II. Ilmiy g‘oyani fikriy eksperiment usuli bilan isbotlash mumkin
Odatda, ilmiy g‘oya, avvalo, gipoteza shaklida ta’riflanadi, deyiladi. Bu gipoteza to‘qmi yoki
puchmi, bu masalani amaliyot hal qilib beradi. Agar to‘q bo‘lsa, gipoteza nazariyaga aylanadi, puch
bo‘lsa — chippakka chiqadi. Falsafada nazariya bilan praktika orasidagi munosabat qadimdan shu
vaqtgacha qiziqarli muammolardan hisoblanib kelinmoqda. Bu sohada har xil «izm»lar ham paydo
bo‘lgan. Pozitivizm, ratsionalizm, irratsionalizm, empirizm shu jumladandir. Lekin al-Farg‘oniyda
masalaning hal etilishi boshqacharoq: praktika fikran ham bo‘lishi mumkin va u haqiqatligi
isbotlangan g‘oyadan boshlanadi.
Olimlarning masalaga qarashlari har xil bo‘lishi mumkin, lekin haqiqat bitta. Mana shunday
haqiqiy g‘oyalardan biri Yer va osmonning sfera shaklidaligidir. Al-Farg‘oniy aytadi: «Osmonning sfera
shaklida ekanligi haqida olimlar orasida kelishmovchiliklar mavjud emas. Haqiqatan, osmon o‘zidagi
barcha yoritgichlar bilan birga, biri — shimolning boshida, ikkinchisi janubning oxirida bo‘lgan ikki
harakatlanmaydigan qutb atrofida aylanma harakat qiladi»(1, 13). Bu fikr osmon haqida. U davom
etadi: «Shunday qilib, barcha olimlar Yerning quruqlik va dengizga tegishli hamma qismlari bilan
birgalikda sfera shaklida ekanini tan olganlar»(1, 15). Bu esa haqiqatga nazariy jihatdan yondashish
edi. Amaliyotda qanday? Bu savolga javob berish uchun al-Farg‘oniy, avvalo, qisman ko‘rinadigan
narsani umumlashtirish usulidan foydalandi. Al-Farg‘oniy O‘rta Osiyoda(O‘zbekistonda), Iroqda,
Misrda o‘z ko‘rganlarini butun Yer kurrasi miqyosi qadar umumlashtiradi.
Ko‘rish vositasining umumlashtirilishi: «Uning dalili shuki, Quyosh, Oy va hamma harakatlanuvchi
yoritgichlar Yerning turli taraflarida bir vaqtda chiqmaydi ham, botmaydi ham. Yerdan qaraganda,
ulardan sharqiy vaziyatda bo‘lganlari g‘arbiy vaziyatda bo‘lganlaridan oldinroq chiqishini ko‘ramiz» (1,
15). Bu fikrning asosida ko‘rish sezgisi yotadi. Lekin bu sezgi fikran eksperiment tufayli aytilgan sezgi.
Keyinchalik bu fikran sezgi sof sezgiga aylandi: Kolumb (XV asr) va Magellan (XVI asr) al-Farg‘oniy
tusmol bilan aytganlarini amalda o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar.
Fikran umumlashtirish: «Shimol va janubdagi bir-biridan uzoqlikda joylashgan vaziyatlar orasida
ham xuddi yuqoridagi kabi hodisa mavjud. Agar Yerda janubdan shimolga qarab yurilsa, kishiga unga
shimol tomonda botuvchi bo‘lgan ba’zi yoritgichlar chiquvchi bo‘lib ko‘rinadi va botmaydigan bo‘lib
qoladi. Xuddi shu singari janub tomonda unga ko‘rinadigan ba’zi yoritgichlar ko‘rinmaydigan bo‘lib
qoladi va doim bir xil tartibda botadi. Biz bayon etganlarning hammasi Yerning shar shaklida va yer
sirtining dumaloq ekanini isbotlaydi»(1, 16).
Dostları ilə paylaş: |