BAROT BOYQOBILOV (1937) Talantli shoir Barot Boyqobilov Samarqand viloyati Urgut tumanida 1937 yili tug‘ildi. U avval
o‘rta maktabda, so‘ngra Alisher Navoiy nomli Samarqand Davlat dorilfununida ta’lim oldi. Bir
qator ro‘znoma va oynomalarda ishladi. Ko‘p yillar partiya rahbarlik organlarida ham faoliyat
ko‘rsatdi. U «Muloqot» oynomasining tashkilotchisi, birinchi bosh muharriri hamdir.
Barot Boyqobilov talabalik yillaridayoq she’rlar yoza boshladi. Uning hozirga qadar yigirmadan
ortiq she’riy to‘plamlari, jumladan, «Samarqand satrlari» (1962), «Visol» (1965), «Seni
izlayman» (1968), «Samarqand ushshog‘i» (1969), «Afrosiyob» (1970), «Sonetlar» (1971),
«Samar va Qand» (1973), «Sevgi xiyoboni» (1973), «Sharqiy kamalak» (1975), «Meni kuting,
yulduzlar» (1976), «Visol va hijron» (1977), «Taburruk zamin» (1982), «Sonetlar» (1982),
«Vatan tuprog‘i» (1983), «O’zbekistonda kim sokin yashaydi» (1990) kabi kitoblari nashr etildi.
Barot Boyqobilov o‘zbek she’riyatida sonet janrining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib
kelmoqda. Shoir o‘zi sevgan va tinimsiz mashq qilib kelayotgan sonet janrida juda ko‘p she’rlar
yaratgan va uning o‘zbek she’riyatidagi imkoniyatini ko‘rsatib berdi. 1971 yilda nashr etilgan
«Sonetlar» kitobi bu fikrning yaqqol dalilidir.
Shoirning sonetlari sodda uslubda yaratilgan bo‘lsa-da, ularda muhim mavzular yoritilgan.
Vatanga muhabbat, insonning ma’naviy dunyosi, burch, sevgi, vijdon — bularning barchasi
shoirni ilhomlantirgan manbalardir.
Barot Boyqobilov o‘nlab poemalar, shuningdek, «Kun va tun», «Shukuhli karvon», «Yulduzli
osmon», «Notinch Xuroson» kabi she’riy qissalarning ham muallifidir.
Barot Boyqobilov Sarvar Azimov ijodi haqida monografiya hamda «Ijodning yulduzli onlari»
essesini yaratgan.
U tarjima sohasida ham barakali ijod qilib jahon hamda rus klassiklarining nodir asarlarini,
zamondosh adiblarning mashhur asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girib kelmoqda.