AMIR ul HAJ, Amiral-Haj - haj boshlig‘i, hojilar karvoni rahbari. Haj ziyoratiga
keluvchilarga rahbarlik qilish odatini Muhammad (sav) belgilab berganlar. Payg‘ambar
(sav) 631 y. Abu Bakr Siddiqqa Madinadan Makkaga boruvchi karvonga haj amiri
sifatida boshchilik qilishni, unga g‘ayridinlar qo‘shilib qolmasligi ustidan nazorat qilishni
topshirganlar. 632 y. Muhammad (sav) ning o‘zlari "vidolashuv haji" ("haj ul vido")ga
boshchilik qilib, haj marosimlariga doir bir qancha muhim ko‘rsatmalarni berganlar.
Hajga rahbarlik qilish yoxud A. ul H.ni tayinlash huquqi xalifalarda bo‘lgan. 13-a.da A. ul
H.ni tayinlash huquqi mamluk sultonlariga o‘tgan, ayni shu vaqtdan e’tiboran Makkaga
yo‘l olgan hojilarning asosiy to‘planadigan yerlari (mas., Damashq)da tashkil etilgan
karvonboshilar ham A. ul H. deb atala boshlagan. Makkaga boruvchi hojilarning asosiy
karvonini tayyorlash va jo‘natishga Usmoniylar davrida ham katta e’tibor berilgan. A. ul
H. tomonidan qurolli guruh ajratilib, unga Hijozda Turkiyaning mavqeini kuchaytirish
bo‘yicha muhim vazifalar yuklatilgan. 20-a.ning 20-y.larida Saudiya Arabistoni qiroli Ibn
Sa’ud davlat hududida A. ul H.ning har qanday siyosiy faoliyat yurgizishini taqiqlab
qo‘ygan. A. ul H. vazifalari karvondagi tartibni saqlash va diplomatik topshiriqlarni bajo
keltirish bilan cheklanib qolgan. 1954 y. hajga boruvchilarning asosiy qismi
to‘planadigan Misrda A. ul H. unvoni bekor qilinib, o‘rniga "hojilar guruhi rahbari" (ra’is
ba’sat al-haj) tayin etilgan.
AMMOR ibn YOSIR, to‘liq ismi Abul Yaqzon Ammor ibn Yosir ibn Omir al-Kinoniy (565-
657) - sahoba, islomga birinchi bo‘lib kirganlardan biri. O’tkir fikrli va jasoratli kishi
bo‘lgan. Madinaga hijrat qilgan. Badr, Uxud, Xandaq janglarida qatnashgan. U islomda
birinchi bo‘lib masjid kurgan kishidir, u o‘z masjidini Qabo deb atagan. Ali (kv) xalifaligi
davrida Kufa amiri bo‘lgan. Ali (kv) bilan birga Jamol va Siffin janglarida qatnashgan va
Siffin jangida shahid bo‘lgan.
AMR ibn al-OSS, to‘liq ismi Amr ibn al-Oss ibn Voil al-Sahmiy al-Qurayshiy; kunyasi
Abu Abdullo (571-664) - Misrni fath etgan islom sarkardasi, arablarning qabila
boshliqlaridan. Johiliyat davrida islomga qarshi bo‘lgan. Xudaybiya sulhida islomga
kirgan. Rasululloh (sav) uni g‘azotga yuborib, yoniga Abu Bakr Siddiq (ra) va Umar
(ra)ni qo‘shganlar. Keyin A.a.-O.ni Ummonga voliy qilib yuborganlar. Umar (ra)ning
xalifalik davrida Shom fath qilingach, A.a.-O. Falastin, so‘ng Misrga katta lashkarga
qo‘mondon bo‘lib borgan. 39 ta hadis rivoyat qilgan.