amallari bajarilishi ham man qilindi. Shuning uchun o‘sha yildan buyon Arofotda musulmonlar orasida mushriklar bo‘lmadi. Ne’matning to‘kis bo‘lishi esa Alloh taoloning mag‘firati tufayli hosil bo‘ldi. Zero, ne’mat mag‘firatsiz to‘liq bo‘lmaydi.

Alloh taolo shunday deydi: «Ey Muhammad, Alloh sizning gunohingizdan ilgari o‘tgan va keyin keladigan narsalarni (ya’ni barcha gunohlaringizni) mag‘firat qilish va sizga O’z ne’matini to‘kis-komil qilib berishi uchun...» (Fath surasi, 2-oyat)


Ikkinchidan, arafa bayram kunidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Arafa kuni qurbonlik va tashriq kunlari bo‘lib, biz ahli islomning bayramidir. Bu kunlar yeb-ichadigan kunlardir» (Abu Dovud rivoyati).

Uchinchidan, arafa kuni tutilgan ro‘za ikki yilga kafforat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Arafa kuni tutilgan ro‘za o‘tgan va kelgusi yil (dagi gunohlar)ga kafforat bo‘ladi» To‘rtinchidan, arafa kuni gunohlar kechiriladigan va jonlar do‘zaxdan ozod etiladigan kundir.

«Oishadan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Alloh taolo biron kuni arafa kunichalik ko‘p bandani do‘zaxdan ozod etmaydi. So‘ng ular bilan (ya’ni do‘zaxdan ozod qilingan bandalari bilan) farishtalar oldida faxrlanadi» (Muslim rivoyati)

Ibn Abu Barr aytadilar: «Bu o‘sha bandalarning gunohlari mag‘firat etilganiga ishoradir. Chunki Alloh taolo gunoh-ma’siyat ahli bilan hech qachon faxrlanmaydi. Faqat tavba va mag‘firatdan so‘ng bu narsa bo‘lishi mumkin.

Xabarlarda keladiki, Muso alayhissalom shunday deb munojot qildilar: «Yo Parvardigoro, dargohingdan hojatimni ravo qilishni so‘rab duo qilgan edim, ijobat bo‘lmadi. Barokotidan hojatim ravo bo‘ladigan biror narsa bergin. Allohdan vahiy keldi: «Yo Muso, zulhijja oyining o‘n kunligida

«La-a ilaha illalloh»ni ko‘p aytgin. Muso alayhissalom dedi: «Yo Parvardigoro. «La-a ilaha illalloh» zikrini aytish menga xosmi, yoki har bir bandang uchunmi?»Bunga javoban shunday vahiy keldi: «Har kim zulhijja ayyomida «La-a ilaha illalloh» kalimasini bir marta aytsa, tarozining bir pallasiga osmon va yerning yetti tabaqasi, ikkinchi pallasiga «La-a ilaha illalloh» kalimasi qo‘yilsa, bu kalima ularning hammasidan og‘ir keladi».

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar:

«Alloh taolo Odam alayhissalom tavbasini zulhijja oyining birinchi kunida qabul qildi. Bu kunda kim ro‘za tutsa, Alloh taolo uning barcha gunohlarini mag‘firat qiladi. Zulhijjaning ikkinchi kuni Yunus alayhissalomning tavbasi qabul qilindi va baliq qornidan eson-omon xalos bo‘ldi. Har kim bu kunda ro‘za tutsa, Alloh hech kamu-ko‘sti bo‘lmagan, bir yillik toat-ibodatning savobini o‘sha bandaning nomai a’moliga yozadi. Zulhijjaning uchinchi kuni Alloh Zakariyo alayhissalomning duosini qabul qildi va Yahyo alayhissalom ni unga ato etdi. Ushbu kuni ro‘za tutganlarning duolarini Alloh taolo mustajob etadi. Zulhijjaning to‘rtinchi kuni Iso alayhissalom tavallud topdilar. Bu kuni ro‘za tutgan bandadan Alloh faqirlikni yiroqlashtiradi. Zulhijjaning beshinchi kuni Muso alayhissalom tavallud topdilar. Bu kunda ro‘za tutgan bandani Alloh ikkiyuzlamachilikdan, munofiqlikdan saqlaydi. Zulhijjaning oltinchi kuni Xaybar fath etildi. Shu kuni ro‘za tutgan bandaga Alloh taolo hurmat nazari bilan qaraydi va bundan keyin uni azobga solmaydi. Yettinchi kuni do‘zax eshiklari yopiladi va bu o‘n kunlik tugamagunicha ochilmaydi. Bu kuni ro‘za tutgan kishidan mashaqqatning uch eshigi yopiladi va osoyishtalikning o‘ttiz eshigi ochiladi. Zulhijjaning sakkizinchi kuni «talviya», deb nomlanadi. Bu kuni ro‘za tutgan bandaga Alloh taolo shuncha mukofot ato etadiki, uning hisobini O’zidan boshqa hech kim bilmaydi. Zulhijjaning to‘qqizinchisi arafa kuni bo‘lib, bu kunda ro‘za tutgan bandaning ikki yillik – avvalgi va kelgusi yilgi gunohlarini mag‘firat etadi. Zulhijjaning o‘ninchi kuni qurbonlik kunidir. Bu kunda har kim qurbonlik qilsa, Alloh taolo qurbonlik qonining har qatrasi barobarida uning va ahli oilasining gunohlarini mag‘firat etadi. Qurbonlikning go‘shtidan taom tayyorlab, musulmonlarga bersa yoki go‘shtini sadaqa qilsa, uning savob tarozisi Uhud tog‘idan ham og‘irroq keladi».




Yüklə 490,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   85




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin