dedi: "Men osmonlar va Yer sirlarini, sizlar oshkor qilayotgan va yashirib yurgan narsalaringizni bilurman, demaganmidim?!" 34. Eslang, (ey, Muhammad,) Biz farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar!" - deb buyurishimiz bilan ular sajda qildilar. Faqat Iblis bosh tortib, kibr qildi va kofirlardan bo'ldi. Izoh: Bu oyatni "kofirlardan edi" deb tarjima qilish ham mumkin. Unda "Iblis - Allohning bilishicha - oldindan qalbida kufrni yashirib yurar edi",- degan ma'no chiqadi. 35. Biz yana aytdik: "Ey, Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (ne'matlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan bo'lib qolursiz". Izoh: Ta'qiqlangan daraxt-uzum yo anjir yoki olmo yoxud bug'doy ekani haqida rivoyatlar bor. 36. Bas, shayton ikkisini (vasvasa bilan) undan toydirib, turgan joylaridan (jannatdan) chiqardi. Biz (ularga) aytdik: "Bir-biringizga (kelajak zurriyotingiz bilan o'zaro) dushman bo'lib, (Yerga) tushingiz! Ma'lum vaqtgacha (ajal yetguncha) sizlar uchun Yerda barqarorlik va (undan) foydalanish (bordir). 37. Bas, Odam Rabbidan (tavbaga doir) kalimalarni qabul qilganidan so'ng (Alloh) uning tavbasini ijobat etdi. Albatta, U tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdir. 38. "U yerdan (jannatdan) hammangiz tushingiz", - dedik. Bas, sizlarga Mendan hidoyat kelganda, hidoyatimga ergashganlarga xavf yo'qdir va ular tashvish ham chekmaydilar. Izoh: Bu yerda ikkita so'zni izoh qilish lozim. Biri - "hammangiz". Odam bilan Havo ikki kishi bo'lsa, nega ularga ko'plik shakli ishlatildi, deyilsa, javobiga tafsirlarda u ikkisidan keyinchalik paydo bo'ladigan avlodu zurriyotlari nazarda tutilganligi aytiladi. Ikkinchisi - "jannatdan chiqingiz!" deyilmasdan, "tushingiz!" deyilishidan jannatning yuqorida ekanligiga ishorat etilgan. Do'zax pastda bo'lgani uchun unga "kirish" so'zidan ko'ra, "tushish" lafzi ko'p ishlatilishi ham shu e'tibor bilandir.