114. Qasamki, Biz Muso va Horunga (payg'ambarlik) in'om etdik. 115. Biz ikkisiga va ularning qavmiga ulug' g'amdan najot berdik. 116. Ularga madad berdik, bas, ular (Fir'avn ustidan) g'olib bo'ldilar. 117. Biz ularga aniq Kitob (Tavrot) ato etdik. 118. Hamda ularni To'g'ri yo'lga hidoyat qildik. 119. Keyingi (avlod)lar orasida u ikkisi haqida (yaxshi gaplarni) qoldirdik. 120. Muso va Horunga salom! 121. Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz! 122. Darhaqiqat, ikkisi ham Bizning mo'min bandalarimizdandir. 123. Ilyos ham, albatta, payg'ambarlardandir! 124. Qaysiki, u o'z qavmiga degan edi: "(Allohdan) qo'rqmaysizlarmi?! 125. Sizlar yaratuvchilarning yaxshisini qo'yib, Ba'l (nomli but)ga sig'inyapsizlarmi? 126. Sizlarning Rabbingiz va avvalgi otabobolaringizning ham Rabbini qo'yib-a?!" 127. Bas, (Ilyosni) yolg'onchiga chiqardilar. Bas, albatta, ular (do'zaxga) hozir qilinuvchidirlar, 128. illo, Allohning ixlosli bandalarigina (hozir bo'lmaslar). 129. Biz keyingi (avlod)lar orasida u (Ilyos) haqida (go'zal maqtovlar) qoldirdik. 130. Ilyosga salom! 131. Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz! 132. Darhaqiqat, u Bizning mo'min bandalarimizdandir. 133. Lut ham, albatta, payg'ambarlardandir! 134. Qaysiki, Biz unga va uning barcha ahliga najot bergan edik. 135. Faqat (azobda) qoluvchilardan bo'lmish bir kampirga (Lutning xotiniga najot bermadik).