www.ziyouz.com kutubxonasi
261
SANUSIYLAR - shim. afrikalik so’fiylik tariqati tarafdorlari. Sanusiya tariqatiga 1837
y.da Makkada jazoirlik Muhammad ibn Ali Sanusiy asos solgan. Tariqatning markazi
Kirenaika (Liviyaning g‘arbiy viloyati) ga ko‘chgandan keyin uning faoliyati kengaydi.
S.ning asosiy maskani Jagbubda, keyinchalik Kufra vodiysida bo‘lgan. Sanusiy o‘z
targ‘ibotida izchil e’tiqodli ulamolarni ham, Misr va Turkiya diniy islohchilarini ham tanqid
qildi, Yevropa ta’sirining tarqalishiga qarshi chiqdi, "ilk islom sofligiga" qaytishga
chaqirdi. Sanusiy qarashlarining shakllanishiga vahhobiylar qarashlari hamda so’fiylik
g‘oyalari katta ta’sir ko‘rsatdi.
S. mustamlakachilikka qarshi kurashda faol ishtirok etdi, ayni vaqtda tariqat rahbarlari
ko‘pincha mustamlakachilar bilan ham hamkorlik qilib turdi. Liviya mustaqillikka
erishgandan keyin (1951) tariqatning rahbari Muhammad Idris Sanusiy qirollik taxtini
egalladi. 1969 y. inqilobida uning hokimiyati ag‘darilgandan keyin S.ning ta’siri bir
muncha pasaydi.
SARAXSIY, Abu Hafs Umar ibn Muhammad ash-Sheroziy as-Saraxsiy (1058-1135) -
mufassir, muhaddis va faqih. Saraxs viloyatidagi Sheroz qishlog‘ida tug‘ilgan. Marvda
yashagan va Abul Muzaffar Sam’oniyning shogirdi bo‘lgan. S. fiqhdaga ixtiloflarga doir
Zta asar yozgan. Umrining oxirida kambag‘allarga dars berib, Qur’on tilovati bilan
mashg‘ul bo‘lgan. Marvdagi Sijdon qabristoniga dafn etilgan.
SARAXSIY, Abul Abbos Muhammad ibn Abdurrahmon ad-Dog‘uliy as-Saraxsiy (? - 975
yoki 999) - shofi’iylikdagi mashhur muhaddis, imom va faqih. Saraxsda tug‘ilgan.
Buxoro va Nishopurda hadislardan ta’lim olgan, Saraxsda va’zlar o‘qigan. Sam’oniyning
ma’lumotiga ko‘ra birinchi bo‘lib shofi’iylikni Saraxsda targ‘ib etgan. Iroqda bo‘lgan.
Movarounnahr va Xurosonda uning 8 shogirdi, Iroq va Marvda 3 ta ustozi borligi qayd
etilgan. "Al-Mu’jam" hadislar to‘plami muallifi.