Islom Ensiklopediyasi
www.ziyouz.com kutubxonasi
97
HANAFIYLIK - sunniylikdagi diniy-huquq mazhablaridan biri. Abu Hanifa asos solgan.
Undan keyin H. mazhabi qoidalari Abu Yusuf Yoqub (795 y. v.e.), Muhammad ash-
Shaybon (804 y. v.e.), Quduriy (1036 y. v.e.) va b. asarlarida ishlab chiqilgan. Bu
mazhab tarafdorlari fiqhning to‘rt asosiy manbaini e’tirof etish (q. Usul al-fiqh) bilan
birga boshqa oqimlar vakillariga nisbatan fiqh talablariga rioya etishning oqilona
usullaridan kengroq foydalanadi. Bu mazhabning xususiyatlari quyidagilardan iborat:
Qur’on huquq manbai sifatida hech so‘zsiz, to‘laligicha
qabul qilinadi; sunna mustaqil
manba sifatida qaraladi, biroq hadislar jiddiy tanlovdan o‘tgan bo‘lishi lozim; avval
o‘tgan ulamolardan meros bo‘lib qolgan kelishilgan fikr (ijmo) faqat sahih hadis
rivoyatchilaridan chiqqan takdirdagina hisobga olinadi. Lekin,
yangi masalalar tadqiq
qilinayotgan vaqtda boshqa har qanday obro‘li ulamolarning guruhining ijmosi qabul
qilinadi va shu tariqa diniy ijmolar vujudga kelishi imkoni yaratiladi. Qiyos bo‘yicha
hukm har qanday sahih manba asosida ham bo‘lishi mumkin. Agar qiyos bo‘yicha hukm
zararli yoki mavhum natijaga olib kelsa, istihson bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
H. mazhabi oddiy huquq (urf)dan ham huquqning keng mustaqil yordamchi manbai
sifatida foydalanishga imkon beradi, bu hol hayotiy ehtiyojlarni
va mahalliy odatlarni
hisobga olib huquqiy qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bu mazhab qoidalari
mo’tadilligi, birmuncha yumshoqligi, qulayligi, xalqlarning mahalliy an’analarini e’tiborga
olganligi sababli 11-a.dan boshlab shimol va sharqqa keng yoyilgan. Kichik Osiyo,
Bolqon, Shim. Kavkaz,
Qora dengaz, Volga bo‘ylari, O’rta Osiyo, Afgoniston, Hindiston
va Xitoyning olis kengliklarigacha bo‘lgan hududlarga tarqalgan. Hoz. davrda dunyo
musulmonlarining qariyb yarmi H. mazhabida.
Dostları ilə paylaş: