ABU HURAYRA (602 - 679, Madina) - mashhur sahoba, roviy, faqihlardan. Asli ismi
Abdurahmon ibn Sahr al-Davsiy Abdushams. Rasululloh tomonidan Abdurrahmon deb
atalgan. Mushuklarni juda sevgan. Bir kun uning etagida bir mushuk bolasini ko‘rgan
Rasuli Akram, "Abu Hurayra" - mushukning otasi deya lutf etgan va u ham bundan
iftixor etib, ushbu laqab bilan shuhrat topgan. Tijorat va boyligi yoxud ma’lum bir
mashg‘uloti bo‘lmagani uchun ashobi Suffa sirasiga kiritilgan. U Doril-irfondan dars
olgan va huzuri Rasulotdan bir lahza ham ayrilmagan. Ajoyib faqih bo‘lib, ifto (fatvo
beruvchi) mavqeiga ko‘tarilgan. Umar (ra) tomonidan Bahrayn voliyligiga tayinlangan.
Usmon (ra) zamonida Makka qozisi va Muoviya davrida Madina voliysi bo‘lgan.
Favqulodda kuvvai-hofizaga ega bo‘lgan A.H. uch yil muttasil Nabiy (as)ning majlisidan
ajralmagan va bu muddat mobaynida kuch-quvvatini Rasuli Akram(sav)ning so‘zlari va
ishlarini egallash hamda qayd etishga baxsh etgan. 5374 hadis rivoyat etgan. Bulardan
335 tasida Imom Buxoriy va Imom Muslim hamfikrdirlar, 93 tasi faqat Buxoriyda, 189
tasi yolg‘iz Muslimda, qolgan 4757 tasi boshqa hadis kitoblarida keltirilgan.
ABUD-DARDO, asl ismi Uvaymir, kunyasi bilan mashhur (? - 652) - ashobi kiromning
faqihlaridan, olim va hakimlaridan biri. Shom fathidan so‘ng u yerga hokim qilib
tayinlangan. 179 hadis rivoyat etgan.
ABULABBOS MUSTAG’FIRIY- Imom Mustag‘firiy (to‘liq ismi: Nasafiy Samarqandiy
Ja’far ibn Abu Ali Muhammad ibn Abu Bakr) (961-1041, Nasaf) - tarixchi, adib,
muhaddis va faqih, Sam’oniyning "Kitob al-ansob" asarida yozilishicha, Ab.M bir qancha
vaqt Marv, Saraxs, Nishopur, Buxoro va Samarqandda yashagan. 987 y.dan Nasaf jome
masjidida ma’ruzalar o‘qigan. Umrining oxirida Nasafning bosh imom-xatibi lavozimida
bo‘lgan. U "Kitob tarixi Samarqand", "Kitob tarixi Nasaf va Kesh" (2 jildlik), "Kitob ush-
shi’r vash-shuaro" ("She’r va shoirlar haqida kitob"), "Kitob ul-vafo" ("Vafo kitobi"),
"Kitob daloil an-nubuvva" ("Payg‘ambarlik dalillari"), "Kitob ud-da’vot" ("Targ‘ibotlar
kitobi"), "Kitob xutab an-nabiy" ("Payg‘ambar xutbalari kitobi"), "Kitob tibb in-nabiy"
("Payg‘ambar tibbi kitobi") kabi o‘ndan ziyod asarlar yozgan. Uning "Kitob tibb in-nabiy"
asari Tehronda nashr etilgan.