Uchinchidan, dasturning asosiy vazifasi — qishloqda sanoat ishlab
chiqarishi va qurilishni jadal rivojlantirish, meva-sabzavot va chorva
mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnika hamda
texnologiyalar bilan jihozlangan ixcham korxonalarni tashkil etish chora-
tadbirlarini amalga oshirishdan iborat.
Bu borada vazifa keng miqyosda qo‘yilmoqda — ya’ni, qishloq
xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish hisobidan qishloqda
ixcham texnologiyalar bilan jihozlangan yangi, zamonaviy qayta ishlash
korxonalarini shakllantirish va ularning keng ko‘lamda faoliyat yuritishi
uchun har tomonlama mustahkam xom ashyo bazasini tashkil etish zarur.
Bunday ishlab chiqarish quvvatlari har bir viloyat, tuman va qishloqda
barpo etilishi darkor. Bu nafaqat ishlab chiqarishning yangi hajmlari va
yalpi ichki mahsulotni oshirish, avvalo oziq-ovqat ishlab chiqarishni
ko‘paytirish imkonini berishini aniq-ravshan tushunib olishimiz zarur.
Chunki oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj hamisha yuqori bo‘lib, bu
ehtiyoj bundan buyon ham ortib borishiga shubha yo‘q.
Eng muhimi, qayta ishlash korxonalarini tashkil etish orqali biz
avvalambor ish o‘rinlariga talab doimo katta bo‘lgan qishloqlarda
yoshlarni ish bilan ta’minlash muammosini hal etish imkoniyatiga ega
bo‘lamiz.
To‘rtinchidan, 2008—2012 yillarda sug‘oriladigan yerlarning
meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-
tadbirlar tizimining izchil amalga oshirilishiga — ya’ni, ekin
maydonlarining meliorativ ahvolini yaxshilash, faoliyat ko‘rsatayotgan
irrigatsiya-melioratsiya ob’yektlarining tegishli texnik holatini ta’minlash,
ixtisoslashgan suv xo‘jaligi, qurilish va ekspluatatsiya tashkilotlarining
moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy texnika bilan
jihozlash masalalariga alohida e’tibor qaratish darkor.