MIRZO KENJABEK (1956)
Islohot, istiqlol kuychisi va fidoyisi Mirzo Kenjabek hozirgi davr o‘zbek poeziyasi rivojida o‘zining
munosib o‘rniga ega shoirlardan biri. U 1956 yilning 20 fevralida Surxondaryo viloyati Sariosiyo
tumanidagi «Mehnat» (eski «Ashurjilon») qishlog‘ida oddiy mehnatkash oilasida tug’ilgan.
1963—1973 yillar orasida maktabda o‘qib, uni muvaffaqiyatli yakunlaydi. So‘ngra, 1974—1979
yillarda u Toshkent Davlat dorilfununining jurnalistika fakultetida tahsil oladi.
Mirzo Kenjabek o‘zi haqida yozib: «Shoirlik tug‘ilmasimdan boshlangan bo‘lsa kerak»,— deydi.
Chindan ham undagi she’riyatga havas, ixlos, intilish ancha erta boshlangan bo‘lib, birinchi
she’riy to‘plami yigirma olti yoshida, ya’ni 1982 yilda «Adashgan maktublar» nomi bilan nashr
etildi («Maktublarim»). Ketma-ket esa uning o‘nga yaqin she’riy to‘plamlari, publitsistik
maqolalardan tarkib topgan kitoblari chop etildi. Adibning «Quyoshga qaragan uy» (1983),
«Munshaot» (1986), «Sharq tili» (1988), «Bahorim yellari» (1991) hamda «Muhabbatning yo‘li
xatarli», «Hasrat kitobi» kabi she’riy va publitsistik majmualari kitobxonlar tomonidan qizg‘in
qarshi olingan. U o‘zining «O’zbekiston» nomli she’rida:
Yerning har burchagida odamlar goho
Menga o‘z tilimda so‘ylar, gumon yo‘q.
O’zbek ko‘p butun Yer yuzida, ammo
Olamda boshqa hech O’zbekiston yo‘q!
— deydi. O’zbekiston haqida Mirzo Kenjabek o‘zgacha, o‘ziga xos avj pardalarda kuylaydi. U
iste’dodli tarjimon sifatida A. S. Pushkinning mashhur «Yevgeniy Onegin» she’riy romanini
o‘zbek tiliga ag‘dargan. Xullas, Mirzo Kenjabek timsoli va ijodi misolida milliy mustaqillik uchun
kurashayotgan fidoiy yoshlarning qiyofasi gavdalanadi.
Dostları ilə paylaş: