Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
www.ziyouz.com kutubxonasi
46
«Agar zolim-kofir kimsalar uchun Yerdagi bor narsa va u bilan birga yana
o‘shaning mislicha narsa bo‘lsa, albatta ular qiyomat kunidagi azobning
yomonligidan, o‘sha (qo‘llaridagi bor narsalarni) to‘lov qilib berib yuborgan
bo‘lur edilar. (Chunki u kunda) ularga Alloh tomonidan ular o‘ylab ham
ko‘rmagan narsalar - azoblar ko‘rinadi» (Zumar surasi, 47-oyat).
Aytiladiki: «U savob deb o‘ylagan amallari edi, biroq u gunoh bo‘lib chiqdi». Muomala
ilmlarining eng beparvo bo‘lingani va bekilib ketgani nafsning aldashi va shaytonning
hiylalaridan ogoh bo‘lishdir. Vaholanki, bu ilm har bir bandaga farzi ayndir.
Odamlar esa
bunga beparvo bo‘lib, o‘zlariga vasvasalarni jalb qiladigan va ustlariga shaytonni
hukmron qilib qo‘yadigan, uning dushmanligini va undan ehtiyot bo‘lish yo‘llarini
unuttirib qo‘yadigan ilmlar bilan mashg‘ul bo‘lib qolishdi. Endi vasvasalarning ko‘pligidan
faqat xayol eshiklarini yopib qo‘yishgina qutqaradi. Uning tashqi eshiklari beshta his
etish a’zolaridir, ichki eshiklari esa shahvatlar va dunyo aloqalaridir. Qorong‘i uyda
yolg‘iz qolish his etish eshigini to‘sadi. Molu dunyo va ahl-bolalaridan uzilish ichki
eshiklardan bo‘ladigan vasvasalar yo‘lini ozaytiradi. Shunday bo‘lsa ham, qalbga joriy
bo‘ladigan xayolotlarga botiniy kirish eshiklari ochiq qoladi.
Buni esa qalbni faqat Alloh
zikri bilan mashg‘ul qilish orqali daf etiladi. Keyin shayton qalbni o‘ziga tortishda,
talashishda, Alloh zikridan to‘sishga harakat qilishda bardavom bo‘ladi. Unga qarshi
kurashish lozim. Bu kurashish o‘lguncha bo‘ladi. Zero, qay bir inson tirik ekan,
shaytondan qutulolmaydi. Batahqiq, kurashish bilan unga bo‘ysunmaslikka
va uning
yomonligini o‘zidan daf qilishga kuchi yetadigan bo‘ladi. Lekin badanida qon yurib
turarkan, bir lahza ham unga qarshi kurashishdan va o‘zini himoya qilishdan behojat
bo‘lolmaydi. Chunki inson tirik ekan, uning qalbiga shayton eshigi bekilmaydi va doim
ochiq bo‘ladi.
Bu eshiklar shahvat, g‘azab, hasad, ta’magirlik, ochko‘zlik va boshqa
narsalardir.
Bularning sharhi tezda keladi. Qachonki, eshik ochiq va dushman xushyor bo‘lsa,
bundan faqat qo‘riqlash va kurashish bilan himoyalaniladi. Bir kishi Hasan Basriyga «Ey
Abu Said, shayton ham uxlaydimi?» deb savol berganida, u kishi tabassum qilib: «Agar
uxlaganida biz rohatda bo‘lardik», degan ekanlar. Demak, mo‘min undan qutulishi
mumkin emas. Lekin uni daf qilish va quvvatini zaiflashtirish uchun yo‘l bor.
Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam: «Albatta mo‘min kishi o‘z shaytonini sizlardan biringiz
tuyasini safarda holdan toydirgani kabi holdan toydiradi», dedilar (Imom Ahmad
rivoyati). Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Mo‘minning shaytoni ozg‘in bo‘ladi», dedilar.
Qays ibn Hajjoj dedilar: «Shaytonim menga: «Sening ichingga kirganimda men semiz
tuyadek edim, hozir esa chumchuqqa o‘xshab qoldim», dedi. Shunda men undan «Nima
uchun?» deb so‘radim. «Alloh taoloning zikri bilan meni kichraytirib yuboryapsan», deb
javob qildi shayton». Taqvodor kishilarga shayton eshiklarini to‘sish va uni qo‘riqlash
bilan himoya qilish, ya’ni zohiriy eshiklarini va oshkora gunohlarga olib
boradigan ochiq-
oydin yo‘llarini to‘sish qiyin bo‘lmaydi. Lekin ular shaytonning xufyona yo‘llarida toyilib
ketishadi. Chunki ular uning xufyona yo‘llarini qo‘riqlash uchun uning qaerdaligini
bilishmaydi.
Ulamo va voizlarning aldanib qolishlari to‘g‘risida avval ishora qilganimiz bunga misol.
Bu yerda mushkullik shundaki, shayton uchun qalbga ochilgan eshiklar ko‘p va
farishtalarning eshiklari bittadir. Darhaqiqat, ana shu bitta eshik ko‘p
eshiklar bilan
chalkashib ketgan. Banda bu holatda xuddi zulmatli kechada yo‘llari ko‘p, lekin
qaysisidan borilishi noma’lum bo‘lgan holda sahroda qolib ketgan bir musofirga