www.ziyouz.com kutubxonasi
54
rozi bo‘ldi. Lobonning ikki qizi bo‘lib, kattasi Layyo, kichigi esa Rohiyl edi. Layyo Rohiyldek go‘zal bo‘lmasada,
odob va axloqda undan qolishmas edi. O’sha zamonning shariatida opadan avval singilni nikohlash mumkin
emas edi, ammo bir erkak opa-singilni o‘z nikohiga olishi joiz edi. Shuning uchun Ya’qub yetti yillik shartni
bajarib qaytganlarida Lobon unga katta qizi Layyoni nikohlab berdi va agar xohlasa, yana yetti yillik xizmatdan
so‘ng kichik qizi Rohiylni ham nikohiga olishi mumkin ekanligini ta’kidladi. Ya’qub o‘n to‘rt yillik xolis xizmatdan
so‘ng Lobon ibn Batuiylning ikki qizi Layyo va Rohiylni o‘z nikohlariga oldilar. Lobon ikki qiziga ikki cho‘rini
xizmatga bergan edi. Layyo ham, Rohiyl ham erlari Ya’qubni qattiq yaxshi ko‘rganlari uchun o‘z cho‘rilarini
Ya’qubga hadya qilishdi.
Ya’qub to‘rt xotindan o‘n ikki farzand ko‘rdilar:
Layyodan Robbin, Sham’un, Lovo, Yahuzo, Yasokir va Zabulun.
Rohiyldan Yusuf va Binyomin.
Balhadan Vaddon va Naftoliy.
Zalfadan Jod va Ashur ismli o‘g‘illar tug‘ildi.
Bularning hammasi Faddonoromda, yolg‘iz Binyomin Kan’onda tug‘ildilar. Bu o‘n ikki o‘g‘il avlodlari «asbot»
deb ataladi.
Ya’qub (a.s.) yigirma yildan so‘ng qaynotalari Lobondan ijozat olib, Faddonoromdan to‘rt xotin, o‘n bir
farzand, behisob boyligu ko‘plab qarindoshlarga ega bo‘lib qaytdilar. Falastinga yaqinlashganda Ya’qub (a.s.)
akalari Iysuning to‘rt yuz kishi bilan kutib olishga chiqqanligini eshitib, dillariga qo‘rquv tushdi va mollaridan
katta miqdorda hadya ajratib, o‘zlaridan oldinroq akalariga yubordilar. Iysu ukasi Ya’qubdan kelgan hadyalarni
ko‘rib, qalbi biroz yumshadi va butun yerlarini Ya’qub (a.s.)ga tashlab, o‘zi odamlari bilan Sa’iyr tog‘lariga
chiqib ketdi. Ya’qub (a.s.) otalari Ishoq (a.s.)ning huzurlariga keldilar va Hibrun shaharida otalari Ishoq (a.s.) bilan birga
yashay boshladilar.
Ishoq (a.s.) bir yuz sakson yil umr ko‘rib, Hibrunda olamdan o‘tdilar va otalari Ibrohim hamda onalari Sora dafn etilgan
yerga dafn etildilar. (Afif Abdulfattoh Tabbora, Ma’al-anbiyo fil-Qur’anil Karim. Lubnon.156-bet.) Ba’zi rivoyatlarda, Ishoq (a.s.) bir yuz oltmish yil umr ko‘rganlari aytiladi.( Tarixi Tabariy, 1-j. 231-bet.) Ya’qub (a.s.)ning laqablari Isroil edi. Shuning uchun Ya’qubning o‘g‘illari va avlodlariga «Bani Isroil» deb
nom berildi. Ularni «Asbot» ham deyiladi. Ya’qub (a.s.)ning bir o‘g‘il avlodi «sibt» bo‘lib, arablarning bir
qabilasiga o‘xshashdir. O’n ikki sibtning faqat uchtasidan:
Lovo sibtidan Muso, Horun, Ilyos va Alyasa’.
Yahuzo sibtidan Dovud, Sulaymon, Zakariyyo, Yahyo va Iyso.
Binyomin sibtidan Yunus payg‘ambarlar chiqqanlar.
Ishoq (a.s.)ning vafotlaridan keyin uning o‘rniga Ya’qub (a.s.) payg‘ambar bo‘ldilar. Uzun bo‘yli, bug‘doy
rangli, vujudi zaif, tabiatan halim, shu bilan birga o‘tkir farosatli bo‘lgan Ya’qub (a.s.) o‘n ikki o‘g‘il orasidan
Yusufning buyuk inson bo‘lishini sezar, shu sababli ham uni alohida yaxshi ko‘rar edilar.